Gambuziya

Gambuziya (Gambusia) — karpsimonlar turkumiga kiradigan mayda baliq. G. Shim. Amerikaning Sharqiy hududlari va qisman Jan. Amerika suv havzalarida yashaydi. Erkagining bo’yi 4 sm, urg’ochisiniki 7 sm gacha. G. suv hasharotlarining g’umbak va lichinkalari, mayda qisqichbaqasimonlar b-n oziqlanadi. Erkagining qorin suzgich qanoti o’zgarib, qo’shilish organiga aylangan. Tuxum urg’ochisining jinsiy yo’lida urug’lanadi va 25-28 kunda rivojlanib, mayda (7-8 mm) chavoq baliq shaklida tug’iladi. G. chavoklari bir oyda voyaga etadi va kam nobud bo’ladi, shu boisdan u juda tez ko’payadi. Bezgak chivinlarining suvda yashaydigan lichinka va g’umbaklarini yo’qotish maqsadida 1930-40 y.larda g. O’rta Osiyoda, jumladan O’zbekistonda iqlimlashtirilgan. G. bezgak chivinini yo’qotishda kata ahamiyatga ega. Biroq keyingi vaktlarda G. O’rta Osiyo suv havzalarida ko’payib ketganligi tufayli foydali baliqpar ozig’iga «sherik» bo’lib, baliqchilikka qisman ziyon etkazmoqda.