O’ZBEK LOTIN ALIFBOSI

O’ZBEK LOTIN ALIFBOSI, o’zbek lotin yozuvi — lotin grafikasiga asoslangan harftovush (fonografik) yozuv turi. O’zbek xalqi va yozuvi tarixida 2 marta joriy etilgan. O’zbek yozuvini Arab grafikasidan lotin grafikasiga o’tkazish haqidagi dastlabki qaror 1929 yil 15-23 may kunlari Samarqand shahri (O’zbekistonning o’sha davrdagi poytaxti)da bo’lib o’tgan respublika adiblari, til-imlochilari va umuman etakchi ziyolilar ishtirokidagi konferensiyada qabul qilingan va bu qaror 1929 yil 10 avgustda O’zSSR Xalq maorif komissarligi hay’ati tomonidan tasdiqlangan edi. Ixtiyoriylikdan ko’ra ko’proq majburiylikka asoslangan bu jarayon Moskvada ishlangan reja asosida Moskva vakillari kuzatuvida amalga oshirilgan edi. Samarqand konferentsiyasida qabul qilingan «lotinlashtirilgan o’zbek alifbosi» 33 harf va bir belgi (apostrof) dan iborat bo’lgan. Konferentsiyada singarmonizm o’zbek adabiy tili uchun xos hodisa deb topilishi va alifboga 9 ta unli uchun alohida harflar kiritilgani, shu asosda ishlab chiqilgan imlo qoidalari keyinchalik o’zini oqlamadi, amalda imloda boshboshdoqlik vujudga keldi, ayni bir so’z bir necha xil yoziladigan bo’ldi. Natijada bu masala 1934 yil yanvarda bo’lib o’tgan til va imlo masalalariga bag’ishlangan respublika qurultoyida qayta muhokama qilinadi va alifboga tegishli o’zgarishlar kiritiladi. O’tgan asrning 30-yillari 2-yarmidan o’zbek yozuvini rus grafikasi asosida shakllantirish ishlari boshlanib, bu jarayon 1940 yilda yangi alifbo qabul qilinishi bilan yakunlandi. Shu yildan to O’zbekiston mustaqillikka erishgungacha bo’lgan davrda rus grafikasi asosidagi o’zbek alifbosining qo’llanishi rus tili mavqeining oshib borishi, hatto «ikkinchi ona tili» darajasiga ko’tarilishiga, o’zbek tili mavqeining esa pasayishiga, qo’llanish doirasining torayishiga olib keldi. O’zbekiston mustaqillikka erishgandan so’ng respublikada o’zbek yozuvini rus grafikasidan yana lotin grafikasi asosidagi yozuvga o’tkazish haqida fikrmulohazalar o’rtaga tashlanadi. Bu masala bir yil davomida ommaviy axborot vositalarida keng jamoatchilik ishtirokida atroflicha muhokama qilinib, 1993 yil 2 sentyabrda O’zbekiston Respublikasining «Lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosini joriy etish to’g’risida»gi qonuni e’lon qilindi. Ayni shu kuni O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining «Lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosini joriy etish to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi qonunini amalga kiritish tartibi haqida»gi qarori ham qabul qilinadi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1993 yil 2-3 sentyabrdagi 12-chaqiriq 13-sessiyasida yangi alifbo masalasi muhokama qilinib, lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosiga o’tish to’g’risida qaror qabul qilindi. Yangidan qabul qilingan o’zbek alifbosi 31 harf va bir tutuq belgisi (apostrof)dan iborat deb belgilandi: Aa — rus grafikasidagi «a» tovushi, Bb — «b», Cc — «ts», Dd — «D», Ee — «e», Ff — «f», Gg — «g», Hh — «h», Ii — «i», Jj — «j» (jonli, jo’ra), Kk — «k», Ll — «l», Mm — «m», Nn — «n», Oo — «o», Pp — «p», Qq — «q», Rr — «r», Cc — «s», Tt — «t», Uu — «u», VV — «v», Xx — «x», Yy — «y», Zz — «z» Çç — «ch», Ğğ — «G'», Jj — «j» (ajdod), Ňň — «ng», Ŏŏ — «o'», Şş — «sh», (‘) tutuq belgisi (apostrof). Ushbu alifboni va shu asosda tayyorlangan «O’zbek tilining asosiy imlo qoidalari»ni muhokama qilish jarayonida bir qator taklif va tavsiyalar qilindi, tanqidiy fikrlar bildirildi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 1995 yil 6 may kuni «Lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosini joriy etish to’g’risida»gi Oliy Kengash qaroriga o’zgartirishlar kiritish to’g’risida qonun qabul qildi. Bu hujjatda yangio’zbek alifbosi 26 ta harf, 3 ta harflar birikmasidan iborat ekanligi, s, j harflari mustaqil harfiy belgi sifatida 1993 yil 2 sentyabrda qabul qilingan alifbodan chiqarilganligi, ayrim harflarning shakliga isloh kiritilgani ko’rsatilgan; yangi alifbo asosida ishlash 1996 yildan boshlanishi qayd etilgan. Yangi alifbo asosida ishlab chiqilgan «O’zbek tilining asosiy imlo qoidalari» O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995 yil 24 avgustdagi 339-sonli qarori bilan tasdiqlangan. 2004-05 yillarda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan «Lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosini joriy etish to’g’risida»gi qonunni amalga oshirish ishlarini yanada jadallashtirish va takomillashtirish bo’yicha muhim qarorlar qabul qilindi. Abduvahob Madvaliyev.