ZMAY
ZMAY (Zmai; asl ism sharifi Yovanovich, Jobanobuch) Yovan (1833.24.11, Novisad, 1904.3.6, Kamenisa, Voevodina) — serb shoiri. Ijodida milliy vatanparvarlik mavzui asosiy o’rinni egallaydi («Vila», 1858; «Uch Gayduk», 1866; «Baxtsiz ona», 1871 va boshqalar). Zmay hajviy she’rlar ustasi («Yog’och qasidasi», 1878; «Serbiyadagi yangi saylovlar», 1884 va boshqalar). Serb she’riyatida birinchilardan bo’lib serb dehqonlari va shahar qashshoqlarining nochor hayotini tasvirlagan («Uchinchi ulush», 1880; «Sudxo’r», 1881 va boshqalar). Zmayning «Atirgullar» (1864), «So’lg’in atirgullar» (1882) to’plamlariga kirgan she’rlari serb romantik she’riyatining eng yaxshi namunalari sanaladi. Zmayning ayrim she’rlari Xurshid Davron tomonidan o’zbek tiliga tarjima qilingan (1989).