Yunus Rajabiy (1897-1976)
Yunus Rajabiy [1897.5(17).1—Toshkent — 1976.23.4] — bastakor, xonanda va sozanda (nay, dutor), o‘zbek musiqa merosini to‘plovchisi. O‘zbekiston xalq artisti (1953), O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (1966).
Madrasada, keyinchalik Turkiston xalq konservatoriyasida (1919—23), Toshkent Oliy musiqa maktabining tayyorlov kursi (1934) hamda Moskvada tashkil etilgan bastakorlar kursi (1940—41)da ta’lim olgan. Dutor chalishni Mirza Qosimdan, keyinchalik o‘zbek mumtoz musiqa merosini Sh. Shoumarov, Hoji Abdulaziz, To‘ychi hofiz, Domla Halimlardan o‘rgangan.
Samarqand pedagogika bilim yurtida musiqa o‘qituvchisi (1923—25), Samarqand teatrining musiqa rahbari (1925—27), O‘zbekiston radiokomiteti qoshidagi xalq cholg‘u asboblari ansambli (keyinchalik xalq cholg‘ulari orkestri) tashkilotchisi va badiiy rahbari (1927—42, 1945—59), Yangiyo‘l teatri musiqa rahbari (1942—45), O‘zbekiston teleradiosining «Maqom» ansambli tashkilotchisi va badiiy rahbari (1959—76) bo‘lib ishlagan.
Yoshligidanoq shirali va ta’sirchan ovozga ega bo‘lgan iste’dodli xonanda va mohir sozanda sifatida tanilgan. Uning repertuaridan maqom parchalari, «Girya», «Ushshoq», «Ko‘cha bogi», «Eshvoy», «Kurd», «Qalandariy», «Gulyor—Shahnoz», «Bayot», «Dugohi Husayniy», «Chorgoh», «Miskin», «Nasrulloyi» kabi ashula va kuy turkumlari o‘rin olgan.
U bir qancha qadimiy o‘zbek xalq kuy va ashulalarini qayta ishlab tiklagan: «Subhidam», «Yolg‘iz» «Sayqal», «Fig‘on», «Oraz», «Begi Sulton» va boshqa Ijrochilik faoliyatini bastakorlik bilan birgalikda olib borgan Yunus Rajabiy o‘zbek musiqali dramasining shakllanishiga muhim hissa qo‘shgan. Dastlab «Farhod va Shirin» (Xurshid, 1922—25, Sh. Shoumarov bilan hamkorlikda), «Layli va Majnun» (Xurshid, 1926), «Rustam» (U. Ismoilov, 1933), «Avaz» (A. Hidoyatov, 1935), «Xolisxon» (Hamza, 1940) kabi spektakllarga xalq ashulalari asosida kuylar bastalagan.
Keyinchalik B. Nadejdin bilan hamkorliqda «Qasos» (A. Umariy, Uyg‘un, 1941), N. Mironov bilan «Qo‘chqor Turdiyev» (S. Abdulla, Chustiy, 1942), G. Mushel bilan «Muqanna» (H. Olimjon, 1943), O. Halimov bilan «Nodira» (S. Kosimov, Ya. Mamatxonov, 194243), B. Zeydman bilan «O‘g‘il uylantirish» (H. Fylom, 1964), Sayfi Jalil bilan «Navoiy Astrobodda» (I. Maxsumov, 1968) singari musiqali dramalarni yaratgan. U «Zaynab va Omon» operasi (1958; B. Zeydman, D. Zokirov va T. Sodikrvlar bilan) ning yozilishida ishtirok etgan.
Yunus Rajabiy, shuningdek, «Fabrika yallasi», «Bizning davron», «Mirzacho‘lda tuy», «O‘zbekiston», «Yangrasin Gulyor», «Dugonalarga», «Kadah», «Koshki», «Gul sochar», «Judo», «Ra’nolanmasun», «Chapandoz», «Kuygay» kabi qo‘shiq va ashulalar, «O‘yin Bayoti», «O‘yin Dugohi», «Paxta» singari raqs kuylari yaratgan.
Yunus Rajabiyning, ayniqsa, o‘zbek musiqa merosini to‘plashdagi xizmatlari katta. U 1935 yildan xalq, kuy va ashulalarini notaga yoza boshlagan. Natijada Ye. Romanovskaya va Il. Akbarov tuzgan «O‘zbek xalq qo‘shiqlari» (1939) to‘plamidan Yunus Rajabiy notaga olgan 29 ta xalq musiqa namunasi o‘rin olgan. 1955—59 yillarda Yunus Rajabiy 5 jildli «O‘zbek xalq musiqasi» (I. A. Akbarov tahririda) tuplamini nashr ettirdi. Unga mingga yaqin turli janrdagi o‘zbek (bir qancha tojik, uyg‘ur) kuy va ashulalari, Buxoro Shashmaqomi, Farg‘ona — Toshkent maqom yo‘llari, katta ashulalar, 20-asr bastakorlari (Hamza, K. Jabborov, N. Hasanov, S. Kalonov, F. Sodiqov, T. Jalilov, M. Mirzayev va boshqa)ning asarlari kiritilgan.
«Maqom» ansambli bilan ishlashi jarayonida Yunus Rajabiy Shashmaqomning 6 jildli yangi nashrini (1966—74, F. Karomatov taxririda) hamda grammplastinka yozuvlar mukammal to‘plamini (Toshkent grammyozuvlar studiyasida, 1970-yillar) tayyorladi. T. Sodikrv, D. Zokirov, D. Soatqulov, F. Sodikrv, N. Hasanov, K. Jabborov, S. Kalonov, K. Mo‘minov, O. Imomxo‘jayev, B. Dovidova, K. Ismoilova, O. Alimahsumov, T. Alimatov va boshqa san’atkorlar Yunus Rajabiyning shogirdlaridir.
Yunus Rajabiy Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1971), «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni (2000) bilan mukofotlangan.
O‘zbekiston teleradiokompaniyasi qoshidagi «Maqom» ansambli, Jizzax musiqali drama va komediya teatri, Toshkent musiqa pedagogika bilim yurti, Toshkentdagi ko‘chalardan biri, metro bekati Yunus Rajabiy nomi bilan yuritiladi. Uning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan «Yunus Rajabiy» («O‘zkinoxronika» studiyasi, 1967; «O‘zbektelefilm» studiyasi, 1990), «Umr daftari» (O‘zbekiston televideniyesi, 2001) filmlari suratga olingan.
Yunus Rajabiy 1957—76 yillar yashab ijod etgan uy (Toshkent, Yunus Rajabiy ko‘chasi, 20)da 1997 yilda Rajabiy uy-muzeyi ochilgan. 2001 yil Yunus Rajabiy madaniyat markazi tashkil etilgan.