BABUIN

BABUIN, sariq maymun (Papio cynocephalus) — pavianlar urug’iga mansub maymunlarning bitta turi. Tanasining uzunligi 75 santimetr, dumi 60 santimetrgacha. Afrikaning Angoladan boshlab shimoli Mozambikkacha bo’lgan hududlarida, shuningdek Keniya va Janub Somalida tarqalgan. Tog’ va dashtlarning daraxtlar bo’ladigan joylarida yashaydi. Kechasi daraxtlarga chiqib yotadi, kunduzi faol hayot kechiradi. Juni och sariq bo’lganidan sariq maymunlar ham deb ataladi. Babuin o’simliklar ildizi, mevasi va yosh novdalari, har xil hasharotlar bilan oziqlanadi. O’simliklar bilan oziqlanishi tufayli qishloq xo’jaligiga birmuncha ziyon keltiradi. Babuin qo’lga tez o’rganadi.