O’ZBEKISTON GEOLOGIYA MUZEYI

O’ZBEKISTON GEOLOGIYA MUZEYI — O’zbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar Davlat qo’mitasi (Davgeolqo’m) tasarrufidagi muzey. 1988 yil ochilgan. Muzey kollektsiyalari O’zbekistonda geologiya faoliyatining 75 yil mobaynida yig’ilgan kata hajmdagi materiallar hamda muzeyga sovg’a sifatida taniqli geologlar tomonidan taqdim etilgan shaxsiy kollektsiyalar, O’zbekiston Respublikasi tabiatini aks ettiruvchi suratlar bilan boyitilgan. Muzey Davgeolqo’mning tadqiqot ishlari olib boradigan ilmiy va o’quv markaziga aylandi. O’zbekiston geologiya muzeyi geologiya soqasidagi oliy va o’rta ta’lim sistemasida o’quv-ma’rifiy ishlarni olib borish, turli chet el kompaniyalari va olimlarning muzey Eksponatlari bilan tanishuvini tashkil etish va geologiya fani erishgan yutuqlarni keng targ’ibot qilish bilan shug’ullanadi. Muzey 5 ta ko’rgazma zalidan: kirish, O’rta Osiyo va O’zbekiston hududining geologik rivojlanishi tarixi, regional geologiya monografik paleontologik kollektsiyalar va foydali qazilmalar, mineralogiya, geokimyo, qadimiy konchilik kasbkorligi tarixi hamda dunyo geologik merosi zallaridan iborat. Muzeyda geologiya fanining rivojlanishi, Vatanimizning ilk geologlari, foydali qazilma konlarini ochgan dastlabki geologlar haqidagi ma’lumotlar mavjud. Maxsus ekspozitsiya O’zbekistonning yosh suveren davlat sifatida shakllanishi, mamlakatda bozor munosabatlarining rivojlanishi hamda mineral xom ashyo resurslarining xalq xo’jaligidagi o’rnini tasvirlaydi. Ekspozitsiyalarda namoyish etilayotgan eksponatlarning umumiy soni 32 ming dan ortiq. Vitrinalarda kinovar minerali, molibdenit, vismut, volframit kristallarini o’zida saqlab qolgan noyob namunalar namoyish etilgan. Maxsus petrografik kollektsiya o’z ichiga 300 ta namunani (vulkanik tog’jinslar — 228, metamorfik tog’ jinslari — 46, cho’kindi tog’ jinslari — 26) qamrab oladi; mineralogik kollektsiya esa, 858 ta noyob namunadan, monografik paleontologik kollektsiya 2631 ta namunadan iborat, ulardan 783 tasi Markaziy Osiyo va O’zbekiston hududining rivojlanishi tarixi zalida va 1848 tasi monografik paleontologik kollekpiyalar zalida joylashgan. O’zbekiston geologiya muzeyi qoshida O’zbekistonning mineral xom ashyo potentsialini aks ettiruvchi turli xil ko’rgazmalar, taqdimotlar, chet ellik hamkorlar bilan birgalikda geologik tadqiqotlarni o’tkazish va izlab topilgan foydali qazilmalarni o’zlashtirish masalasiga oid uchrashuvlar o’tkaziladi. Muzeyda noyob ob’yektlar, yangi konlar bo’yicha tekshirish, qimmatbaho metallar va yarqirama toshlar xom ashyosi, jumladan, zargarlik buyumlariga ekspert xulosalarining berilishi va boshqalar tadqiqotlar amalga oshiriladi.