Abu Bakr Siddiq (r.a.)

Abu Bakr Siddiq (r.a.) – to’liq ismi Abu Bakr Siddiq Abdulloh ibn Abu Quhofa ibn Omir (571/572, Makka-634.23.8, Madina) islomda xulafoi roshidin (to’g’ri yo’ldan boruvchi xalifalar), Movarounnahrda chahoryorlar, choryorlar deb atalgan dastlabki 4 xalifadan birinchisi (632-634). Asharai mubashsharadan, Muhammad (s.a.v.)ning eng yaqin yaqin safdoshlari, qaynotalari [Oysha (r.a.)ning otasi]. Yirik savdogar. Makkaning Quraysh qabilasidan. Muhammad (s.a.v.) da’vatlari bilan islomni birinchilardan bo’lib qabul qilgan. Islomga kirishdan oldin ismi Abdulka’ba bo’lgan. Abdulloh ismini Muhammad (s.a.v.) qo’yganlar. Siddiq deb atalishiga isro va me’roj hodisasini birinchi bo’lib tasdiqlagani sabab bo’lgan. Muahammad (s.a.v.) unga Siddiq, ya’ni imoni va ishonchi kuchli deb unvon berganlar. Makkada Madinaga hijrat qilishda Muhammad (s.a.v.)ga hamroh bo’lgan. Badr, Uhud, Xandaq va boshqa janglarda ishtirok etgan. Abu Bakr Siddiq (r.a.) umr bo’yi to’plagan 40 ming dirhamini islom yo’liga sarf qilgan, chunonchi, Bilol Habashiyni sotib olib, qullikdan ozod etgan. Muhammad (s.a.v.) vafotlaridan keyin 1-xalifa bo’lib saylangan (632). Arab qabilalarining Madina hokimiyatiga qarshi ko’targan qo’zg’olonlarini bostirgan. Abu Bakr Siddiq (r.a.) xalifaligi davrida arablar Iroq va Suriyani fath etgan. 634 yildan Vizantiya imperatori (rum sultoni) Irakliy (Hirakl) yuborgan yuz mingdan ortiq qo’shin ham islom lashkarlaridan yengilgan. Qur’oni karimni tartibga solib, kitob holiga keltirgan. Sarvari olamdan 143 hadis rivoyat qilgan. Islom davlatini boshqarishda qator huquqiy tartiblar joriy etgan [mamlakatni boshqarish uchun Maslahat kengashi (sho’ro), har bir viloyatga voliy (hokim) tayinlash, Bayt ul-mol tashkil etish va boshqalar]. Abu Bakr Siddiq (r.a.) Muhammad (s.a.v.) vasiyatlariga sodiq qolib, juda kamtarona hayot kechirgan. Muhammad (s.a.v.) yonlariga dafn qilingan.