Totim

Totim (Rhus) — pistadoshlar oilasiga mansub doim yashil o’simliklar turkumi. Bir yoki ikki uyli; daraxt, butalardan, ba’zan, daraxtsimon lianalardan iborat. Bo’yi 0,5—12 m (ba’zan 20 m gacha). Barglari ketma-ket joylashgan. Gullari mayda, to’pgullarga yig’ilgan. Mevasi kichik danakcha. 60 (ba’zi ma’lumotlarga ko’ra, 250) turi ma’lum. Iyuniyulda gullab, sent.okt.da meva tugadi. Asosan, Shim. Amerika, Sharqiy Osiyo, Afrika va Jan. Evropada tarqalgan. Oshlovchi T. Qrim, Kavkaz, Pomir, Olay va b. tog’larda o’sadi. Bargida 13-25% oshlovchi modda — tannid bor. T. bo’yoq va dorivor moddalarga boy. O’simlikning mum va lok beradigan, zaharli, manzarali va b. turlari bor. Barglari, ildizlari, po’stlog’i, yosh novdalari va mevalari bo’z, teri, jun va ipakni bo’yash uchun ishlatiladi. O’zbekistonda 1 yovvoyi va 3 ta madaniy turi bor.