BALCHIQ BILAN DAVOLASH

BALCHIQ BILAN DAVOLASH, peloterapiya — torfli, sulfidli, sapropel va boshqa turdagi balchiqlar (peloidlar)ni davo maqsadida ishlatish. Torfli balchiq asosan chirigan organik moddalar va o’simlik qoldiqlaridan iborat. Sulfidli balchiq — anchagina miqdorda sulfidlar, xususan temir sulfid saqlagan sho’r suv havzalarining organik mineral balchiq qatlamlaridir. Sapropellar esa chuchuk suvli havzalarda hosil bo’ladigan oz-moz mineral moddalar aralashgan organik tarkibli balchiq qatlamidan iborat bo’ladi. Istalgan shifobaxsh balchiq issiqni uzoq vaqt saqlab turadi va asta-sekin uni badanga beradi. Bunda issiqlik olishdan tashqari, terining kimyoviy ta’sirlanishi va teri orqali organizmga bevosita kiradigan balchiqdagi vodorod sulfid, ammiak va gazsimon moddalar ta’siri ham muhim ahamiyatga ega. Shifobaxsh balchiq terining nerv oxirlariga, oliy nerv markazlari orqali nerv sistemasi faoliyatiga, qon aylanishiga, ichki sekresiya bezlariga, moddalar almashinuviga reflektor ta’sir ko’rsatadi. Balchiq bilan davolash tananing zararlangan sohasida yoki a’zoda qon aylanishining kuchayishiga, yallig’lanish o’choqlarining so’rilib ketishiga, moddalar almashinuvining yaxshilanishiga, tiklanish jarayonlarining tezlashuviga, ichki sekrektsiya bezlari faoliyatining barqarorlashuviga imkon beradi. Balchiq bilan davolashda asosan applikasiya usuli — bemor badaniga (umumiy applikasiya), boshi va yurak sohasidan tashqari, tanasining ayrim qismi yoki sohasiga (mahalliy applikasiya) shifobaxsh balchiq qo’yiladi, oradan ma’lum vaqt (10-15 minut) o’tgach, iliq suvda yuvinib, bir oz dam olinadi. Ayrim kasalliklarda, masalan, ginekologik kasalliklarda balchiqli tamponlar qinga, erkaklarda urologic kasalliklarda to’g’ri ichakka kiritiladi. Balchiq bilan davolash surunkali kasalliklarda, suyak, muskul va bo’g’im shikastlarida, periferik nerv sistemasi kasalliklarida, ayol va erkaklar jinsiy a’zolari yallig’langanda, qorin bo’shlig’idagi ayrim kasalliklar va yallig’lanish asoratlarini tugatishda qo’llaniladi. Balchiq bilan davolash butun organizmga ta’sir qiladigan kuchli vosita bo’lib, undan shifokor ko’rsatmasi va nazorati ostida foydalanish lozim. Balchiq muolajalari qabul qilishda belgilangan qoidalarga qat’iy rioya qilish zarur. Karim Yo’ldoshev.