YUMRONQOZIQLAR

YUMRONQOZIQLAR — tiyinsimonlar oilasiga mansub kemiruvchilar urug’i. Tanasi 14-40 santimetr, dumi 4— 25 santimetr. Rangi oqish, qum rangda, qo’ng’ir kulrang va boshqalar tusda. Yevrosiyo va shimoliy Amerika pasttekisliklari, tog’li cho’llari, qisman cho’l, tundra va tog’larda (3500 metrgacha) tarqalgan. 20 dan ko’proq turi bor. Shundan sariq yumronqoziq Qozog’iston va O’rta Osiyo cho’llarida uchraydi. Hamma Yumronqoziqlar kunduzi faol hayot kechiradi. Qishda uyquga kiradi. Ko’pchiligi koloniya bo’lib yashaydi. O’simliklarning yer usti va osti qismlari bilan oziqlanadi; urug’larini yig’adi. Yiliga bir marta urchiydi, 5-8 bola tug’adi. Ko’pchilik Yumronqoziqlar donli o’simliklarning xavfli zararkunandasi va qator kasallik qo’zg’atuvchilarning tabiiy tashib yuruvchisidir. Yirik turlari terisi uchun ovlanadi.