ZOMIN
ZOMIN — Zomin tumanidati shaharcha (1986). Zomin tumanining ma’muriy markazi. Viloyat markazi Jizzax shahridan 68 kilometr. Zominsuv soyidan suv ichadi. Yaqin temir yo’l stantsiyasi Dashtobod (20 kilometr). Aholisi 16,9 ming kishi (2000). Zomin tarixiy shahar bo’lib, qadimda Sarsanda, Susanda, sabza nomlari bilan ham yuritilgan. Uning asos solingan yili noma’lum. Lekin Arab geograf sayyoh olimlari Ibn Havkal, Muqaddasiylar (Yu-a.) ning ma’lumotlariga ko’ra, Zomin arablar kelmasdan oldin ham bo’lgan va Ustrushonada yirik shaharlardan hisoblangan. Shahar Zominsuvning har ikkala sohiliga joylashgan. 10-asrda Zomin yonida qadimgi arablar kelgunga qadar bo’lgan eski shaharning xarobalari saqlanganligi manbalarda qayd etilgan. Shahar yonida jome masjidi bo’lgan. Zominning Samarqand, Buxoro, Shosh (Toshkent) va Fargona vodiysi shaharlarini bog’lovchi katta karvon yo’lida joylashganligi uning ravnaqiga ijobiy ta’sir etgan. 15-17-asrlarda Zomin mustahkam qal’adan iborat viloyat markazi edi. 1868 yil rus podsho hukumati qo’shinlari tomonidan bosib olingunga qadar Buxoro amirligiga qarashli bo’lgan va vaqt o’tishi bilan avvalgi mavqeini yo’qotgan. Zominda avtokorxona, tuman qurilish boshqarmasi, mahalliy sanoat va milliy buyumlar ishlab chiqarish korxonalari, savdo va maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari, yo’l qurilish va ta’mirlash idorasi, madaniyat uyi, aloqa bo’limi, umumiy ta’lim maktablari, kutubxonalar, tuman Markaziy kasalxonasi, sanitariya epidemiologiya stansiyasi, dorixona bor. Zomin — Toshkent, Zomin — Jizzax, Zomin — Guliston yo’nalishlarida avtobus qatnovi yo’lga qo’yilgan.