YUSUPOV USMON
YUSUPOV USMON (1900.1.3, Farg’ona tumanidagi Kaptarxona qishlog’i — 1966.7.5, Toshkent) — davlat va siyosat arbobi. Mehnat faoliyatini 1916 yil Qovunchi (hozirgi Yangiyo’l shahri) dagi paxta tozalash zavodida ishchilikdan boshlagan. Toshkent binokorlar uyushmasi raisi, kasaba uyushmalari Toshkent okrugi kengashi raisi (192628). O’zbekiston Kompartiyasi MK kotibi (1928— 31), VTSSPS O’rta Osiyo byurosi raisi (193134). O’zbekiston SSR oziq-ovqat sanoati xalq komissari (1936-37), O’zbekiston Kompartiyasi MK 1-kotibi (193750). SSSR paxtachilik ministri (1950-53), O’zbekiston SSR Ministrlar Soveti raisi (1953-54), Mirzacho’ldagi 4 «Boyovut» va 2 «Boyovut» sovxozlari va Yangiyo’l tumanidagi «Xalqobod» agrarsanoat birlashmasi direktori (1955-66). Yusupov respublikaga rahbar bo’lgan yillarda O’zbekistonda xalq hashari yo’li bilan yirik suv inshootlari (katta Farg’ona kanali, Kattaqo’rg’on suv ombori va boshqalar) qurilgan. 2-jahon urushi davrida mamlakat g’arbidan ko’chirib keltirilgan korxonalarni ishga tushirish, yangilarini qurish, frontni oziq-ovqat, kiyim-kechak bilan muntazam ta’minlash, o’zbekistonliklarni fashizmga qarshi kurashga safarbar qilish, urush tufayli uyjoy va boshpanasiz qolgan aholi hamda yetim qolgan bolalarga Mehribonlik va insonparvarlik qilishda Yusupov bosh-qosh bo’lgan. U o’z siyosiy faoliyati davrida imkoniyat doirasida O’zbekiston xalqi manfaatlarini himoya qilishga intilgan bo’lishiga qaramay ommaviy qatag’on siyosatida (1937-39) Markaz farmoyishlarini bajarishga majbur bo’lgan. Toshkentdagi Chig’atoy qabristoniga dafn etilgan. Katta Farg’ona kanali, Farg’ona tumanidagi qishloq, respublikadagi bir necha maktab, ko’cha, shirkat xo’jaligiga Yusupov nomi berilgan. Yangiyo’l shahrida uy-muzeyi bor, haykali mavjud. As: Izbrannie Trudi, t. 1-3, T., 1982-84. Ad. Reskov B., Sedov G., Usman Yusupov, T., 1977; O’zbekistonning yangi tarixi, 2-kitob (O’zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000.