Gazako’t

Gazako’t (Gentiana L.) — gazako’tdoshlar (erbaxodoshlar) oilasiga mansub ko’p yillik o’simlik. O’zbekistonda 7 turi bor. O’zbekistonda keng tarqalgan turi (G. olivieri griseb.) past bo’yli (10— 30 sm), ko’p yillik o’t. Barglari tuksiz; gullari ko’kbinafsha, ko’k; poyaning yuqori qismida 1-3-6 tadan bo’lib, soyabonsimon to’pgullarda joylashgan. Mevasi cho’ziq ko’sakcha. Urug’lari mayda. May—iyunda urug’laydi. Adir va tog’larda chag’ir toshli quruq yon bag’irlarda o’sadi. Xalq tabobatida bezgak, me’da kasalliklariga davo qilish hamda og’iz chayish, qon ketishini to’xtatish va yaralarni davolashda qo’llaniladi.