YURAK GLIKOZIDLARI

YURAK GLIKOZIDLARI — o’simliklardan olinadigan tabiiy glikozidlar. Tarkibida Yurak glikozidlari bor o’simliklar qadimiydan ma’lum, ular xalq va ilmiy tabobatda qo’llanib kelingan. Yurak glikozidlaridan yurak xastaliklari va boshqalar kasalliklarni davolashda foydalanilgan. Qadimgi misrliklar dengiz piyozini, rimliklar va yunonlar erizimumni yurak kasalliklarida va peshob haydovchi sifatida ishlatishgan. 11-asrda Angliyada angishvonagul xalq tabobatida dori vositasi sifatida ma’lum bo’lgan. Yurak glikozidlari tutuvchi o’simliklar butalar, lianalar, o’tlar shaklida uchraydi. Yurak glikozidlari saqlovchi o’simliklarning 45 ga yaqin turi aniqlangan, ularning 9 tasi O’zbekiston Respublikasi hududida o’sadi. Ular sigirquyruqdoshlar, kedirdoshlar, loladoshlar, ayiqtovondoshlar, shokoladdoshlar, jo’kadoshlar, tutdoshlar va boshqalar. Hozirgi angishvonagul barglaridan digoksin, tselanid, lantozid; strofant urug’idan strofantin K.; Adonis o’simligining yer ustki qismidan Adonis, adonisbrom; marvaridgul yer ustki qismidan korglikon, konvaflavin kabi dori vositalari olinib, ular zamonaviy tibbiyotda yurak xastaliklari (yurak poroklari va u tufayli qon aylanishining II va III darajali buzilishi, yurak astmasi, yurak shishi) ni davolashda, peshob haydovchi va boshqalar sifatida keng qo’llaniladi. Bir qancha Yurak glikozidlari tinchlantiruvchi xossaga ham ega.