O’ZBEKISTON MADANIYATI VA SAN’ATI TARIXI DAVLAT MUZEYI

O’ZBEKISTON MADANIYATI VA SAN’ATI TARIXI DAVLAT MUZEYI, Akmal Ikromov nomidagi O’zbekiston madaniyati va san’ati tarixi davlat muzeyi — madaniy-ma’rifiy muassasa; Samarqand shahrida. 1982 yildan Samarqand badiiy muzey-qo’riqxonasi tarkibidagi bosh muzey. 1896 yilda Samarqand statistika qo’mitasi muzeyi sifatida ochilgan; 1911 yildan Samarqand shahri muzeyi, 1921 yildan Samarqand viloyati muzeyi, 1927 yildan o’lka muzeyi, 1930 yildan O’zbekiston Markaziy davlat muzeyi, 1937 yildan Samarqand viloyat o’lkashunoslik muzeyi. 1945 yildan O’zbek xalqi madaniyati respublika muzeyi, 1955 yildan O’zbekiston madaniyati va san’ati tarixi respublika muzeyi; 1968 yil A.Ikromov nomi berilgan; 1969 yildan hozirgi nomda. Muzeyda 5 ta ekspozitsion bo’limlar (tarix, san’at va etnografiya, ilmiy-ma’rifiy, ko’rgazmalar va fond), kutubxona, kinozal, fotolaboratoriya, ilmiy ta’mirlash ustaxonasi, arxiv bor. Muzey xazinasi va ekspozitsiyalari arxeologiya, numizmatika, etnografiya, amaliy bezak va tasviriy san’at asarlari, me’moriy qismlar, qimmatli hujjatlar, kitob va qo’lyozmalarning boy to’plamiga ega. Muzey xazinasida 208 mingdan ziyod eksponat bor (2005), tomoshabinlar soni yiliga 50 mingdan oshadi. Muzey ilmiy muassasa sifatida ilmiy tekshirish ishlari olib boradi, 1976 yildan respublika va xalqaro ko’rgazmalarda ishtirok etadi; xorijiy muzeylar bilan aloqalar yo’lga qo’yilgan. Xazinasidagi hamda Respublikadagi boshqa muzeylar va chet mamlakatlar muzey va to’plamlari materiallari asosida yiliga 20 dan ortiq ko’rgazmalar uyushtiradi. Muzey xalqaro muzeylar qo’mitasi a’zosi. Muzeyda turli davrlarda V.L.Vyatkin, M.E.Masson, L.M.Rempel va boshqalar olimlar ishlagan. Muzey 1911 yildan muzey va kutubxona uchun qurilgan binoda, 1930 yildan Ulug’bek va Sherdor madrasalarida, 1934 yildan savdogar A.Kalontarovning sobiq uyida joylashgan; 1978 yildan Registon maydonida muzey uchun maxsus qurilgan binoda (me’mori M.S.Bulatov); umumiy maydoni 10 ming kvadrat metr ekspozitsiya va ko’rgazma zallari maydoni 5 ming kvadrat metr.