BALCHIQCHILAR
BALCHIQCHILAR (Charadriiformes) — qushlar sinfining turkumi. Tashqi ko’rinishi va kattaligi har xil. Eng kichigi — chumchuq balchiqchining bo’yi 14 santimetr, og’irligi 20 gramm yirigi — chincho’ldoqning bo’yi 62 santimetr, og’irligi 1100 grammcha. Balchiqchilarning oyog’i uzun, oldingi barmoqlari rivojlangan, orqa barmog’i bo’lmaydi yoki juda qisqa bo’lib, erga tegmaydi. Oldingi barmoqlari teriparda bilan o’zaro tutashgan yoki o’ralgan. Ko’pchilik turlarining tumshug’i uzun, ingichka va to’g’ri, ba’zilariniki yuqoriga yoki pastga qaytarilgan. Balchiqchilar tumshug’ining kattakichikligi va shakli oziqlanish xususiyatlari bilan bog’liq. Qanotlari ensiz, uchi nayzaga o’xshash, ba’zilariniki to’mtoq. Ko’p Balchiqchilarning dumi qisqa, ba’zilariniki uzun yoki ayrisimon. Patlari zich, rangi ko’pincha bir xil — xira-balchiq tusda. Balchiqchilarning Balchiqchilar (Charadrii), baliqchilar (Laridae) va chistiklar (Alcae) degan 3 kenja turkumi bor. Balchiqchilar kenja turkumi yakanlar (lacanidae), rangdor loyxo’raklar (Rostratulidae), cho’ldoqlar (Gharadviidae), bigiztumshuqlar (Recurvirostidae), qiziloyoqlar (Heamatopodidae), loyxo’raklar (Scolopacidae), plavunchiklar (Phalarepodidae), qisqich cho’ldoqlar (Dromadidae), jiqtoqlar (Clareolidae), oq cho’ldoqlar (Chionididae), yilqichilar (Burhinidae) kabi 12 oilaga bo’linadi. Baliqchilar kenja turkumi pomorniklar (Stercorariidae), baliqchilar (Laridae), chagalalar yoki dengiz qaldirg’ochlari (Sternidae), suzgirlar (Rynchopidae)ni o’z ichiga oladi. Chistiklar kenja turkumi 1 oila — chistiklardan (Alcidae) iborat. Balchiqchilar turkumining 300 ga yaqin turi mavjud. Er yuzida keng tarqalgan. Antarktikada faqat 2 turi bor. Asl Balchiqchilarning ko’pi quruqlik qushlari bo’lib, dengiz, daryo, ko’l kabi suv havzalarining sohillarida, cho’l, sahro va tundra kabi ochiq yerlarda yashaydi, yerda yaxshi yuguradi. Ba’zi turlari o’rmon va butazorlarda yashaydi. Suv va quruqlikdagi umurtqasiz hayvonlar bilan oziqlanadi. Ko’pincha yerga, ba’zi turlari (qora balchiqchi) daraxtga uya quradi. Yiliga bir marta 2 — 5 dona tuxum qo’yadi. Asosan, urg’ochilari nasl uchun g’amxo’rlik qiladi, lekin rangdor loyxo’rak va suzgir Balchiqchilarning erkaklari tuxum bosadi hamda jo’jalarini boqadi. Balchiqchilarning go’shti mazali. Yilqichi, qizqush, katta Qiziloyoq, loyxo’rak, chincho’ldoq, jiktoq, torg’oq, kurakburun Balchiqchilarning tipik vakilidir.