O’ZBEKISTON BASTAKORLAR UYUSHMASI
O’ZBEKISTON BASTAKORLAR UYUSHMASI — respublikada bastakor, kompozitor va musiqashunoslarni birlashtiruvchi ijodiy jamoat tashkiloti. 1938 yil O’zbekiston kompozitorlar uyushmasi nomi bilan tashkil etilgan, birinchi raisi T.Sodiqov. 1995 yildan hozirgi nomda. Asosiy vazifalari: O’zbekiston musiqa san’atini keng ko’lamda boyitish va yuksaltirish, milliy musiqa an’analarini asrab-avaylash, uyushma a’zolarining kasbiy, ijtimoiy huquqlarini himoya qilish, ularning ijodiy shart-sharoitlari, professional mahoratining o’sishi to’g’risida g’amxo’rlik qilish, ijodini respublika va xorijiy davlatlarda targ’ib etish. Oliy rahbar organi — qurultoy, qurultoylar orasidagi davrda — Kengash (1995 yildan Kengash raisi R. Abdullayev). Uyushmada 110 a’zo bor, 7 sho’ba (an’anaviy ijodkorlik, estrada va harbiy musiqa, simfonik musiqa, kamer musiqa, sahna musiqasi, bolalar musiqasi, musiqashunoslik) faoliyat ko’rsatadi (2005). O’zbekiston bastakorlar uyushmasi O’zbekiston musiqa madaniyatini rivojlantirish jarayonida faol qatnashib, respublikada o’tkaziladigan ko’pgina musiqa festivali, tanlov, anjumanlar tashabbuskori va tashkilotchilaridan biri: «O’rta Osiyo va Qozog’iston simfonik musiqa festivali» (1960-80 yillar), «O’zbekiston — vatanim manim» qo’shiq tanlovi (1997 yil- dan), «xalqaro simfonik musiqa festivali» (1998 yildan), «davr sadolari» musiqa festivali (2003 yildan), Nazira Ahmedova nomidagi xonandalar tanlovi va boshqalar uyushma rahnamoligi va ishtirokida turli kontsert, atoqli bastakor va kompozitorlarning yubiley kechalari, ijodiy uchrashuvlar o’tkazilmoqda, Maxsus radioeshittirish va teleko’rsatuvlar tayyorlanmoqda, O’zbekiston musiqa san’atiga bag’ishlangan monografiya va to’plamlar nashrdan chiqarilmoqda. Rustam Abdullayev.