BAKTERISID MODDALAR

BAKTERISID MODDALAR (bakteriyalar va lotincha caedo — o’ldiraman), bakteritsidlar — bakteriyalar va b. mikroorganizmlarga ta’sir ko’rsatib, ularni o’ldiradigan kimyoviy moddalar. Zamburug’larni o’ldiradigan moddalar fungisidlar, amyobalarni o’ldiradigan moddalar amyobosidlar deb ataladi va hokazolar. Kimyoviy tabiati har xil birikmalar: fenol, sulema, spirt, formalin, vodorod peroksid, kaliy permanganat, xlorli ohak, xloramin; gazlardan: sulfit angidrid, etilen oksid, metil bromid va boshqa moddalar, shuningdek antibiotiklar Bakterisid moddalarga kiradi. Odam va hayvonlar qonida hosil bo’ladigan antitelolar ham bakterisid ta’sir ko’rsatadi. Bakteriyalarning vegetativ shakllarini Bakterisid moddalar tez o’ldiradi. Bakterisid moddalardan ba’zilari mikrob hujayrasining oqsilini denaturatlaydi, ba’zilari esa muayyan ferment sistemalariga zarar yetkazadi va hokazolar. Oqsillar (yiring, zardob, sut va boshqalar) ishtirokida Bakterisid moddalar ta’siri kamayadi. Bakterisid moddalar tibbiyot amaliyotida antiseptik va dezinfektsiyalovchi modda sifatida, shuningdek yuqumli kasalliklarni kimyoviy usullar bilan davolash va oldini olish uchun ishlatiladi. Qishloq xo’jaligida o’simlik va chorva mollari kasalliklariga qarshi kurashda foydalaniladi. Kasallikning oldini olish maqsadida urug’lik ekishdan oldin mis yoki oltingugurt preparatlari bilan upalanadi. Davo Bakterisid moddalar (simob preparatlari, fenolning azotli hosilalari) o’simlik to’qimalaridagi bakteriyalarga ta’sir etadi. Ko’pgina Bakterisid moddalar singib ta’sir etish xususiyatiga ega bo’lib, o’simlikka shimiladi va kasallik qo’zg’atuvchylarni zaharlaydi. Ayrim Bakterisid moddalar (masalan, antibiotiklar va boshqalar) ba’zi hollarda o’simlikda kechadigan fiziologik hamda biokimyoviy jarayonlarda ishtirok etib, o’simlikda sun’iy kimyoviy immunitet paydo qiladi. Paxtachilikda Bakterisid moddalardan mis trixlorfenolyat (TXFM) gommozga (urug’lik chigit paxta tozalash zavodlarida bu preparat bilan upalanadi), fentiuram gommoz, g’o’zaning ildiz chirish kasalligi hamda kemiruvchi to’plamlarga qarshi kurashda qo’llaniladi.