Toshloq Tunguska

Toshloq Tunguska (yuqori qismida — Katanga), Podkamennaya Tunguska, Chulakan, O’rta Tunguska — Rossiya Federatsiyasi, Krasnoyarsk o’lkasi va Irkutsk viloyatidagi Daryo. Yeniseyning o’ng irmog’i. Uzunligi 1865 kilometr, havzasining maydoni 240 ming km2. Angara tog’ qoyasidan boshlanadi. Yuqori oqimida vodiysi keng, quyi oqimida tor, o’zanida bir qancha sayozlik va ostonalar uchraydi. Qor, yomg’ir va yer osti suvlaridan to’yinadi. Oktabr oxirida muzlab, may oyi o’rtalarida muzdan bo’shaydi. O’rtacha suv sarfi quyilish joyida 1750 m3/ sekund. Asosiy irmoqlari: o’ngda — Tetere, Chunya; chapda — Kamo, Velmo, 1146 kilometr masofada kema qatnaydi. Toshloq Tunguska bo’yida Vanavara, Baykit, Podkamennaya Tunguska aholi punktlari joylashgan.