Arxitektura, san’at, din
Qadimiy Samarqandning arxitektura va san’at yodgorliklarini uch davrga: qadimiy so’g’d (miloddan avvalgi VI-IV asrlar), so’g’d-ellinistik (miloddan avvalgi III-I asrlar), so’g’d-kangyuy (milodiy I-IV asrlar) davrlariga mansub deyish mumkin. Afrosiyob shahar xarobalaridagi eng qadimiy qatlamlar uning territoriyasida bir yarim ming yil davomida yashab kelgan shahar tufayli buzilib ketgan. Eng qadimgi inshootlar qoldiqlaridan shahar xarobasining janubiy qismida, Shohizinda ansambli sharqida binolardan qolgan paxsa devorlarigina aniqlandi. Bundan tashqari, ba’zi tadqiqotchilar ayrim joylarda o’sha zamonga oid mudofaa inshootlarining nishonlari ko’rinib qolmoqda deb taxmin qilmoqdalar.
Bu yerdan topilgan ikkita gemma (sirtiga xat o’yilgan yoki naqsh solingan qimmatbaho tosh) eng qadimiy tasviriy san’at yodgorliklaridan hisoblanadi. Bularning birida yoy otuvchi jangchi tasvirlangan. Ikkinchi gemma esa ikki tomonli bo’lib, yuz tomonida bo’yniga yoy o’qi sanchilgan va chopib borayotgan Serka tasvirlangan; orqa tomonida esa boshida to’g’ri chiziqlar bilan chizilgan uchburchak shaklidagi bezagi bo’lgan qanotli buqa tasvirlangan; ehtimol, bu – ov qurolidir. Ana shu ikki gemmada O’rta Osiyoda tuzilgan dastlabki davlatlar san’atida yuz bergan ikki yo’nalish, ikki uslub ifodalangan. Bulardan birinchisini dehqonchilik bilan shug’ullanuvchi o’troq xalqlarning san’atiga xos “afsonaviy realizm” sifatida xarakterlash mumkin, ikkinchisi esa cho’lda chorvachilik bilan mashg’ul bo’lgan xalqlarning san’atida ko’proq ma’lum bo’lgan “yovvoyi uslub”dagi yodgorliklarga yaqindir.
Amaliy san’at kulolchilik ishlab chiqarishida, konus va tsilindrsimon idishlar shaklida aks ettirilgan. Zebi-ziynat buyumlari orasida feruzadan yasalgan tsilindr shaklidagi mayda munchoqlar topildi.
Abadiy unumdorlik g’oyasi bilan bog’langan eng qadimiy ideologik tasavvurlar koroplastika asarlari – pishirilgan loy – terrakotadan yasalgan haykaltaroshlik buyumlarida xudolar, odamlar, hayvonlarning tasvirlarini yaratish san’ati orqali aks ettirilgan. O’sha davrdagi amaliy san’at yodgorliklarining bu turi onalik belgilari bo’rttirib ko’rsatilgan yalang’och yoki yarim yalang’och tasvirining ayrim topildiqlaridan iborat.
Ikkinchi, so’g’d-ellinistik davrdagi O’rta Osiyo xalqlari san’atida makedoniyalik Iskandar istilosining oqibatlari o’z aksini topgan: kulolchilikda, tanga-chaqa zarb qilishda, terrakotadan yasalgan buyumlarda shunday belgilar aniqlandiki, ularni ustalar va rassomlar o’z ishlab chiqarish faoliyatida ba’zi ellinistik an’analarni qabul qilganligi natijasi deb qarash mumkin.
Ko’hna Afrosiyobning shimoliy qismida qazib topilgan uzunligi 60 metr qadimiy qal’a devorining bo’lagi bu yerda shu choqqacha aniqlangan eng mashhur arxitektura obidasi sanaladi. Devor Siyob daryosining baland jari ustida qurilgan bo’lib, shu jar bo’ylab cho’zilib ketgan.
Qazilgan uchastkadagi qal’a devorining kengligi va plani bir xilda emas: g’arbiy qismida devor bir qavatli bo’lib, qalinligi 2,8-4 metr keladigan qilib g’ishtdan terilgan, uchastkaning sharqiy qismidagi devor ichkarisida yo’lak bo’lib, devorning umumiy qalinligi qariyb 6 metrga yetadi. Devorning tashqi tomonida burjlar bo’lgan bo’lsa kerak. Yo’lakdan jarga tomon olib boradigan eshik o’rinlari va ochilgan uchastkaning g’arbiy qismida devorning qalinlashib borishi bundan dalolat beradi; ichki tomondan devorda ustunlar bo’lganligi aniqlandi, bular esa shaharning boshqa imoratlari unga tutashtirilmagani va devor bo’ylab yurib o’tiladigan yo’l qoldirilganini ko’rsatadi.
Ko’p miqdorda shag’al aralashtirilgan loy qorishmasidan iborat 50 santimetr qalinlikdagi qatlam devorning poydevori bo’lib xizmat qilgan; ana shu poydevor ustida to’rt burchak shaklidagi xom g’ishtdan (uzunligi 35-37 sm, qalinligi 13-16 sm) terilgan devor ko’tarilgan. G’isht loy qorishma bilan urilgan. Devorning pastki qismidagi deyarli har bir g’ishtning sirtida boshqa shaharlarning qal’a devorlari va binolarida ham aniqlangan maxsus belgilar topildi. Bu belgilar alohida yoki bir guruh ishchilar tomonidan bajarilgan ishni hisobga olish uchun qilingan tamg’a bo’lishi yoki qandaydir sirli ma’noni anglatishi ham ehtimoldan xoli emas, deb taxmin qilinmoqda.
Yuqorida aytilgan devor vaqt jihatidan miloddan avvalgi II-I asrlarga to’g’ri keladi; uning g’arbiy qismidagi poydevor tagidan bundan ham qadimiyroq davrga oid paxsa devor qoldiqlari aniqlandi.
Shahar xarobasining shimoliy qismida topilgan devor bilan bir vaqtda qurilgan inshootlarning qoldiqlari yana uning g’arbida qadimiy binoning bir devoir, shuningdek, hovli qo’rasining bir qismi aniqlandi. Shaharning sharqi-janubiy qismida esa biro z ko’proq inshoot qoldiqlari ochildi. Bu yerda o’tkazilgan qazishma natijasida xom g’ishtdan qilingan binoning bir xonasi topildi. Uyning balandligi 4 metr bo’lib, tomi gumbazsimon qilib yopilgan.
Ehtimol, Afrosiyobning tagida qadimiy monumental rassomlik va haykaltaroshlik obidalari yarinib yotgandir, lekin ularni topish uchun qazishmalar o’tkazish kerak. Shaharning shimoliy qismida XII asrdagi Jome machitining vayronalari tagida ancha chuqurlikda devorning bir qismi ochildi. Bu devorning oq fonida qizil va qora bo’yoqlar bilan ishlangan rasmlar topildi. “Kichik shakldagi” san’at asarlari – gemmalar va terrakotalar ancha tuzuk ishlangan ko’rinadi.
Yana bir necha gemmalar topilgan bo’lib, ular mahalliy didni hisobga olgan holda boshqa yurtlarda tayyorlangan bo’lsa kerak. Bulardan ikkitasiga yunon panteoni ma’budalari – Pallada va Artemida tasvirlangan; uchta gemmada ellinistik tipga oid bo’lgan bosh kiyimdagi jangchilar tasviri bor. O’ymakorlarning uncha qimmatbaho bo’lmagan toshga o’yib ishlangan bu asarlari, shubhasiz, mahalliy oqsuyaklarning did va talabiga mo’ljallangandir.
Koroplastika asarlari – terrakotadan yasalgan buyumlar ancha keng tarqalgan. Haykalchalar odatda ayollar yoxud yigitlarning obrazlarini realistik tarzda yaratib beradi. Ular ba’zida xiton deb atalgan libosda tasvirlangan. Terrakotadan yasalgan tasvirlar idishlarni bezash uchun ham qo’llanilgan.
Yuqorida tasvirlangan qal’a devorning janubrog’ida qadimiy turar-joy binosining qoldiqlari ochildi. Bu xarobalar san’at tarixida uchunchi davr — so’g’d-kangyur arxitektura qiyofasining hozircha ma’lum bo’lgan yagona yodgorligidir. Bu bino qadimiy qurilishlar qoldiqlari tekislangan o’rinda poydevorsiz bunyod etilgan. Binokorlik materiali sifatida qal’a devorini qurishda foydalanilgan to’rt burchak shakldagi xom g’isht ishlatilgan, lekin ularning kattaligi boshqacharoq (g’ishtning uzunligi 35-38 sm, qalinligi 10-11 sm). Bu g’ishtlarga ham ancha soddalashtirilgan belgilar qilingan.
Binodan o’nga yaqin xona, aniqrog’i – shu xona devorlarining pastki qismlari saqlanib qolgan. Binoni planlashtirishning muhim xususiyati aniqlandi: bino ikki qismdan iborat, uning birinchi qismi ijtimoiy xarakterdagi tadbirlar, ikki qismi esa xo’jalik, ro’zg’or ehtiyojlari uchun mo’ljallangan bo’lsa kerak. Xo’jalik xonalari binoning janubiy qismida joylashgan bo’lib, ularda polning uch bosqichli ekanligi aniqlandi, bu esa uylarda hayotning qizg’in borganligidan dalolat beradi; ularda qayta qurish belgilari ham seziladi. Uylardan birida loydan yasalgan o’choq topildi. Bu o’choq ovqat tayyorlash uchun mo’ljallangan bo’lsa ehtimol. Boshqa bir uyda don va suv saqlash uchun to’ldirgan tuproq orasidan to’qish stanoklarida qo’llaniladigan loydan yasalgan diskalar topildi.
Bino xarobasining shimoliy qismida ochilgan va janubiy qismidan yalpi devor bilan ajratilgan uylar shu bilan farq qiladiki, ularda bino bunyod etilgan butun davr mobaynida pol o’zgarmagan, ya’ni bir darajada turgan. Bu yerda uchta bino saqlangan bo’lib, g’arb tomonda joylashgan xonaning g’arbiy devorining o’rta qismida supa yasalgan. Unda otashparastlarning mehrobi turgan. Uyning polida 10 sm qalinlikda kul qatlami borligi aniqlandi. Mehrob ibodat qilish jarayonida kuygan uchi yumaloq shakldagi alohida loy plitalardan yasalgan. Ikki plita ketma-ket tik qilib qo’yilib, devorga suvalgan, uchinchi plita esa maydoncha shaklida, ikki plita oldiga gorizontal qilib qo’yilgan. Ana shu maydonchada o’t yoqilgan. Plita qo’yilgan maydoncha o’rtasida to’g’ri burchakli chuqurcha yasalgan, unda qizigan ko’mir saqlangan bo’lsa kerak.
Mehrobi bo’lgan xonadan sharq tomonda binoning qolgan ikki xonasi joylashgan, maydoni jihatidan bu xonalarning ikkalasi birga birinchi xonaning bir o’ziga taxminan baravar keladi. Shimol tomondagi binoning g’arbiy devorida uchta tokcha bo’lib, ulanring o’rtadagisi ravoqsimondir. Shu o’rtasidagi tokcha oldida ham o’t yondirilgan bo’lsa kerak, chunki tuproq pol biroz ko’tarilgan va kuygan. Bu xonadagi torgina eshik janubroqda joylashgan xo’jalik ehtiyojlari uchun mo’ljallangan xona bilan yonma-yon bo’lgan xonaga olib boradi; devorlar yonida o’tirish uchun supalar qilingan, g’arbi-janubiy burchakda suv saqlash uchun bo’lsa kerak xum turardi. Bu yerda odamlar to’planishib dam olishgan, suhbatlashishgan yoki ibodat qilishgan. Xonaning polida terrakotadan yasalgan ma’buda tasviri topildi.
Xo’sh, binoning, umuman “ozoda” ikkinchi yarmi qanday bo’lgan? Mehrobli xona, shubhasiz, ibodat qiladigan joy bo’lib, bu yerda zardushtiylar o’tga sig’inganlar: xonadagi mehrob va olov yoqiladigan joy, poldagi kul qatlami ana shundan dalolat berib turibdi. Yonma-yon joylashgan ikki xona ham diniy rasm-rusmlarni o’tash uchun mo’ljallangan, ulardan birida ovqat tayyorlash uchun mo’ljallangan o’choq topildi, ikkinchi xonaning tuzilishi esa ijtimoiy maqsadlar uchun mo’ljallanganini ko’rsatib turibdi. Etnografik kuzatishlardan shu narsa ma’lumki, tog’larda yashovchi tojiklarda yaqin vaqtlargacha kechqurun yig’ilishlar va umumiy suhbatlar o’tkazish uchun mo’ljallangan jamoa uylari (olov-xonalar) bo’lib, ular machit yonida joylashardi. Bu nomning (olovxona) o’ziyoq bu yerda o’t yoqilganini ko’rsatib turadi. O’tkazilgan kuzatishlarni qiyoslab shunday xulosa chiqarish mumkinki, qadim zamonlarda ham mehrobli ibodatxona yaqinida shubhasiz odamlar o’zlarining bo’sh vaqtlarini o’tkazadigan, mehmonlarni qabul qiladigan, shuningdek, ibodat qiladigan va o’rtada olov yonadigan xonalar joylashgan.
Binoning saqlanib qolgan qismlari bo’yicha, umuman uning planini tiklash mumkin emas. Bino o’zining old tomoni bilan g’arb tomonda joylashgan va hovuzi bo’lgan chuqurlikdan ancha baland turgan; sharqiy yalpi devor qadimiy xarobalarga tutashgan. Bu alohida qurilgan qasr tipidagi kata bino bo’lgan. Binoning milodiy I asr oxiridan ilgari qurilmagan va II-III asrlarda foydalanilganligini undan topilgan sopol topildiqlar kompleksi ko’rsatib beradi.