BALIQCHILAR
BALIQCHILAR, chigitchilar, chaykalar (Laridae) — cho’lduqsimonlar turkumiga mansub qushlar oilasi. 45 — 46 turi bor. Bularning ichida eng kattasi (bo’yi 75 santimetr, og’irligi 2,5 kilogramm) Murmansk qirg’oqlariga uya soluvchi dengiz baliqchisi (Larus marinus), eng kichigi (bo’yi 20 santimetr, og’irligi 50 — 60 gramm) Boltiq va Oxota dengizlari qirg’og’iga uya soluvchi kichik Baliqchi (Laras minutus) dir. Baliqchilarning tashqi tuzilishi suv-havo muhitida yashashga moslashgan bo’lib, oyoqlari to’rt barmoqli, oldingi uchta barmog’i orasida suzgich pardalari bor. Qanotlari uzun va keng, suv ustida engil va tez uchishga moslashgan. Bo’yni kalta, tumshug’i uzun va kuchli bo’lib, ustki qismi ilmoqqa o’xshab pastga qayrilgan. Patining rangi yoshiga qarab o’zgaradi. Pati asosan oq, faqat qanotining keyingi qismi, ba’zan boshi qoramtir, kulrang yoki qo’ng’ir bo’ladi, yiliga ikki marta — bahor va kuzda tullaydi. Baliqchilar shimol va Janub Qutbdan ekvatorga qadar keng tarqalgan. Hayoti suv bilan bog’liq bo’lsada, suvdan uzoqqa ham uchib ketadi. Ba’zi turlari daryo, ko’l kabi chuchuk suv havzalarida ham yashaydi. Bir dengizdan ikkinchi dengizga daryo va ko’l yoqalab uchib boradi. Ko’p vaqtini havoda o’tkazadi. Suvda yaxshi suzadi. Ko’p turlari koloniya bo’lib quruqlikka uya soladi. 1-4 dona tuxum qo’yadi. Baliqchilar suv yuzasiga yaqin yuradigan kasallangan va mayda xashaki baliqlar, turli suv va quruklik hasharotlari, qisqichbaqalar va mayda kemiruvchilar bilan oziqlanadi. Zararkunanda hasharotlar va kemiruvchilarni qirib, qishloq xo’jaligiga foyda yetkazadi. O’zbekistonda Baliqchilarning 6 turi uchraydi. Bulardan ko’k Baliqchi (Larus canus), kumush Baliqchi (L. argen-tatus), qorabosh Baliqchi (L. iehthyaetus), ko’l baliqchisi (L. ridibundus) degan turlari uya soladi. Qorabosh Baliqchi O’zbekiston Respublikasi qizil kitobiga kiritilgan.