YURAK

YURAK — odam va hayvonlarning qon aylanish sistemasidagi Markaziy a’zo, u doim bir xilda qisqarishi (sistola) tufayli qonni qon aylanish sistemasi bo’ylab haydab beradi va uni venalar orqali qaytib kelishini hamda arterial qon tomirlardagi harakatini ta’minlaydi. Yurakning qiyosiy morfologiyasi. Yurak qon tomirlari sistemasi to’la rivojlangan hayvonlarda bo’ladi. Tuban darajali hayvonlardan yomg’ir chuvalchangida Yurak vazifasini halqasimon tomirlar, daryo qisqichbaqasida yurak va yurak atrofidagi bo’shliq sinuslari bajaradi. Ko’pchilik mollyuskalar yuragi yaxshi rivojlangan, 2 bo’lmacha va qorinchadan iborat, u faol qisqarish xususiyatiga ega. Ularda Yurak tomon yo’nalgan venoz qon yurak sinuslariga, so’ngra uning jabrasiga yo’naladi. U yerdan kislorodga boyib yurak oddi sinusiga tushadi va yurakka o’tadi. Yurak qorinchasi qisqarishi natijasida qon hayvon tanasi bo’ylab tarqaladi. Xordalilardan lantsetniklarda yu. vazifasini qorin aortasi bajaradi. Suvda va quruqlikda yashovchilarda Yurak 3 kamerali — 2 bo’lmacha va qorinchadan; sudralib yuruvchilar, qushlar va sut emizuvchilar yuragi 4 kamerali — 2 bo’lmacha va 2 qorinchadan iborat. Odam yuragi 4 kamerali: 2 ta bo’lmacha va 2 ta qorinchadan iborat bo’lib, konus shaklida, asosi orqaga, yuqoriga va o’ng tomonga, uchi (cho’qqisi) pastga, oddinga va chap tomonga qaragan. Yurak oldingi pastki ko’ks oralig’i sohasida joylashib, ikki yon tomondan o’pka va plevra xaltalari oldingi to’sh suyagi va qovurg’a tog’ayiga tegib turadi. Yurak yuqoridan va orqadan qon tomirlar, pastdan diafragma pay markazi bilan mustahkamlanib turadi. Yurakning holati hamma odamlarda bir xil bo’lmay, u kishining yoshi, jinsi, gavdasining vaziyati va tuzilishiga ham bog’liq. Jumladan, yangi tug’ilgan bolalarda Yurak yumaloq shaklda bo’lib, diafragma gumbazi balandroq ko’ndalang va yuqoriroq joylashgan, ayrisimon bez uni to’sh suyagidan ancha orqa tomonga surib turadi. Keyinchalik 1-3 yoshda Yurak qo’ndalang vaziyatini o’zgartiradi va katta odamlarda ko’rilganidek, qiyshiq holatda joylashadi. Yurakning o’rtacha og’irligi erkaklarda 300 gramm, ayollarda bir oz kamroq (220— 250 gramm). Yurakning uzunligi o’rta yoshdagi odamlarda 13-15 santimetr, eng serbar qismi (ko’ndalangiga) 9-11 santimetr, oldingi sathi bilan orqa sathining uzunligi 6-7 santimetr. Yurak tashqi yuzasining o’tkir (o’ng) va o’tmas (chap) chekkalari uni orqa, old tomondagi yuzalarga ajratib turadi. Har bir odam yuragining kattaligi o’zining o’ng mushtidek keladi. O’rta yashar odamning yuragi bir minutda o’rta hisobda 70-75 marta, bir sutkada 100000 marta qisqara oladi. Bu esa 20 tonna yukni 1 metr balandlikka ko’tarish kuchiga teng. Yurakning ustki chegarasi III qovurg’a tog’ayining to’sh suyagiga yopishayotgan joyidan o’tkazilgan gorizontal chiziqqa go’g’ri keladi. Yurakning o’ng chegarasi to’sh suyagining o’ng chekkasidan (o’ng III va V qovurg’alar ro’parasida) 2-3 santimetr chetroqsa bo’ladi. Bir yoshgacha bo’lgan bolalarda Yurakning o’ng tomondagi chegarasi to’sh suyagining o’ng chekkasidan 1,0—1,5 santimetr chiqib turishi mumkin. Yurakning pastki chap chegarasi V qovurg’aning o’rta o’mrov chizig’idan 1,5 santimetr ichkariga yu. uchiga to’g’ri keladi. Yurak chegarasi va vaziyati odam ko’kragining shakliga ham bog’liq, ko’kragi keng odamlarda yu. pastroqda joylashadi. Shuning uchun bunday Konstitutsiyaga ega bo’ltan odamlarda Yurak gorizontal holatda turadi. Keng (uzunligi o’rtacha bo’lgan) ko’krak qafasida Yurak qiyshiqturadi. Ayollar yuragi bir oz kichik bo’lib, gorizontal joylashadi. Jismoniy mehnat va sport bilan shug’ullanadigan odamlarda Yurakning hajmi birmuncha katta bo’ladi. Yurak bo’lmachalari — venalar qonini qabul qiluvchi bo’shliqlar. O’ng bo’lmacha katta qon aylanish doirasidan venoz qon olib keluvchi yuqorigi va pastki kovak venalar; chap bo’lmachaga 4 ta o’pka venalari quyiladi. Ikkala bo’lmacha qorinchalar bilan bo’lmachaqorincha teshiklari orqali tutashadi. Qorinchalar qisqarganda teshiklar tavaqali (qopqoqlar) klapanlar bilan berkiladi. Qorinchalarning ichki yuzasida, bir-biri bilan kesishgan muskul tolalari va qorincha bo’shlig’iga chiqib turadigan so’rg’ichsimon muskullar bor. Bu musqullar uchidan chiqqan payli tolalar bo’lmachaqorincha klapanlari tavaqalarining qirralariga yopishgan. Ular klapanlar tavaqalarini bo’lmachaga qarab burilishiga (ko’tarilishiga) to’sqinlik qiladi. Yurakning ko’krak qafasida yurak xaltasi ichida joylashishi (yurak xaltasi kesib ko’rsatilgan). Aorta va o’pka arteriyasi asosida yarimoysimon klapanlar joylashgan. Klapanlar shu tomirlarning yo’nalish tomoniga ochiladigan 3 tavaqadan iborat. Yurak qisqarganda qon o’ng qorinchadan o’pka arteriyasiga, chap qorinchadan aortaga quyiladi. Yurakning o’ng qorinchasidan o’pka poyasi kichik qon aylanish, chap qorinchasidan aorta katta qon aylanish doirasi boshlanadi. Yurak o’z xaltasi — perikardga o’ralgan, devori 3 qavat: ichki endokard, o’rta miokard va tashqi elmkardryan iborat. Epikard va perikard o’rtasidagi tor bo’shliqsa bo’ladigan seroz suyuqlik Yurak ishlayotganda Yurak devorlarining ishqalanishini kamaytiradi. Yurakning muskul qavati — miokard bo’lmachalarida 2, qorinchalarida 3 qavat bo’lib, ixtiyorimizga bo’ysunmay qisqaruvchi maxsus ko’ndalang targ’il muskul tolalaridan tarkib topgan, bu xususiyat uni skelet muskullaridan ajratib turadi. Yurakning bo’lmacha va qorincha muskul tolalari 2 ta (o’ng bo’lmacha va qorincha, chap bo’lmacha va qorincha orasidagi teshikni o’rovchi) fibroz tola halqasidan boshlanadi. Lekin bo’lmacha muskullari, qorincha muskullari bir-biri bilan tutashmagan ayrim-ayrim fazada qisqaradi. Bo’lmacha muskullari ichdan bo’ylama, sirtdan ko’ndalang, qorinchalarda esa ichki, tashqi qavati bo’ylama, o’rtadagisi ko’ndalangiga joylashgan. Ichki va tashqi bo’ylama muskullar Yurak cho’qqisida tutashadi, ko’ndalang (o’rta) muskullar tutashmaydi. Qorinchalararo to’siq, asosan, muskul to’qimasi va uni qoplab turgan endokard varag’idan tuzilgan. Miokardda bir-biriga bog’liq alohida muskul tolalari bor, ular Yurakning o’tkazuvchi sistemasini tashkil etadi. O’ng bo’lmacha devori, yuqori kovak venaning ochilish joyida kovak vena (sinus) «kis Flyak» tuguni o’rnashgan. Uning bir qism tolalari 3 tavaqali klapan asosi sohasida boshqa bo’lmachaqorincha (Ashaftavar) tugunini hosil qiladi. Undan bo’lmachaqorincha (Gis) tutami boshlanadi. Bu tutam qorinchalararo to’siqda o’ziga tegishli qorinchalarga boruvchi chap va o’ng oyoqlarga ajraladi. Oyoqchalar endokard tagida alohida Purkine tolalari bilan tugallanadi. Aortaning boshlang’ich qismidan chiquvchi o’nt va chap toj arteriyalari Yurakni qon bilan ta’minlaydi. Yurakning yirik venalari, o’ng bo’lmachaga quyiladigan yurak sinusiga yig’iladi (o’ng bo’lmachaga mayda venalar ham quyiladi). Yurakni adashgan va simpatik nervlar innervasiya qiladi. Bundan tashqari. Yurak o’ziga xos impuls o’tkazuvchi yo’llarga ham ega. Yurak fiziologiyasi. Yurak faoliyati miokardning ritmik qisqarishiga asoslangan. Yurak qisqarishi sistola, bo’shashishi diastola deyiladi. Yurak avtomatik tarzda qisqaradi. Miokardning qisqarishini ta’minlaydigan impulslar yu.ning o’tkazuvchi sistemasida hosil bo’ladi. Kovak vena (sinus) tugunida normada minutiga 60-80 marta hosil bo’ladigan bu impulslar avval bo’lmacha miokardiga tarqalib, undan bo’lmachaqorincha tuguni hamda Gis tutami va oyoqchalari orqali qorinchalar miokardiga o’tadi va ular qisqarishiga sabab bo’ladi. Qorinchalarga o’tish vaqtida impulslarning tezligi pasayadi. Shu sababli qorinchalarnikiga nisbatan bo’lmachalar qisqarishi ilgariroq tugallanadi. Yurakning qisqarish va bo’shashish davri Yurak faoliyati tsiklini tashkil etadi. Bu tsikl bo’lmachalar sistolasi (0,1 sekund), qorinchalar qisqarishi (0,33—0,35 sekund) va umum (qorinchalar va bo’lmachalar bir yo’la bo’shashish fazasi) pauza (0,4 sekund) dan iborat. Bo’lmachalar qisqarganda ulardagi qon bosimi (o’ng bo’lmachada simob ustuni hisobida 1-2 millimetrdan 6-9 millimetrgacha, chap bo’lmachada 8-9 millimetrgacha) ko’tariladi. Natijada qon bo’lmachaqorincha teshigi orqali qorinchaga chiqadi. Bo’lmachalar qisqarganda qorinchalarga qonning faqat 30% i chiqib, 70% i umum pauza vaqtida bemalol oqib keladi. Qorinchalar sistolasi ham fazalarga bo’linadi. Qorinchalar bosimi oshganda bo’lmacha qorincha klapanlari yopiladi, lekin yarimoysimon klapanlari ochilmaydi. Bunda (izometrik qisqarish fazasi) qorinchalarning barcha muskul tolalari qisqarib, tarangligi tobora kuchayadi. Natijada qorinchalar bosimi aorta va o’pka poyasidagi bosimdan ham oshgach, yarimoysimon klapanlar ochiladi; qon qorinchalardan tomirlarga otilib chiqadi; qonni haydash fazasi shu tariqa boshlanadi. Odamda qonni tomir sistemasiga haydash Yurak chap bo’lmasi simob ustuni hisobida 65-75 millimetr, o’ng bo’lmasiniki 5-12 millimetrga yetganda sodir bo’ladi. 0,10— 0,12 sekund ichida yurak qorinchalari bosimi keskin [chap qorinchada simob ustuni hisobida 110-130 millimetr, o’ng qorinchada 25-35 millimetrga (qonni tez haydash fazasi)] ortishi kuzatiladi. Qorinchalar qisqarishi (0,10—0,15 sekund) qonni sekin haydash fazasi bilan tugallanadi. Keyin qorinchalar bo’shasha boshlaydi, ular bosimi tez pasayadi, yirik tomirlar bosimi ko’tarilib, yarimoysimon klapanlar yopiladi. Qorinchalardagi bosim 0 darajaga tushganda tavaqali klapanlar ochilib, qon bo’lmachalardan qorinchalarga tusha boshlaydi. Bu faza tez (0,08 sekund) va sekin (0,07 sekund) to’lish fazasiga bo’linadi. Qorinchalar diastolasi ularga qon to’lishi bosqichi bilan tugaydi. Yurak faoliyati tsikli fazalarining davomiyligi o’zgaruvchan, Yurak ritmi chastotasiga bog’liq. Shuning uchun Yurak faoliyati tsikli fazalarini tekshirish Yurak muskullari faoliyati holatini aniqlashning muhim usuli hisoblanadi. Yurakdan minut sayin haydalgan qon miqdori yu.ning minutlik hajmi (MH) hisoblanadi, ikkala qorinchadan chiqqan qon miqdori baravar. Odamning tinch holatida Yurakning minutlik hajmi o’rta hisobda 4,5—5 l, Yurakning bir qisqarishida haydalgan qon miqdori — sistolik hajmi o’rta hisobda 65-70 ml ga teng. Yu.ning qisqarish kuchi va chastotasi organizm to’qima va a’zolarining kislorod va oziq moddalarga bo’lgan ehtiyojiga mos holda o’zgarib turadi. Yurak qisqarishini ta’minlaydigan impulslar o’zida hosil bo’lsa ham faoliyatini nerv sistemasi boshqaradi. Adashgan nervlar Yurak qisqarish kuchini susaytirib, maromini sekinlashtiradi, simpatik nervlar, aksincha kuchaytiradi. Yurak muskullari o’zini o’zi boshqarish xususiyatiga ham ega: masalan, yurakka qancha qon ko’p kelsa, u shuncha ortiq kuch bilan qisqaradi. Yurak muskullarining qancha kuch bilan qisqarishi uning cho’zilishi, ya’ni muskul tolalarining dastlabki (qisqarishidan avvalgi) uzunligiga bog’liq. Muskul tolasi qancha tez cho’zilsa, shuncha kuchli qisqaradi. Bu yurak qonuni deb ataladi. Yurak kasalliklari haqida Yuraktomir sistemasi kasalliklari va boshqalarga q. Ad.: Hamidov J.H., Oqilov A.T., Saidov T.M., Umumiybiologiyadan amaliy mashg’ulotlar, T., 1970; Kovanov V.V., Topograficheskaya anatomiya grudi, M., 1978; Ahmedov N.K., Atlas. Odam anatomiyasi [2j.li], 2j., 2005.