O’ZBEKISTON KASABA UYUSHMALARI FEDERATSIYASI JISMONIY TARBIYA SPORT JAMIYATI
O’ZBEKISTON KASABA UYUSHMALARI FEDERATSIYASI JISMONIY TARBIYA SPORT JAMIYATI — O’zbekistondagi sport jamiyatlaridan biri. 1987 yilda «Spartak», «Mehnat», «Paxtakor», «Zenit», «Burevestnik», O’zbekiston va O’rta Osiyo temir yo’lining «Lokomotiv» ko’ngilli sport jamiyatlari tugatilib, ular o’rnida O’zbekiston kasaba uyushmalarining respublika ko’ngilli jismoniy tarbiya- sport jamiyati tuzilgan edi. 1991 yil noyabrda unga «O’zbekiston» kasaba uyushmalari jismoniy tarbiya-sport jamiyati nomi berildi. 1998 yil 4 iyuldan hozirgi nomda. Bu jamiyatning asosiy vazifalariga kasaba uyushmalari kuchi mkoniyatlarini birlashtirib, mehnat jamoalari, o’quv muassasalari, turar joylarida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish, tarmoq xodimlari va ularning oila a’zolari bo’sh vaqtlarini mazmunli o’tkazish maqsadida ommaviy sport musobaqalari, turistik sayohatlar va boshqalar madaniysport tadbirlarini uyushtirish kiradi. Jamiyatning Qoraqalpog’iston Respublikasi va barcha viloyat, tumanlarda bo’limlari faoliyat ko’rsatadi. 5863 ta boshlang’ich tashkilotida 1 million 430 mingdan ziyod a’zosi bor, ulardan 685 ming nafari sport to’garaklari va sog’lomlashtiruvchi guruhlarda shug’ullanadi. Jamiyatda futbol, voleybol, yengil atletika, shaxmat, kurash kabi 60 ta sport turi keng ommalashgan. Shug’ullanuvchilar 236 ta stadion, 347 ta sport zali, 109 ta basseyn va 6478 ta sport maydonchasida mashg’ulot olib borishadi. Ulardan 29 stadion, 12 sport zali, 12 basseyn va 50 ta sport maydonchasi bevosita jamiyatga qarashlidir. Jamiyatdagi 67 ta bolalar-o’smirlar sport maktabida 2412 nafar mutaxassis 19898 o’quvchi bilan mashg’ulot o’tkazadi (2005). Jamiyat a’zolaridan Oksana Chusovitina (sport gimnastikasi), Aleksandr Dokturishivili (yunonrum kurashi), Bekzod Xidirov (boks), Sergey Lagutin (velosport), Anton Ryaxov (baydarka), Go’zal Xubbieva (yengil atletika) kabi yetakchi sportchilar Olimpiada, Osiyo o’yinlari, jahon va Osiyo chempionatlarida sovrindor bo’lishgan.