«O’ZBEKISTON ADABIYOTI VA SAN’ATI»

«O’ZBEKISTON ADABIYOTI VA SAN’ATI» — haftalik ijtimoiy-adabiy gazeta. Muassislari: O’zbekiston madaniyat va sport ishlari vazirligi, O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi. Dastlabki soni 1956 yil 4 yanvarda «O’zbekiston madaniyati» nomi bilan haftada 2 marta chiqqan. 1981 yildan hozirgi nomda ko’paytirilgan hajmda (8 bet) chop etiladi. Sahifalarida adabiyot va san’at masalalari bilan uzviy bog’liq holda xalq hayotining barcha qirralari ma’naviy-axloqiy qadriyatlar nuqtai nazaridan aks ettirib boriladi. Mumtoz o’zbek adabiyotiga, ma’naviy merosimizga doir tadqiqotlar, adabiy tanqid va adabiyotshunoslikda kechayotgan jarayonlar bilan birga tarixiy adolat va ijtimoiy fikr rivojidagi yangiliklar ham atroflicha qamrab olinadi. Shuningdek, gazeta sahifalarida imon-e’tiqodga, ma’naviy ehtiyojga doir maqolalarga keng o’rin berilgan. Gazetada o’zbek shoir va yozuvchilarining yangi asarlaridan namunalar muntazam yoritiladi. Mushtariylar kino, teatr, me’morlik, dizayn, tasviriy va amaliy san’atdagi yangiliklar, mumtoz qo’shiqchilik, zamonaviy estrada va raqs san’atidagi jarayonlar bilan keng tanishib boradilar. Yosh, istedodli ijodkorlarning yangi asarlarini ham doimiy ravishda o’qib borish mumkin. Gazetaga O.Yoqubov, M. Muhamedov, R.Fayziy, V.Zohidov, L.Qayumov, A. Muxtor kabi yozuvchilar turli davrlarda muharrirlik qilganlar. Hozirgi muharriri Ahmadjon Meliboyev (1988 — 2000; 2004 yildan). Adadi 5500 (2005).