ZOT
ZOT (chorvachilikda) — kelib chiqishi (ajdodi) ma’lum, biologik va foydali xususiyatlari bir xil o’xshashlikda hamda avlodlariga o’z belgilarini to’liq o’tkaza oladigan, muayyan tabiiy-iqlim sharoitida yaratilgan hayvonlar guruhi. Zot faqat inson mehnati — izchil olib boriladigan naslchilik ishlari bilan yaratiladi va Zotning takomillashib borishida sun’iy tanlash, turli tabiiy-iqlim sharoitlari, chorva mahsulotlariga bo’lgan ehtiyojlar, ijtimoiy-iqtisodiy omillar muhim o’rinda turadi. Zotlar yaratilish uslubiga qarab ibtidoiy (dastlabki), ya’ni jaydari (mahalliy), oraliq (o’tkinchi) va madaniy (zavod) Zotlariga bo’linadi. Ibtidoiy Zotlar eng qadimgi hisoblanadi. Tarqalish hududining cheklanligi, tabiiy yashash sharoitiga yaxshi moslashganligi, jussasining kichikligi, Fiziologik kech etiluvchanligi, mahsuldorligining yuqori bo’lmasligi bu Zotlarga xos xususiyatdir. Oraliq Zotlar mahalliy va zavod (madaniy) Zotlar oralig’idagi hayvonlar guruhi bo’lib, ular o’zining foydali xo’jalik va muhim belgilarini muqim saqlab qola olmagan va jamiyatda tovar ayirboshlash davri rivojlanishi bilan mahsuldorlik ko’rsatkichlariga qo’yilgan yuqori talablarga javob bera olmagan. Zavod Zotlari intensiv usulda xo’jalik yuritish, hayvonlarni yaxshi asrab, parvarishlash natijasida vujudga keltirilgan, ularga mansub hayvonlar yirik, tez etiluvchan, sermahsul va muayyan maqsadlarda foydalaniladi (masalan, qoramolchilikda go’sht, sut yo’nalishidagi, yilqichilikda salt miniladigan, og’ir yuk tortadigan Zotlar). Hozirgi davrda jahonda qishloq xo’jalik hayvonlarining 3800 dan ortiq Zotlari, shu jumladan, qoramollarning 400 dan ortiq, qo’ylarning 250 ga, otlarning 150 ga yaqin, asalarining 400 dan ko’p va parrandalarning yuzlab Zotlari ma’lum. O’zbekistonning tabiiy iqlim sharoitida xalq selektsiyasi yo’li bilan qoramolning mahalliy zebusimon, qo’ylarning Qorako’l, jaydari, otlarning qorabayir, parranda va asalarining mahalliy Zotlari yaratilgan bo’lsa, selektsioner olimlar va chorvadorlarning ko’p yillik izlanishlari natijasida Sirdaryo viloyatida qoramolning Bushuev zoti, Namangan viloyatida echkining mayin jun beruvchi Zoti va tovuqlarning kulangi (urishqoq dakang) Zoti, ipak qurtining sermahsul Zotlari yaratildi. Qishloq xo’jalik hayvonlari nusxalarini Zot deb tasdiqlash uchun ma’lum bir yo’nalish bo’yicha shakllantirilgan hayvonlar guruhi son va sifat ko’rsatkichlari bo’yicha Zot andozasi hamda tasdiqlanayotgan hayvonlar selektsiya yutug’ining yangilikligi, farqlanish, o’xshashlik va barqarorlik mezonlariga mos kelishi kerak. Har bir Zot tarkibida sifat tomonidan o’zaro farqlanadigan turli guruhlari va xillari bo’ladi. Zot ichida o’zaro farqlanadigan guruhlarning bo’lishi Zotning biologik xususiyatlari, nasl va mahsuldorlik sifatlarini takomillashtirishda katta imkoniyat yaratadi. Zotning tarkibiy tuzilishini belgilovchi xususiyatlaridan biri, masalan, qoramolchilikda buqalar tizimi va sigirlar oilasidir. Ular geneologik tizimlarga, ya’ni qarindoshlik guruhlarga ajratiladi. Birgina Qorako’l Zot qo’ylarining ichida o’nlab xillari va yuzlab tizimlari mavjud. Mamlakatimiz chorvachiligida qoramollarning Bushuyev, qora-ola, qizil cho’l, shvis, Santa Gertruda, qozoqi oqbosh, Aberdin Angus Zotlari, qo’ylarning Qorako’l, hisori, jaydari, O’zbekiston go’sht va yarim dag’al jun beruvchi, otlarning mahalliy va qorabayir Zotlari, tuyalarning qozoqi, cho’chqalarning yirik oq cho’chqa Zot, parrandalarning o’nlab Zotlari va asalarining mahalliy, Karpat, italyan va boshqa Zotlari urchitilmoqda, olimlar tomonidan yangi Zot xillari va Zotlarni takomillashtirish borasida ilmiy ishlar olib borilmoqsa. Ad.: Amirov A. Q., Popova V. M., Avizov A. G. Abdurashitov A. A., Chorvachilik, T., 1980; Nosirov U. N., Qoramolchilik, T., 2001. Izatulla Eshmatov.