YOG’OCHSOZLIK SANOATI

YOG’OCHSOZLIK SANOATI o’rmon sanoatining yog’ochga mexanik va kimyoviymexanik ishlov berish, qayta ishlash hamda xom ashyo sifatida o’z ehtiyojlari uchun turli yog’ochlardan foydalanadigan tarmog’i. Yog’ochsozlik sanoati mahsulotlariga arralangan yog’och, shpal, faner, yog’och to’sinlar, qurilishda ishlatiladigan yog’och detallar, mebel, yog’och qipiklaridan va tolalaridan plitalar, parket, eshik, rom, avtomobilsozlik, samolyotsozlik, kemasozlik, vagon qurilishi, qishloq xo’jalik mashinalari uchun xomaki va tayyor detallar, qishloq xo’jalik mahsulotlari uchun qutilar, to’qimachilik sanoatiga g’altaklar, turli moslamalar, poyabzal qoliplar, asbobuskunalar va ularga g’iloflar, chang’i va boshqa sport anjomlari, gugurt va boshqalar kiradi. O’zbekistonda yog’ochsozlik, yog’ochdan turli anjomlar yasash qadimdan hunarmandlikning rivojlangan turi tarzida mahalliy xom ashyo resurslari bilan chegaralangan holda mavjud bo’lib kelgan. Yog’ochsozlik yoki duradgorlik (yog’ochni qirqish, tilish, yo’nish, randalash, parmalash), uysozlik, asbobsozlik, aravasozlik, egarsozlik, sandiqsozlik, beshiksozlik, panjarasozlik, o’ymakorlik singari juda ko’p tarmoqlardan iborat bo’lgan. Bu soxada uzoq vaqtgacha kichik korxonalar, oddiy mebel ishlab chiqaradigan artellar, kerakli asbob-uskuna bilan ta’minlangan tsexlar ishlab kelgan. 20 asrning 50—70 yillarida O’zbekistonda respublikaning yog’och va yog’ochdan ishlangan buyumlarga bo’lgan ehtiyoji to’laroq ta’minlanishini inobatga olgan holda Yog’ochsozlik sanoati taraqqiy eta boshladi. Qurilish kombinatlarining duradgorlik tsexlari asosida yirik yog’ochsozlik korxonalari tashkil etildi, ularda deraza va eshik, arralangan yog’och, to’sin, parket va boshqa duradgorlik mahsulotlarini sanoat usulida tayyorlashga o’tildi. Germaniya, Shvetsiya, Italiya va Rossiya mashinasozlik korxonalari bilan hamkorlikda Toshkent duradgorlik buyumlari zavodi (1968), «Toshkent» yog’ochsozlik birlashmasi (1972 yil, quvvati 400 ming metr kvadrat rom, 500 ming metr kvadrat eshik tavaqalari), Toshkent quyoshdan himoya uskunalari zavodi (1974 yil, quvvati 400 ming metr kvadrat), yog’och chiqindilaridan presslangan qurilish taxtachalari ishlab chiqaradigan zavod (1976 yil, quvvati 20 ming metr kub) ishga tushirilganidan tashqari Sharqiy Sibirda O’zbekiston tashkilotlari qaramog’ida 11 o’rmon sanoati (daraxt kesish) xo’jaliklari ham ish yuritdi. Daraxt kesish xo’jaliklarida yiliga 500 ming metr kubdan ko’proq yog’och va taxta tayyorlanib, respublikaga keltirib turildi. 1978 yilga kelib O’zbekiston Sharqiy Sibirda yog’och tayyorlashdan yog’och va taxtani sotib olishga o’tdi. O’zbekistonda yog’ochsozlik korxonalari sonini va ularning ishlab chiqarish quvvatlarini ko’paytirish ishlari uzluksiz davom ettirildi. 1979-1995 yillarda Toshkent, Asaka, Qo’qon shaharlarida yangi duradgorlik tsexlari ochildi. 1991 yilda quyoshdan himoya uskunalari zavodida plastmassadan deraza romlari ishlab chiqaradigan liniyalar, 1994 yil Toshkentda Markaziy Osiyoda birinchi bo’lgan «O’zellas» gugurt zavodi (O’zbekiston — Gresitya qo’shma korxonasi; yillik quvvati 300 million quti gugurt) mahsulot chiqara boshladi. 1995— 2000 yillarda iqtisodiy islohotlar tufayli yog’ochni qayta ishlash sohasidagi barcha korxonalar davlat tasarrufidan chikarilib, ular asosida aktsiyadorlik, jamoa va xususiy korxonalar tashkil qilindi. Qator viloyatlarda qisqa vaqt ichida plastmassa va metalldan har birining quvvatini 10-20 ming metr kvadrat bo’lgan zamonaviy ko’rinishdagi eshik va rom tayyorlaydigan qo’shma va xususiy kichik korxonalar jadal sur’atda tashkil qilindi. Bu mahsulotlarning afzalligi rom va oynalar blok shaklda tayyorlanib, chang, sovuq va shovqinni o’tkazmaydi, issiqlikni tejaydi. O’zbekistonda Yog’ochsozlik sanoati tarkibidagi korxonalar yiliga 3 million metr kvadrat eshik va deraza romlari, 233 ming metr kvadrat parket, 1 million metr uzun o’lchovli buyumlar (Plintus, qoplamalar va boshqalar), 50 ming metr kvadrat quyoshdan himoya uskunalari, 2,5 million dona oshiq-moshiq, 50 ming metr kub taxta va boshqa mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega (2001). Shuningdek, ko’pgina jamoa va shirkat xo’jaliklari, kurilish tashkilotlarida arralangan yog’ochga ishlov berish va g’o’la yog’ochni tilish bilan shug’ullanadigan korxonalar bor. Respublika xalq xo’jaligi va aholining yog’och — taxtaga bo’lgan yillik ehtiyoji 10 million metr kubga boradi. Yog’och xom ashyosi taqchilligi tufayli Yog’ochsozlik sanoatidagi mavjud quvvatlarning yarmidan foydalanilmoqda. Respublikaning yog’och, taxta, qog’oz, tsellyuloza, gugurt va boshqalar bo’lgan ehtiyojini to’laroq qondirish, yog’ochni qayta ishlash sanoati korxonalarining xom ashyo bazasi mustaqilligini ta’minlash uchun respublika Vazirlar Mahkamasi 1994 yil 8 fevralda «sanoat terakchiligini rivojlantirish va boshqa tez o’suvchi yog’ochbop daraxtzorlarni barpo etishga oid chora-tadbirlar to’g’risida» qaror qabul qildi. Qarorda Qoraqalpog’iston Respublikasi va barcha viloyatlarda har yili 10 ming gektar, 10 yilda 100 ming gektar terakzor tashkil etish, yaqin kelajakda har yili 3 million metr kub sanoatbop va qurilish yog’ochi tayyorlash rejalashtirilgan. Xorijiy mamlakatlardan Rossiya, AQSh, Shvetsiya, Finlyandiya, Norvegiya va Kanada kabi mamlakatlar iqtisodiyotida Yog’ochsozlik sanoati muhim o’rinda turadi. Bu mamlakatlardan o’rmon resurslari kam bo’lgan davlatlarga yog’och va yog’och mahsulotlari eksport qilinadi. Germaniya va Frantsiyada ham Yog’ochsozlik sanoati rivoj topgan. Mirhamid To’rayev.