YUQORI MANTIYA

YUQORI MANTIYA, yer yuqori mantiyasi — yer sharining qobiqlaridan biri; yer po’stining ostida yotuvchi yer mantiyasining yuqori qismi. Bo’ylama seysmik to’lqinlar tezligi sakrash yo’li bilan o’sib boradigan qatlam — Moxorovichich yuzasi ular oralig’idagi chegara hisoblanadi. Yuqori mantiyaning yotish chuqurligi 5-75 kilometrgacha, tagi 1000 kilometr chamasi chuqurlikda joylashgan. Taxmin qilinishicha, Yuqori mantiya o’ta asosli (peridotit) va asosli tog’ jinslaridan (eklogit) tarkib topgan. Yuqori mantiya (yuqoridan pastga) substrat, kam qattiqlik va yopishqoqlikka ega bo’lgan jinslar qatlami yoki astenosfera va seysmik to’lqinlar tarqalishi tezliginnig jadal o’sishi kuzatiladigan Golisin qatlamiga bo’linadi. Substrat yer po’sti bilan birgalikda litosferani tashkil qiladi. Yuqori mantiyaning tuzilishi har xil tektonik zonalar ostida turlicha; ular seysmik to’lqinlar tezligi, issiqlik oqimi, Yuqori mantiya ustki qatlamining zichligi va suyuq magma o’choqlarining mavjudligi ta’sirida paydo bo’ladi. Ko’pgina tektonik gipotezalarda yer po’sti Yuqori mantiya moddalarining erishi natijasida hosil bo’ladi deb hisoblanadi, unda tektonik, magmatik, metamorfik va boshqalar jarayonlarning anchagina qismi faqat yer po’stidagina emas, balki yer Yuqori mantiyada sodir bo’layotgan ma’lum darajadagi o’zgarishlarga ham bog’liqdegan fikrlar mavjud. Yuqori mantiya tuzilishining muhim xossalaridan biri — seysmik to’lqinlar tezligi pasaygan zonaning ko’payishidir. Yer po’stida sodir bo’ladigan tektonik, magmatik va metamorfik jarayonlarda, foydali qazilmalar hosil bo’lishida Yuqori mantiya muhim rol o’ynaydi.