BARG O’ROVCHILAR

BARG O’ROVCHILAR (Tortricidae) — mayda yoki o’rtacha kattalikdagi kapalaklar oilasi. Qalin tukli tangachalar bilan qoplangan qanotlari yozilganda 8 — 30 millimetr bo’ladi. Oldingi qanotlari ensiz, cho’ziq. Tabiiy holatda qanotlari taxlanib turadi. Tuxumlari yassi, dumaloq yoki cho’ziq, yaltiroq po’stli. Kapalaklari tuxumlarini barg ustiga, meva yoki novda po’stloqlariga va daraxt tanasiga bir donadan yoki to’p-to’p qilib qo’yadi. Qurtlari chuvalchangsimon, 3 juft ko’krak va 5 juft qorin oyoqlari bor. Barg o’rovchilar hayot kechirish xususiyatlariga ko’ra tuxum davrida qishlovchi, 2 — 3 yoshdagi qurtlik davrida qishlovchi, katta yoshdagi qurtlik holida qishlovchi turlarga bo’linadi. Barg o’rovchilar qurtlari oziqlanish tipi va yashash joylariga binoan 3 trofik guruhga: po’stloq ostida yashab, yog’ochli qismini zararlovchi ksilofitlar; barglar bilan oziqlanib, meva sirtiga zarar etkazuvchi fillofitlar; meva ichida hayot kechiruvchi kaprofitlar (mevaxo’rlar)ga bo’linadi. Barg o’rovchilar o’simliklarning kurtagi, shonasi, tojbarglari, yosh novdalari va mevalariga zarar yetkazib, mevali daraxtlar hosilini 80% gacha kamaytirishi mumkin. Turli mamlakatlarda Barg o’rovchilarning 5000 turi ma’lum, O’zbekistonda 20 turi aniqlangan.