O’ZBEK DAVLAT MUSIQALI TEATRI

O’ZBEK DAVLAT MUSIQALI TEATRI — O’zbekistonda dastabki musiqali teatrlardan. 1929 yil Samarqandda M.Qoriyoqubovning O’zbek davlat sayyor kontsert etnografik truppasi negizida tashkil topgan (1931 yil Toshkentga ko’chirilgan). Tarkibida K.Yashin, X.Nosirova, B.Mirzayev, B.Fayziyev, Mullaqandovlar, A.Chetvertakov, M.Turg’unboyeva, I.Oqilov, G.Rahimova kabi san’atkorlar faoliyat ko’rsatgan. Repertuar asosini musiqali drama va musiqali komediya («Halima», «O’rtoqlar», «Farhod va Shirin», «Arshin mol olon» kabi) lar, shuningdek, kontsert dasturlari tashkil qilgan. 1930 yil Moskvada gastrolda bo’lib, xalq ijodi olimpiadasida muvaffaqqiyatli qatnashgan. Uning ijodiy kuchlari negizida hozirgi Navoiy teatri, Muqimiy teatri tashkil qilingan.