ZOMIN XALQ BOG’I
ZOMIN XALQ BOG’I, Zomin milliy bog’i — Zomin tog’-o’rmon mintaqasida qishki sport turlari markazi, sog’lomlashtirish sport majmuasi tarzida 1976 yilda tashkil etilgan. 1978 yilda «O’zbekiston xalq bog’i» nomi berilgan. 1993 yildan hoz. nomda. Tarkibiga Zomin o’rmon xo’jaligining Zomin uchastkasi, o’rmon xo’jaligi institutining Ko’lsoy tayanch punkti, Zomin tog’-o’rmon davlat qo’riqxonasi kirgan. Umumiy maydoni 24,1 ming gektar (2002). Zomin xalq bog’i Zomin tumanida, asosan, Turkiston tog’i, qisman Molguzar tog’ining 1000-4030 metrgacha bo’lgan balandliklarida joylashgan. Uning geomorfologik landshafti har xil bo’lib, tabiiy sharoitlari tog’balandlik poyaslariga bog’liq. Hududining geologik tuzilishida eng yuqori tabaqani har xil paleozoy (slanes, ohak, qum-toshlar) yotqiziqlari tashkil qiladi. Paleogen va neogen yotqizqilari ham keng rivojlangan. Ayniqsa kengligi 500 metr va chuqurligi 450 metr teng bo’lgan Cho’rtanga jarligidagi sharshara, supa tekisligi turistik jihatdan katta e’tiborga ega. Bu bog’ hududida asosan Sangzor va Zominsuv daryosi havzalari joylashgan. Umuman bogning gidrografik tarmoqlari unchalik qalin emas. Xalq bog’ining umumiy iqlimi kontinental va qurg’oqchil. Bog’hududida Sangzor -1307 metr, Ko’lsoy — 2100 metr, Guralash — 2260 metr va Shahriston — 3200 metr meteorologik stansiyalari joylashgan. Tog’oldi yerlarida yillik yog’in miqdori 353 millimetr, baland tog’larda 348 millimetr, o’rta tog’larda esa 405 millimetrga teng, ularning 50-6 bahor fasliga to’g’ri keladi. Havoning yillik o’rtacha nisbiy namligi 30— 35% tashkil qiladi, o’rtacha yillik harorat ko’rsatkichi 21,7°-26,3° ga teng. Ko’lsoy, Shaxriston punktlarida iyun oyining o’rtacha harorati 21,9°-9,9° ga teng. Bog’da to’q kulrang, och jigarrang, archa o’rmonzor tuproqlari, yuqori tog’ yaylov, o’tloqi-botqoqi, o’tloqi tuproqlar turlari uchraydi. O’simliklar dunyosi dasht, archa o’rmonzorlari, tog’ kserofitlari va subalp poyaslaridan iborat. Archazorlar bog’ maydonining 55% tashkil qilib, 2000-3000 metr balandliklarda joylashgan. Bu yerda archaning Zarafshon (qora archa), sovur-archa va Turkiston archalari turlari tarqalgan. Bog’ mintaqalarida 400 yoshli va undan katta archalarni uchratish mumkin. Ayniqsa bog’ hududida dorivor o’simliklarning 30 dan ortiq turi, lolalarning ko’pligi, mevali butalarning keng tarqalishi e’tiborga sazovor. Umumiy o’simliklar turlari soni 100 dan ortiq. Bog’da daraxtlarning 8, butalarning 15 va o’t-o’lanlarning 220 dan ko’proq turlari uchraydi. Hayvonot dunyosi bog’ning landshaftiga qarab moslashgan, ammo ularning tarqalishida alohida chegara yo’q. Pastki tog’ landshaftlarida (400-2000 metr) tulki, quyon, cho’l bo’risi, bo’rsiq, Turkiston sassiq kuzani; o’rta tog’ landshaftlarida oq tirnoqli ayiq, yovvoyi to’ng’iz, tulki, quyon, bo’ri, baland tog’larda ayiq, to’ng’iz, o’rta Osiyo tog’ echkisi, Seversev qo’yi, oq suvsar, silovsin; uy sichqoni, o’rmon sichqoni, archazor sichqoni, Olmaxon; qushlardan — chug’urchuq, burgut, mayna, sava, ko’k qarg’a, zag’izg’on, sariq chumchuq, bulbul, chug’urchuq, burgut, ular, qirg’iy, ukki, sa’va, loyxo’rak, kabutar bor. Zominsuv va Sangzor irmoqlari bo’lgan soylarda marinka va shoh baliqlar ko’p; ilonlardan sariq ilon, suv iloni, chipor ilon, qalqontumshuq ilon, Turkiston agamasi va suv baqalari uchraydi. Abdushukur Xonazarov.