BANDIXON TUMANI

BANDIXON TUMANI — Surxondaryo viloyatining tuman. 1992 yil 18 mayda tashkil etilgan. Bandixon tumani viloyatning Qumqo’rg’on, Qiziriq, Jarqo’rg’on, Sherobod, Boysun tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,20 ming kilometr kvadrat. Aholisi 30,0 mingdan ortiq kishi (2000). Bandixon tumanida 5 qishloq fuqarolari yig’ini (Bandixon, Kirshak, Olmazor, Chorvador, Qiziriq) bor. Markazi — Bandixon qishlog’i. Bandixon tumanida bir qancha qadimgi qo’rg’on qoldiqlari topilgan. Bulardan eng yirigi Bandixon qo’rg’oni (miloddan avvalgi 2 — 1 — asrlarga oid) arxeologlar tomonidan 1973 yil aniqlangan. Tabiati. Bandixon tumani hududi asosan g’arbda shimoldan Sharq va Janubga tomon pasayib boradigan Surxon-Sherobod dashtlarining shimol qismida joylashgan. Tuman hududida asosan Janub-g’arbdan shimoli-sharqqa yo’nalgan Sherobod Sariqamish tog’lari va Bandixonqiziriq adiri bor. Iqlimi quruq subtropik iqlim. Yanvarning o’rtacha temperatirasi 2,5° — 3°, iyulniki 30° — 31°. Yiliga 160 — 200 millimetr yog’in tushadi. Tumanning shimoldan Bandixon soyi oqib o’tadi. Tuman xo’jaliklari Oqqopchig’ay va Sherobod ariqlaridan sug’oriladi. Tuprog’i tipik bo’z, qumloq va qisman taqir-bo’z tuproqlar. O’simliklari efemer va efemeroidlardan iborat. Tog’li qismlari va jarliklarda bo’ri, tulki, sudralib yuruvchilar, qushlar va hasharotlar (chayon, qoraqurt) yashaydi. Aholisining asosiy qismi (96%) ni o’zbeklar, 3% ni tojiklar tashkil qiladi, shuningdek tatarlar, ruslar va boshqalar ham yashaydi. 1 kilometr kvadratga o’rtacha 145 kishi to’g’ri keladi. Barcha aholi qishloqlarda yashaydi. Xo’jaligi asosan agrar xususiyatga ega. Sug’oriladigan ekin maydonlari tuman yer fondining 70%ni tashkil etadi. Yaylovlar 27,5%ni, dehqonchilikka yaroqli yerlar 2,5%ni tashkil qiladi. Bandixon tumanida 6 jamoa xo’jaligi mavjud. Qishloq xo’jaligida paxtachilik asosiy o’rinni egallaydi. G’alla ekinlari ekiladi, tokchilik, bog’dorchilik rivojlangan. Tumanda 4 kichik korxona, 46 dehqon va fermer xo’jaligi, chorvachilikka ixtisoslashtirilgan 5 aktsiyadorlik jamiyati faoliyat ko’rsatmoqda. 22 xususiy kichik korxona, 11 tegirmon, 40 xususiy do’kon va oshxonalar, 6 objuvoz bor. Sherobod — Denov avtomobil yo’li Bandixon tumanini kesib o’tgan. Bandixon tumanida Shreder nomidagi respublika Bog’dorchilik, tokchilik va vinochilik korporatsiyasining filiali mavjud.