YOZUV

YOZUV — muayyan bir tilda qabul etilgan va kishilar o’rtasidagi muloqatga xizmat qiladigan yozma belgilar yoki tasvirlar tizimi. Yozuv — kishilik jamiyati madaniy taraqqiyotining tom ma’nodagi ibtidosi, bashariyatning uzoq va murakkab tadrijiy takomili jarayonidagi omillarning eng asosiylaridan biri. Yozuv tildan ancha keyin paydo bo’lgan (tovush tili 400-500 ming yillar ilgari yuzaga kelgan, Yozuvning paydo bo’lganiga esa 4-5 ming yillar bo’lgan). Og’zaki til (nutq) ning zamon (vaqt) va makon (masofa) nuqtai nazaridan cheklanganligi va uni bartaraf etish zaruriyati Yozuvning paydo bo’lishiga olib kelgan. Og’zaki til talaffuz vaqtidagina va ayni paytda muayyan masofadagi (tovush to’lqinlari etib borishi mumkin bo’lgan) kishi uchungina mavjuddir. Boshqa sharoitlarda tilga ehtiyoj paydo bo’lishi bilan inson dahosi bu ehtiyojni qondira oluvchi vositalarni qidira boshlagan, natijada belgilar tizimidan iborat Yozuv dunyoga kelgan. Yozuvning paydo bo’lishi va taraqqiyoti jamiyat rivoji, shuningdek, muayyan masofadagi kishilarning o’zaro aloqa qilish ehtiyoji, siyosiy, huquqiy, diniy va estetik xarakterdagi axborotlarni qayd etish, saqlash zaruriyati bilan bevosita bog’liq. Xalqlarning davlat sifatida birlashuvi nutqiy aloqa doirasini kengaytiradi va murakkablashtiradi; ishlab chiqarish va savdo kengayadi; boshqa xalqlar va davlatlar bilan harbiy, siyosiy va boshqa shartnomalar tuziladi; qonunlar paydo bo’ladi va mustahkamlanadi; diniy qarashlar va mafkuraning boshqa turli ko’rinishlari shakllanadi; xalqlarning o’z tarixini bilishga bo’lgan ehtiyoj kuchayadi. Bularning barchasini faqat og’zaki nutq vositasida amalga oshirish mumkin emas. Bu sharoitda Yozuv zaruriyatga aylanadi. Yozuv og’zaki tilga nisbatan ikkilamchi, qo’shimcha aloqa vositasi bo’lsada, unga qaraganda ko’p afzalliklarga ega. Xususan, tilning asosiy vazifasi — kishilar o’rtasidagi aloqani ta’minlashdir. Tilning kommunikativ vazifasi Yozuvsiz amalga oshishi mumkin emas. Tilning estetik, gnoseologik (dunyoni bilish) kabi asosiy vazifalarini ham Yozuvsiz tasavvur qilish qiyin. Ayniqsa, tilning insoniyat qo’lga kiritgan tajriba bilimlarni saqlash va avlodlarga yetkazishdan iborat vazifasi bevosita Yozuv orqali bajariladi. Kishilik jamiyati yaratgan bilim va tajribalar, kashfiyotlar, so’z san’ati durdonalari va boshqa qimmatli axborotlarning barcha barchasi avlodlardan avlodlarga Yozuv orqali yetib boradi. Til jamiyat tarixi bilan qanchalik bog’liq bo’lsa, Yozuv ham shunchalik bog’liqdir. Dastlabki qarashlarda Yozuvning kelib chiqishini ilohiyotga bog’lash uchraydi. Bu aslida Yozuvning tengsiz imkoniyatlarini tasavvurga sig’dira olmaslik, Yozuv magiyasi («Yozuv sehrli qudratga ega» degan ishonch) oqibatida kelib chiqqan jo’n tasavvurlar mahsulidir. Yozuv kishilik jamiyatining zaruriy ehtiyoji asosida paydo bo’lib, rivojlanib borgan. Bugungi shaklini olgunga qadar uzoq va murakkab tadrijiy taraqqiyot yo’lini bosib o’tgan. Inson aqli Yozuvday mukammal aloqa vositasini kashf qilguncha uzoq izlangan. Eng qadimgi davrlarda dunyo xalqlarining deyarli barchasida keng tarqalgan «eslatuvchi» belgilar ana shu izlanishlarning ilk ko’rinishlari edi. Masalan, muayyan miqdorni ifodalash uchun turli toshlar, chig’anoqlardan foydalanilgan, tayoqlar, daraxtlarga har xil iplar bog’lash, tugunlar tugib qo’yish va boshqa vositalar bilan muayyan axborotni esda saqlash yoki muayyan masofaga yuborishga harakat qilingan. Yoki bir xabarni uzoq masofaga yetkazish uchun tutun, gulxan, baraban ovozi va shu kabilar qo’llangan. Xabarni uzoq vaqt saqlash uchun ramziy ma’no berilgan buyumlardan foydalanilgan: qo’rg’on — marhum ko’milgan joy belgisi; slavyan qabilalarida nontuz — do’stlik belgisi; trubka — tinchlik, sulh belgisi va boshqalar. «Buyumli yozuv» nomi bilan yuritiladigan bunday axborot vositalarining qoldiqlari hozirda ham ba’zan saqlangan. Masalan, biror fikrni sedan chiqarib qo’ymaslik uchun ro’molchaning uchini tugib qo’yish odatini yodga olish mumkin. Rasmli Yozuv (piktografiya) Yozuv yaratish yo’lidagi birinchi qadam bo’lgan. Rasm bilan Yozuv o’rtasida uzviy bog’liqlik mavjud, avvalo, har ikkalasi ham ko’rish orqali idrok qilinadi. Piktografik yozuvni ibtidoiy tasviriy san’at ichida yuzaga kelgan deyish mumkin. Arxeolog olimlarning bundan juda ko’p ming yilliklar ilgari insonlar tomonidan chizilgan turli rasmlarning mavjudligi haqidagi ma’lumotlari ma’lum. Toshlarga, suyaklarga, g’or devorlariga o’yib ishlangan xilma-xil hayvonlarning rasmlari, umumiy mazmunga birlashuvchi tasviriy lavhalar — bularning bari piktografik Yozuvning asoslaridir. Ana shu ibtidoiy tasviriy san’at ikki yo’nalishda — umuman rasmlar va muayyan axborot vositasi, ya’ni Yozuv sifatida shakllana borgan. Buni dunyo tillarining juda ko’pchiligidagi «yozmoq» ma’nosidagi so’zlarning etimologiyasiga e’tibor qilganda ham bilish mumkin. Bunday so’zlarning etimologiyasida asosiy mazmun rasm chizish jarayoni bilan bog’liq holda namoyon bo’ladi. Masalan, qadimgi turkiy tillarda «yozmok,» tushunchasi «bit(i)moq» fe’li («bitik» — yozuv, kitob) bilan ifodalangan. Bu fe’lning o’zagi xitoycha «bi» (mo’yqalam) so’zi bilan aloqador bo’lib, dastlabki ma’nosi «o’ymoq, o’yib bezamoq», undan keyin «yozmoq» demakdir. Slavyan tillardagi «pisati» (rus. «pisat» — «yozmoq») fe’lining ma’nosi ham dastlab mo’yqalamda rasm chizish bilan bog’liq bo’lgan (rus. «jivopis» — rang-tasvir so’zi bilan qiyoslang). Bu fe’lning o’zagi lotincha «pingere» (rasm solmoq) so’zi bilan aloqadordir, «pisati» fe’lining dastlabki ma’nosi, ko’rinadiki, «rasm solmoq», «bezamoq»dan iborat bo’lgan. Gotcha «melian» (yozmoq) fe’lining dastlabki ma’nosi ham mo’yqalamda «rasm solmoq» bo’lib, bu fe’l hozirgi nemis tilida «malen» shaklida va «rasm solmoq» ma’nosida qo’llanadi. Yunon tilidan ko’pgina tillarga o’tgan «grafika» so’zi ham etimologik jihatdan o’yish, tirnash tushunchalarini ifodalaydi. Bu misollar Yozuvning rasm bilan benihoya bog’liq ekanligini yaqqol ko’rsatadi, Yozuv jarayoni mexanikasini ham ochib beradi. Rasmlar yordamida muayyan fikr-axborotni ifodalash, yuborish mumkin ekanligini odamlar juda qadimgi davrlarda anglab yetganlar. Shuning uchun qam rasmli Yozuv (piktografiya) dunyodagi mavjud barcha Yozuvlarning kelib chiqishi uchun asos bo’lgan deyish mumkin. Piktografiyaning og’zaki til bilan bog’liq bo’lmaganligi uning turli til vakillari tomonidan ham tushunilaverishini ta’min etgan, ammo unda ifodalangan mazmunning turlicha, ixtiyoriy talqin etilishiga yo’l qo’ygan, abstrakt tushunchalarni bunday yo. orqali ifodalash deyarli mumkin bo’lmagan. Davlat tuzumi rivojlanib, turli yozishmalarga va bu yozishmalarning ayni bir xil talqin qilinishiga bo’lgan extiyoj kuchayib borgan sari piktografik Yozuvning ojiz tomonlari ko’proq ko’zga tashlana boshlagan. Bu hol piktografik Yozuvning taraqqiyotiga, ideografik va ieroglifik Yozuvning shakllanishiga olib kelgan. Rasmlarning soddalashuvi, ularning o’zlari ifoda etgan buyumlarning nomiga, ramziga aylanishi va astasekin bu ramzlarning og’zaki til bilan doimiy bog’lanishi Yozuvning takomillashib borishini belgilab beradi. Yozuv belgilari ideografik, ieroglifik belgilar sifatida muayyan so’zlarning ifodachilariga aylanadi, bu Yozuv «so’z yozuvi» yoki «logografik yozuv» nomi bilan umumlashtiriladi. Eng qadimgi logografik Yozuv tizimlari (Misr ieroglifikasi, Shumer mixxatlari, Xitoy ieroglifikasi va boshqalar) miloddan avvalgi 4-ming yillikning oxiridan miloddan avvalgi 2-ming yilliklarning boshlarigacha bo’lgan davrda shakllangan. Haqiqiy ma’nodagi Yozuv tizimlari dastlab qadimgi Sharqda vujudga kelgan. Yozuvning keyingi taraqqiyot bosqichi bo’g’in Yozuvi bo’lib, u miloddan avvalgi 2-ming yilliklarning o’rtalarida paydo bo’lgan. Tildagi suzlar soniga qaraganda bo’g’inlar soni ancha kam, shuning uchun ham bo’g’in Yozuvi logografik Yozuvga nisbatan sezilarli darajada oz belgilar tizimi bilan ish ko’radi. Masalan, devanagari (xind) Yozuv bo’g’in Yozuvidir. Harf-tovush Yozuvining shakllanishi butun Yozuv taraqqiyoti tarixida inqilob bo’lgan. Bu yo’nalishdagi ilk Yozuv finikiy yozuvidir. Finikiy alifbosining paydo bo’lishi insoniyat uchun Yozuvni takomillashtirish borasida olg’a qo’yilgan qadam bo’lgan. Birinchi marta sof tovush Yozuvi, sanoqli harflardan iborat mukammal alifboning yuzaga kelishi jamiyatdagi Yozuvni biladigan kishilar doirasini kengaytirib yuborgan. Shuning uchun ham finikiy yozuvi juda tezlik bilan boshqa xalqlar orasida xam tarqalgan. Bu jarayon miloddan avvalgi 9-asrdan boshlangan. Finikiyaliklar bilan iqtisodiy va madaniy aloqada bo’lgan qo’shni xalqlar mazkur Yozuv bilan tanishib, tez orada uni o’z tillariga moslashtirib olganlar. Hozirgi kunda bizga ma’lum bo’lgan harftovush tizimidagi Yozuvlarning 4/5 qismidan ko’prog’i finikiy yozuvidan kelib chiqqan. Nutqni eng kichik bo’laklarga — tovushlarga ajratib tasavvur qilish, idrok etish dastlabki paytlarda u qadar oson ish bo’lmaganligi sababli xarf-tovush Yozuvi yoki alifboli Yozuvning paydo bo’lishi jarayoni uzoq davom etdi. Bunda inson dastlab nutqni so’zlarga, keyin bo’g’inlarga, undan keyin esa tovushlarga ajratib tasavvur qila olishday behad murakkab va uzoq yo’lni bosib o’tgan. Tildagi tovushlarni alohida-alohida idrok qilish tovush Yozuvning ibtidosidir. Harf-tovush Yozuvning muhim afzalligi uning kam miqdordagi, ya’ni 20-30 atrofidagi belgilar bilangina ish ko’ra olishidir. Harf-tovush Yozuvi dunyo xalqlari orasida juda tez tarqalgan va bu jarayon, asosan, o’zlashtirish, u yoki bu tilning xususiyatini hisobga olgan holda moslashtirish yo’li bilan bo’lgan. O’rta Osiyodagi xalqlar, jumladan, o’zbek xalqi turli Yozuvlardan foydalanib kelgan. Bu Yozuvlar Avesto, paxlaviy, urxun-yenisey (runik), turkiy (uyg’ur), So’g’d, Arab, Kirill, lotin Yozuvlaridir. Yozuv bilan til o’zaro chambarchas bog’liq. Biror tilni shu tilning Yozuvini o’rganmasdan, yoki aksincha, biror Yozuvni shu Yozuv tegishli bo’lgan tilni bilmasdan o’rganish mumkin emas. Ammo Yozuv og’zaki til (nutq)ni aynan aks ettira olmaydi. Zotan, Yozuv shunday xususiyatga ega bo’lganda, imlo qoidalariga, talaffuz mezonlariga mutlaqo ehtiyoj qolmagan bo’lardi. Yuksak takomillashtirilgan alifbodagi bir harf muayyan bir tovushni ifodalashi, bir tovush muayyan bir harf bilan ifodalanishi lozim. Ammo dunyoda bunday alifbo yo’q. Ana shunday ma’nodagi alifboga fin alifbosi birmuncha yaqinlashadi, lekin baribir to’liq emas. Hozirgi ingliz, frantsuz va boshqa tillar alifbolari bunday mukammallikdan yiroq. Mana shu holat dunyo tillarining barchasida xilma-xil va juda ko’plab grafik va imlo qoidalarining ishlab chiqilishiga sabab bo’lgan. Yozuv bilan til o’rtasida, alifbo va tilning tovush tizimi o’rtasida bunday farkli holatlarni yuzaga keltirgan sabablar xilma-xil. Avvalo, dunyodagi hozirda mavjud alifbolarning deyarli hammasi ham mustaqil va tegishli til xususiyatlarini to’liq hisobga olgan holda yaratilgan emas. Ko’pchilik xalklar o’z Yozuvlarini boshqa til Yozuvini o’z tillariga imkoniyat darajasida moslashtirish yo’li bilan yaratganlar. Bu hol Yozuv va til munosabatlarida o’z izini qoldirgan. Ayni paytda Yozuv va tilning taraqqiyoti bir xil, bir-biri bilan to’la mos keladigan jarayon emas. Tilning taraqqiyoti tarixiy va uzluksiz jarayon, odamlar tilga ataylab, ongli ravishda biron-bir o’zgartirish kirita olmaydilar. Tildagi u yoki bu o’zgarish tadrijiy ravishda, asta-sekin yuz beradi. Yozuv haqida esa bunday deb bo’lmaydi. Odamlar til xususiyatlariga yanada moslashtirish uchun Yozuvga turli o’zgartishlar kiritadilar, islohotlar qiladilar, bir Yozuv tizimini boshqasi bilan almashtiradilar va hokazolar. Masalan, o’zbek xalqi asrlar davomida Arab alifbosidan foydalanib kelgan, 1923-26 yillarda bu Yozuvni o’zbek tili tovush qurilishini to’laroq ifodalashga moslashtirish maqsadida bir qator harfiy o’zgartirishlar kiritilgan. O’zbekistonda 1929 yildan lotin Yozuvi asosidagi o’zbek alifbosiga o’tilgan, 1940 yildan esa Kirill Yozuvi joriy etilgan. O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi 1993 yil 2 sentabrda «Lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosini joriy etish to’g’risida»gi qonunni qabul qildi. Bu qonunga va uni amalga kiritish tartibi xaqidagi O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaroriga O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 1995 yil 6 mayda o’zgarishlar kiritadigan qonun qabul qildi. Bu hujjatga ko’ra lotin Yozuviga asoslangan yangi o’zbek alifbosi 26 ta harf va 3 ta harflar qo’shilmasidan iborat. Yangi alifboga to’la o’tish 1996 yildan boshlanib, 2005 yilda tugallanishi belgilangan. Yozuv taraqqiyoti tilning tabiiy taraqqiyotidan ancha orqada yurganligi uchun muayyan so’z yoki so’z shaklining yozilishi bilan talaffuzi aynan mos kelavermaydi. Bu tabiiy va qonuniy hol bo’lib, Yozuv va og’zaki nutq o’rtasidagi bunday nomuvofiqliklarni imlo qoidalari tartibga solib turadi. Dunyodagi alifbolarning hammasida ham harflar soni tegishli tildagi tovushlar (fonemalar) sonidan sezilarli darajada kam. Tabiiyki, bu hol Yozuvni o’zlashtirishni osonlashtiradi. Shuning uchun ham alifbolardagi asosiy tamoyil undagi harflar sonini ko’paytirish emas. Alifbo Yozuvning asosini tashkil etadi. Tinish belgilari va boshqa yozma belgilar ham Yozuvning unsurlari hisoblanadi. Ad.: Fridrix I., Istoriya Pisma, M., 1979; Gelb I. E., Opit izucheniya Pisma. Osnovi grammatologii, M., 1982; Istrin V. A., Vozniknovenie i razvitie Pisma, M., 1965; Maxmudov N., Yozuv tarixidan qisqacha lug’atma’lumotnoma, T., 1990. Nizomiddin Mahmudov.