ZOKIROVLAR
ZOKIROVLAR — 20-asr O’zbekiston musiqa san’atiga ulkan hissa qo’shgan o’zbek san’atkorlari oilasi. Sulola boshlig’i opera xonandasi (lirik-dramatik bariton), O’zbekiston xalq artisti (1939) Karim Zokirov (1912.12.3 -Toshkent — 1977.19.2). Moskvadagi O’zbek opera studiyasida ta’lim olgan (1934-36). Ijodiy faoliyatini 1928 yil dramatik aktyor sifatida boshlab, dastlabki rollarini O’zbek davlat drama teatri (1928— 29), ishchi-yoshlar teatri (1930-31) da o’ynagan. 1931-34 va 1936-39 yillarda O’zbek davlat musiqali teatri, 1939-77 yillar Navoiy nomidagi opera va balet teatrining yetakchi yakkaxon xonandasi. Musiqali dramalarda Farhod (Xurshid; V. Uspenskiy, «Farhod va Shirin»), Ne’mat (F. Zafariy; T. Jalilov, «Halima»), Majnun (Xurshid; T. Sodiqov, «Layli va Majnun») kabi; operalarda Ulug’bek (A. Kozlovskiy, «Ulug’bek»), Torobiy (O. Chishko, «Mahmud Torobiy»), Tohir (T. Jalilov, B. Brovsin, «Tohir va Zuxra»), Ibrohim (R. Gliyer, T. Sodiqov, «Gulsara»), Shoh Bahrom (M. Ashrafiy, «Dilorom») singari obrazlar yaratgan. «Maysaraning ishi» (S. Yudakov) operasidagi Mullado’st obrazi K. Zokirovlar talqinida o’ziga xos badiiy ifodasini topgan. K. Zokirovlar chet el mumtoz asarlari asosidagi (Eskamilo, J. Bize, «Karmen; Eleskiy, P. Chaykovskiy, «Motka qarg’asi» va boshqalar) va Qozog’iston, Ozarbayjon kompozitorlari (Yer Targ’in, E. Brusilovskiy, «Yer Targ’in»; Hasanxon, U. Hojibekov, «Ko’r o’g’li»; Kajar, A. Spendiarov, «Almast» kabi) operalaridagi rollarni ham mahorat bilan ijro etgan. K. Zokirovlarning kuylash uslubi ochiq tovushi, o’zbek milliy, shuningdek, zamonaviy ijrochilik an’analari bilan uzviy bog’liq. Xalq ashulalari, o’zbek bastakorlari asarlari va ayrim maqom parchalari — «Istarman», «Ey nigorim», «Chorgoh I, II, III», «Navbahor», «Ko’chabog’i I — II», «Girya», «Karimqulbegi I—II», «Dugoh» va boshqalar. K. Zokirovlar ijrosida yuksak badiiy ifodasini topgan. K. Zokirovlarning rafiqasi Shohista Saidova (1917 — Toshkent — 2000.7.2) — aktrisa, xonanda. Muqimiy nomidagi teatrda ishlagan (1952-62). Eng yaxshi rollari: Mohimbonu («Tohir va Zuhra»), Gulruh («Ravshan va Zulxumor»), Bekachi («Alpomish»), Amma («Xolisxon», «Nurxon»), Rohatoy («Oftobxon») va boshqalar. U, shuningdek, mohir lapar ijrochisi ham bo’lgan. O’g’li Botir Zokirov (1936. 26.4, Moskva — 1985.23.1, Toshkent) — xonanda (lirik-dramatik tenor), aktyor, rassom. O’zbekiston xalq artisti (1965). O’zbek zamonaviy professional Estrada qo’shiqchi (ijrochi) ligining asoschisi. Toshkent davlat konservatoriyasining vokal fakulteti (1952— 57), Toshkent davlat teatr va rassomlik san’ati institutining rejissyorlik fakulteti (1958-62) da ta’lim olgan. «Yoshlik» ansambli (1957), O’zbek davlat estrada orkestri (1958-70) yak-kaxon xonandasi. Toshkent myuzikxollining tashkilotchisi, yakkaxoni va badiiy rahbari (1972-78). 1978 yildan «O’zbekkontsert» ning yakkaxon xonandasi. B. Zokirovlar o’ta ta’sirchan tembrli, shirador ovozga ega bo’lgan. Ijro etgan qo’shiqlarining aksariyatini tugal va teran lirik-dramatik asar darajasiga ko’tara olgan. Repertuaridagi qator qo’shiqlar kompozitorlar tomonidan B. Zokirovlar hamkorligida, uning ovoziga mo’ljallab yaratilgan. Ijodida o’zbek kompozitorlarining romans va qo’shiqlari muhim o’rin tutadi: M. Burhonov — «Maftun bo’ldim», «Namedonam, chi nom dorad»; I. Akbarov — «Yor kel», «Ra’no», «Gazli», «Seni eslayman»; Sayfi Jalil — «Majnun monologi», «Kechalar yulduz sanab» va boshqalar. Shuningdek, Estrada uslubida qayta ishlangan hind («Nechun xayolga cho’mding?», «Dil orzusi», «Meychale»), Eron («Maro bebus», «Ayriliq qo’shig’i»), Misr («Arabcha Tango», «Uyqum o’g’risi»), Suriya («O’tmishimga yig’layman»), Livan («Go’zal qiz»), Meksikan («Alvido muhabbat»), Italyan («Yashasin muhabbat») qo’shiqlarini, chet el mualliflaridan E. Masias, J. Brel (Frantsiya), Choudhuri, R. Shankar (Hindiston), Fatxulla Sulaymon (Suriya), Farid al-Atrash (Misr), aka-uka Rahboniylar (Livan), D. Ristich (Yugoslaviya) asarlarini original (har birini o’z tilida) ijro etgan. B. Zokirovlarning rassom sifatida yaratgan «Avtoportret», «Saraton», «Gumbazlar», «Bolalik ko’chasi», «Chor minor» kabi asarlari ma’lum. Bir qancha hikoya, ocherk va she’rlar, shuningdek, «So’g’d elining qoploni» operasi (Ik. Akbarov) ning librettosini yozgan. «Kichik Shahzoda» (A. de Sent-Ekzyuperi), «Soya» (E. Shvars) asarlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan. Kinoaktyor sifatida yosh muhandis («Gullar ochilganda»), Rabindranat Tagor («Olovli yo’llar»), Abdullo («Dahoning yoshligi») kabi obrazlar yaratgan. «O’zbektelefilm» studiyasi B. Zokirovlarga bag’ishlangan «Menga qo’shiq chizib ber» va «Aytilmay qolgan qushiq» hujjatli filmlarni, o’g’li Bahodir Zokirov «O’sha, o’tgan kunlar» filmini suratga olgan. Toshkent ko’chalaridan biriga B. Zokirovlar nomi berilgan. Shuningdek, Jizzaxdagi san’at bilim yurti, Samarqanddagi yoshlar san’at markazi uning nomi bilan yuritiladi. 1994 yil B. Zokirovlar nomida estrada orkestri tashkil etildi (hozirgi «O’zbeknavo» qoshida). Frantsiya, Avstriya, Germaniya, Kuba, shuningdek, Afrika mamlakatlarida gastrolda bo’lgan. 1995 yil «Botir Zokirov jamg’armasi» tashkil etildi. 1989 yildan uning nomida zamonaviy Estrada qo’shiqchilari tanlovi o’tkaziladi. Qizi Luiza Zokirova (1938.7.1, Toshkent) — estrada xonandasi. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist (1965). Eng yaxshi qo’shiqlari: «Namanganning olmasi», «Qoralar-qopqoralar», «Ey, mehribonim», «Yovvoyi Tanavor». Shuningdek, hind, Arab, indonezcha qo’shiqlari bilan tanilgan. O’g’li Navfal Zokirov (1941.19.3 — Toshkent — 1976.9.11) — estrada xonandasi. Toshkent davlat konservatoriyasining opera sinfini tugatgan (1968). Butunittifoq estrada tanlovi laureati (1969). Eng yaxshi qo’shiqlari: «Ayt», «Ko’rmadim», «Maysaraning ishi»dan Hoji darg’a ariyasi. Shuningdek, Amerika va Yevropa mamlakatlari qo’shiqlarini ijro etgan. Ayniqsa, gastrol-kontsert faoliyati uning ijodida alohida o’rin tutadi. O’g’li Farrux Zokirov (1946.16.4, Toshkent) — estrada xonandasi, bastakor. O’zbekiston (1987), Qoraqalpog’iston (1993), Qozog’iston (1995), Qirg’iziston (1996), Tojikiston (2000) xalq artisti. Toshkent davlat konservatoriyasida ta’lim olgan (1966-69), Toshkent davlat madaniyat institutini tugatgan (1999). O’zbek davlat estradasining yakkaxon xonandasi (1969-71), 1971 yildan O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan davlat «Yalla» ansambli xonandasi, badiiy rahbari (1976 yildan), 2002 yildan O’zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vaziri o’rinbosari. F. Zokirovlar mayin va shirali ovoz sohibi, o’zbek milliy va zamonaviy estrada an’analariga tayanadi. «Yalla» ansambli repertuarini qayta ishlangan o’zbek xalq lapar, Yalla va boshqa qo’shiqlari («Yo’l bo’lsin», «Yallama yorim», «G’ayra-g’ayra», «Handalak», «Qilpillama», «Ganja Qorabog'» va boshqalar) bilan boyitgan, shuningdek, zamonaviy o’zbek estradasi milliy an’analarga asoslangan ommabop musiqa («Folkpop») uslubining yuzaga kelishiga muhim hissa qo’shgan. «Maysaraning ishi» (S. Yudakov) operasidan Mullado’st, Hidoyatxon, Hoji Darg’a ariyalarini estrada uslubida aytgan, shuningdek, ko’pgina filmlar («Temir xotin», «Vodillik kelin», «Orzular og’ushida», «Maysaraning ishi» va boshqalar) dagi qo’shiqlarning muallifi va ijrochisi. «Masxaraboz», «Tungi yulduz», «Sen bo’lmasang yonimda», «Boychechak», «Fazal», «Ruboiy», «Musiqiy choyxona», «Layli», «Majnuntol», «Lola», «Xayolimda bulding uzzu kun», «Uchquduq», «Shahrisabz», «O’zbekiston Vatanim» kabi qo’shiqlarning muallifi. Jahonning deyarli barcha mintaqalarida o’zbek estrada san’atini («Yalla» ansambli bilan) targ’ib etgan. O’zbekiston Respublikasi 1-chaqiriq Oliy Majlisining deputati. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1989). «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan (1996). O’g’li Jamshid Zokirov (1948.11.7, Toshkent) — O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist (1995). Toshkent davlat teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan (1971). 1971 yildan Hamza teatrining aktyori. Eng yaxshi rollari: Albert («Oqshomdan tushgacha»), Farhod («Kuzning birinchi kuni»), Xolmat («Boy ila xizmatchi»), Erkak («Taqdir eshigi»), Stepan («Mardikor»), Erkak («Aldagani xotin yaxshi») va boshqalar. Kinoda Ota («Orzular og’ushida»), Hakim («Kelinlar qo’zg’oloni»), Olimtoy («Temir xotin») kabi rollarni o’ynagan va videofilmlarda suratga tushgan: Dekan («Domla»), Milisioner («Tartib»), Sharif Nomozov («Shaytanat») va boshqalar. O’g’li Ravshan Zokirov (1951.19.3, Toshkent) — xonanda, rassom. Toshkent davlat madaniyat institutini tugatgan (1990). Uning repertuaridan «Layli» [shu qo’shig’i bilan «Asiya Dausi» (Qozog’iston) festivalida birinchi o’rinni olgan], «Barno», «Rubobim tori» kabi qo’shiqlar o’rin olgan. Lirik mavzuda rasm va portretlar chizgan. 1995 yildan «Botir Zokirov jamg’armasi»ning direktori. Kelini Gavhar Zokirova (1949.10.9, To’ytepa) — O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist (1988). Toshkent davlat teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan (1971). 1971 yildan Hamza teatri aktrisasi. Eng yaxshi rollari: Amaliya («Qaroqchilar»), Agafya («Uylanish»), Jamila, Gulbahor («Boy ila xizmatchi»), Dezdemona («Otello»), Ayol («Taqlir eshigi»), Gulnor («Qutlug’qon»), Bibixonim («Sohibqiron Temur»), Farishta («Shayton va farishta») va boshqalar. Kinoda Nigora («To’ylar muborak»), Guli («Yulduzingni ber osmon!»); videofilmlarda Vazira («Olmos kamar»), Hamshira («Abadiyat qonuni»), Gulira’no («Domla»), Nasiba («Shaytanat») kabi obrazlar yaratgan. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1989). Botir Zokirovning o’g’li Baxtiyor Zokirov (1962.9.8, Toshkent) — kinoaktyor. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist (1997). VGIKni tugatgan (1983). 1983 yildan kinoaktyor studiyasida ishlaydi. Eng yaxshi rollari: Ibn Sino («Dahoning yoshligi»), Hidoyatxon («Maysaraning ishi»), Husayn («Amir Temur»), Xirurg («Kasalxona»), Bo’riboy («Armon») va boshqalar. «Ilhom» teatr-studiyasida ham roller ijro etgan: Iokanan («Salomeya»), Demon («Toybe-Le va uning demoni»), Oxun («Oppoq, oppoq qora laylak») kabilar shular jumlasidan. To’xtasin G’afurbekov, Mohina Ashirova.