YUSUPOV JO’RAXON

YUSUPOV JO’RAXON (1905 Shahrixon — 1994.30.5) — xonanda, sozanda (g’ijjak, skripka). O’zbekiston xalq hofizi (1940). Baland, keng diapazonli, shirali ovoz sohibi. Katta ashula yo’llarini va sozandalikni Madraim qori, Nurulla qori, Abdurahim qori, Karim oxunlardan o’zlashtirib, keyinchalik ular bilan hamnafaslik qilgan. Katta Farg’ona kanali, Farhod GRESi va boshqalar qurilishlarda, xalq sayili va bayramlarda madaniy xizmat qilgan. 2-jahon urushi qatnashchisi (1941-42). Yangiyo’l teatrida xonanda (1943-44). Shahrixonda katta ashula ijro mahorati maktabiga asos solib, Odiljon Yusupov, N. Saidnazarov, E. Yusupov, I.Oxunov va boshqalar hofizlarga ustozlik qilgan. Ijro uslubiga ravonlik, keng nafas, ta’sirchanlik xosdir (shu bois, Jo’rafason taxallusini olgan). Repertuaridan katta ashula («Ohkim», «Dog’man», «Bir kelsun», «Ey dilbari jonon», «Judo qilma» va boshqalar), mumtoz ashula va Farg’ona — Toshkent maqom yo’llari («Bayot», «Chorgoh», «Segoh», «Dugoh» va boshqalar) o’rin olgan. Ko’pgina xalq ijodiyoti festival va tanlovlarining sovrindori.