O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI
O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI — O’zbekiston Respublikasi hukumati; ijro etuvchi hokimiyatning Markaziy organi. Qarorgohi — Toshkent shahrining Mustaqillik maydonidagi hukumat uyi. Vazirlar Mahkamasining huquqiy asoslari O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20-bobida va «O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to’g’risida» (1993 yil 6 may; yangi tahrirda 2003 yil 29 avgust) gi qonunda belgilangan. Konstitusiyaga qo’ra, Vazirlar Mahkamasi iqtisodiyotning, ijtimoiy va ma’naviy sohaning samarali faoliyatiga rahbarlikni, O’zbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis qarorlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta’minlaydi. Vazirliklar, davlat qo’mitalari, idoralar hamda davlat va xo’jalik boshqaruvining boshqa organlari ishini muvofiqlashtiradi va yo’naltiradi. Vazirlar Mahkamasi o’z vakolatlari doirasida: iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy jarayonlarni boshqaradi; mulkchilikning barcha shakllarini uyg’unlashtirish va ularning tengligi, iqtisodiyotni monopoliyalashtirishdan chiqarish, bozor iqtisodiyotining huquqiy mexanizmini ishga solish asosida erkin tadbirkorlik uchun shartsharoitlar yaratadi; xo’jalik yuritishning yangi shakllarini barpo etishga va mustahkamlashga ko’maklashadi; O’zbekiston Respublikasida pul va kredit tizimini mustahkamlash chora- tadbirlarini ko’radi; yagona narx siyosatini o’tkazish, mehnatga haq to’lash miqdorining belgilangan kafolatlarini hamda ijtimoiy ta’minot darajasini ta’minlash choratadbirlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi; Respublika byudjetini, shuningdek, O’zbekiston Respublikasining iqgisodiy va ijtimoiy rivojlantirish istiqbollarini va eng muhim dasturlarini ishlab chiqadi va ularning ijrosini tashkil etadi, boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish to’g’risidagi takliflarni ishlab chiqadi; fan va texnikani rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshiradi; fuqarolarni ijtimoiy va huquqiy himoya qilish, ularning mehnat qilish huquqini ta’minlash chora-tadbirlarini ko’radi; sog’liqni saqlash, xalq ta’limini rivojlantirish va takomillashtirishning asosiy yo’nalishlarini belgilaydi, madaniyatni rivojlantirishga ko’maklashadi; O’zbekiston Respublikasining davlat xavfsizligini va mudofaa qudratini oshirish, davlat chegaralarini qo’riqlash, jamoat tartibini saqlash tadbirlarini amalga oshirishga qo’maklashadi; respublika va xalqaro ahamiyatga ega bo’lgan yirik ekologik dasturlarni amalga oshirish borasidagi ishlarni muvofiqlashtiradi; yirik avariyalar va falokatlarning, shuningdek, tabiiy ofatlarning oqibatlarini tugatish chora-tadbirlarini ko’radi; O’zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardagi vakilligini ta’minlaydi, hukumatlararo shartnoma va bitimlar tuzadi, ularni bajarish chora-tadbirlarini ko’radi; tashqi iqtisodiy faoliyat, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik sohasida rahbarlikni amalga oshiradi. Vazirlar Mahkamasi O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, uning o’rinbosarlari, Vazirlar, davlat ko’mitalarining raislaridan iborat. Qoraqalpog’iston Respublikasi hukumatining boshlig’i Vazirlar Mahkamasi tarkibiga o’z lavozimi bo’yicha kiradi. Vazirlar Mahkamasining tarkibi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan shakllantiriladi. O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Palatalari tomonidan ko’rib chiqiladi va tasdiqlanadi. Vazirlar Mahkamasining a’zolari O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri taqdimiga binoan, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi. O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Vazirlar Mahkamasi faoliyatini tashkil etadi va unga rahbarlik qiladi, uning samarali ishlashi uchun shaxsan javob beradi, Vazirlar Mahkamasining majlislariga raislik qiladi, uning qarorlarini imzolaydi. Vazirlar Mahkamasi Qonunchilik tashabbusi huquqiga ega. O’zbekiston Respublikasining Prezidenti Vazirlar Mahkamasi vakolatiga kiruvchi masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilishga, uning majlislarida raislik qilishga, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarini hamda Bosh vazir farmoyishlarini bekor qilishga haqli. Vazirlar Mahkamasi o’z faoliyatida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti va O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oldida javobgardir. Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan Oliy majlis oddida o’z vakolatlarini zimmasidan soqit qiladi. Vazirlar Mahkamasining faoliyatini tashkil etish tartibi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 14 fevdagi 62-sonli qarori bilan tasdiqlangan Vazirlar Mahkamasining Reglamentida belgilangan. Vazirlar Mahkamasining ishi choraklik rejalariga muvofiq olib boriladi. Vazirlar Mahkamasi majlislarida davlat boshqaruvi, xo’jalik va ijtimoiy-madaniy qurilishning eng muhim masalalari hal etiladi. Vazirlar Mahkamasining majlislari yilning har choragida kamida 1 marta o’tkaziladi. Vazirlar Mahkamasining doimiy organi sifatida Bosh vazir va uning o’rinbosarlaridan iborat tarkibdagi Vazirlar Mahkamasining Rayosati faoliyat ko’rsatadi. Bosh vazirning qaroriga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi Rayosati tarkibiga O’zbekiston Respublikasi hukumatining boshqa a’zolari ham kiritilishi mumkin. Shoshilinch masalalarni muhokama qilish zarurati tutilganda Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosatining navbatdan tashqari majlislari o’tkazilishi mumkin. O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri har haftada Bosh vazir o’rinbosari, Axborot-tahliliy boshqarmasi boshlig’i va apparat rahbari ishtirokida kengashlar o’tkazadi, ularda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining topshiriqlari bajarilishini uyushtirish masalalari, hukumat apparatining kundalik faoliyati muhokama qilinadi. Vazirlar Mahkamasi amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq O’zbekiston Respublikasining butun hududida barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo’lgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi. Davlat va xo’jalik boshqaruvining ayrim masalalari bo’yicha takliflar tayyorlash, Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining ayrim topshiriqlarini bajarish uchun Vazirlar Mahkamasining muvaqqat komissiyalari va boshqa ishchi organlari tuzilishi mumkin. Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarini tayyorlash, tegishli qarorlar loyihalarini, tahliliy, axborot va boshqalar materiallarni tayyorlash, Vazirlar Mahkamasi qarorlarining bajarilishini muntazam ravishda tekshirib borish uchun Vazirlar Mahkamasi Apparati faoliyat ko’rsatadi. Quyidagi Axborot-tahlil departamentlari Vazirlar Mahkamasi apparatining asosiy tarkibiy bo’linmalari hisoblanadi: Iqtisodiyotdagi tarkibiy islohotlar yig’ma axborot-tahlil departamenti; Agrosanoat va suv xo’jaligi komplekslari masalalari axborot-tahlil departamenti; kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari axborot-tahlil departamenti; yoqilg’i-energetika kompleksi, kimyo, metallurgiya va mashinasozlik masalalari axborot-tahlil departamenti; iste’mol tovarlari va savdo kompleksi masalalari axborottahlil departamenti; axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari axborot-tahlil departamenti; ta’lim, sog’liqni saqlash va ijtimoiy muhofaza masalalari axborottahlil departamenti va tashqi aloqalar masalalari axborot-tahlil departamenti. Vazirlar Mahkamasi apparati ishini Vazirlar Mahkamasi apparati rahbari muvofiqlashtirib boradi. Apparat rahbari o’z maqomi bo’yicha Bosh vazir o’rinbosariga tenglashtirilib, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan vazifasiga tayinlanadi va bo’shatiladi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi «Xalq so’zi» — «Narodnoe slovo» gazetalarining hammuassisi (ushbu gazetalar ayni vaqtda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi gazetalari hisoblanadi), «Pravda Vostoka» gazetasining muassisidir. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi binosi — Toshkent shahrining Mustaqillik maydonida (1968, me’mori B. Mezentsev va boshqalar; muhandisi V. Krichevskiy va boshqalar). 7 qavatli bino temirbeton bloklardan tiklangan, 1 qavati V shaklidagi ustunlardan iborat; tarzidagi vertikal chiziqlar Feruza rang devor yo’llari bilan binoga ulug’vorlik baxsh etgan. 1999 yil Fevralda sodir bo’lgan qo’poruvchilik vaqtida shikastlangan bino 2000 yilda ta’mirlandi. Ta’mirlashda binoni mustahkamlash, «Hukumat uyi» talabiga mos yangi me’moriy yechimini hal etishga ahamiyat berildi. Binoning yangi ko’rinishi ko’rkam, salobatli hamda vazmin: ochiq qoldirilgan 1 qavati qizil marmar devor bilan berkitildi; asosiy kirish eshigi ustidagi tom chizig’idan chiqib yuqoriga ko’tarilgan oyna devorda respublika gerbi va bayrog’i o’rnatildi. Binoning tilla rang oynalari sirtlariga ishlatilgan granitlar poydevor sirtidagi qoplamalar bilan uyg’un. Binoning ichki qismi ham qayta ta’mirlandi, xonalar pardozlanib ulug’vor ko’rinishga ega bo’ldi (ganchkorlik ishlarida M. Sultonov, Mirvohid Usmonov va boshqalar; naqqoshlik ishlarida A. Karimov va boshqalar ustalar ishtirok etgan). Binoning ichki hovlisi piramida shaklidagi maxsus shaffof oynali tom bilan yopilib «qishki bog'» tusini olgan. Bino maydondagi boshqa inshootlar bilan uyg’unlikda majmua hosil qiladi, atrofi ko’kalamzorlar, gulzorlar bilan so’lim maskanga aylantirilgan.