Ilk o’rta asrlarda Samarqandning suv bilan ta’minlanishi

Avvalgi davrlardagidek, ilk o’rta asrda ham Samarqandni suv bilan ta’minlash milodning boshlarida Zarafshondan chiqarilgan Darg’om irrigatsiya sistemasiga asoslangan edi. Darg’om sug’orish sistemasi Samarqand vohasining chap qirg’ogídagina emas, balki butun Zarafshon vodiysidagi eng yirik irrigatsiya inshootlaridan biri edi. U daryodan suv bog’lab oluvchi bosh to’g’on va ko’pgina darg’otlar bilan ta’minlangan edi.

Darg’omning bosh to’g’oni Samarqanddan janubi-sharqda Zarafshonning chap qirg’og’iga joylashgan edi. X-XII asr manbalarida bu joy Varqsar, ya’ni “To’g’onboshi” nomi bilan tilga olinadi. “Qandiya” asari muallifining tasvirlashiga ko’ra, Varqsardan Darg’omga bog’lab olingan suv to’rt shoxobchaga: Chokardiza, Muzaxim yoki Mazdahim, Iskandarg’om yoki Eskidarg’om hamda birga qo’shilgan Sangin va Sangrason kanallariga bo’lingan.

“Qandiya” asarida keltirilgan ma’lumotlarga ko’ra, Chokardiza kanalining uzunliigi 17 240 gaz bo’lib, unda 59 ta to’g’on qurilgan va u 1067 ta yer uchastkasini sug’organ. Ikkinchi Muzaxim yoki Mazdaxim kanali 45 ta ariqqa taralgan bo’lib, 2900 yoki 2750 ta yer uchastkasini sug’organ. Sangin va Sangrason kanallarini, aftidan, kichik ariqlardan iborat bo’lsa kerak, chunki ular atigi 275 ta yer uchastkasini suv bilan ta’minlagan. Tarmoqlar ichida eng yirigi Ikskandarg’om kanali bo’lib, bu kanaldan 10 900 ta yer uchastasi sug’orilgan. Nasafiyning so’zlariga qaraganda, Samarqand yaqinida har bir shoxobcha o’z navbatida yana ikkita tarmoqchaga bo’lingan. Shunday qilib, o’sha davrda Samarqandni va uning tevarak-atrofni sug’organ irrigatsiya sistemasi 8 ta kanaldan iborat bo’lib, bularda 680 ta to’g’on qurilgan; bu kanallar orqali jami 14 800 yer uchastkasini sug’orilgan. “Qandiya” tarixiy asarida tasvirlarngan Samarqandning qadimiy irrigatsiya kanallari shaharda mavjud hozirgi sug’orish tarmoqlariga mos keladimi va ularni qaysi kanallarga qiyoshlash mumkin? V.L.Vyatkin va V.V.Bartold o’z vaqtida shu savollarga javob berishga urinib ko’rgan. V.L.Vyatkinning fikricha, Chokardiza kanali hozirgi Shaharariq kanaliga to’g’ri keladi. Bu kanal Darg’omdan chiqarilgan Mazaxim yoki Maxdaxim kanali “23 chaqirimga cho’zilgan bo’lib, bundan taxminan 12 chaqirimi ‘”Devori qiyomat” nomi bilan mashhur bo’lgan Samarqandning tashqi devoir ichkarisidan o’tgan”. Bu kanaldan suv ichgan Mazdaxim mahallasi hozirgi shaharning g’arbiy qismida joylashgan. XIX asrning oxirgi va XX asrning boshlarida Mazdaxim kanali Navbaxchiyon nomi bilan mashhur bo’lgan. Hozirgi vaqtda esa bu kanal Jorariq deb ataladi va Samarqandning g’arbiy qismini sug’oradi.

V.V.Bartold Sangin va Sangrason kanallari Afrosiyobning g’arbiy darvozasi yonida (Sangrason qabristoni) oqqan deb hisoblaydi. “Hoja Muhammad Sangrason qabristonining kunbotar chek orasi, — deb yozadi “Samariya” tarixiy asarining muallifi Abu Tohirxoja, — Novadon arig’ining jarligidir. Bu ariq buloqlardan kelib, shahar ichidan o’tib, Siyahob arig’iga quyuladi”. Ana shu ma’lumotlardan ko’rinib turibdiki, Sangaron kanali Samarqandning qadimiy suv yo’li bo’lgan Novadon kanalining aynan o’zidir. Shunday qilib, Sangin va Sangaron kanallari, V.V.Bartold taxmin qilganidek, bitta magistralning ikkita tarmog’i bo’lmay, balki ular ayrim-ayrim mustaqil kanal bo’lgan. Ehtimol, Sangin Samarqandning g’arbiy qismida, Xo’jaariq va Jarariq o’rtasidan oqqan Chashma Siyobga to’g’ri kelar. V.L.Vyatkinning fikricha, Iskandarg’om to’g’risidagi qadimiy sharq qo’lyozmalarida keltirilgan ma’lumotlarda “Samarqandning shaharga yaqin bo’lgan tashqi devorlarining ichkarisidagi janubi-sharqiy qismini” sug’organ va Shavdor kanalining shoxobchalaridan biri bo’lgan Dashtak arig’i ko’rsatilgan.

Ko’rsatib o’tilgan to’rtta kanal asosan Afrosiyobdan janubda va g’arbda joylashgan yerlarni sug’organ, uning tevarak-atrofidagi shimoliy va sharqiy qismini esa Siyob va Obimashhad ariqlari sug’organ.

Shaharning asosiy kanali (Chokardiza) Afrosiyobdan taxminan 1 km janubda joylashgan Chokardiza qal’asining yonidan oqib o’tganligi sababli unga shu nom berilgan. Bu yerda X-XII asrlarda Samarqandning Chokardiza deb atalgan mahallalaridan biri joylashgan. Chokardiza nomi ikkita so’z birikmasidan iborat bo’lib, “chokar”-feodal harbiy drujinasi va “diza”-qal’a degan ma’noni bildiradi. Feodal drujinalari va ularning qal’alari O’rta Osiyoda asosan ilk o’rta asrda paydo bo’la boshladi. Binobarin, “Chokardiza” nomi ma’lum darajada shu narsadan dalolat beradiki, shahar kanali Chokardiza qal’asi qurilishidan ancha ilgari qazilgan. Shahar kanaliga yaqin joyda qad ko’targan bu qal’a XI asrdayoq qabristonga aylantirilgan.

Shaharning ichki qismi – Samarqand shahristoni Chokardiza kanalidan ajralib chiqqan maxsus tarmoq orqali suv bilan ta’minlangan. X-XII asrlardagi tarixiy manbalarda bu kanal “Jui Arziz”, ya’ni “Qo’rg’oshin arig’i” nomi bilan aytiladi. Shaharga suv tubiga qo’rg’oshin bilan qoplangan nova orqali oqib o’tganligi tufayli unga shu nom berilgan.

“Jui Arziz” va usti qo’rg’oshin bilan qoplangan nova o’tgan ravoqli inshoot X asrda yashagan arab geograflarining asarlarida tasvirlangan. “Oqar suv, — deb yozadi Istaxriy, — qo’rg’oshindan yasalgan nova (rasos) orqali o’tib shaharga kiradi. “Misgarlar” (as-Safforun) degan joydan keladigan suv toshdan qurilgan baland to’g’on (Musannot) dan oqib o’tib, Samarqandning Kesh (janubiy) darvozasi orqali shaharga kiradi; bu shoxobchaning tashqi tomoni (vaj), to’g’rirog’i, uning “beti” qo’rg’oshin bilan qoplangan. X asrda yashagan arab geograflarining so’zlariga qaraganda, suv inshooti o’tadigan joy Rasattoq yoki forscha Saritoq, ya’ni “Ravoq boshi” deb atalgan.

X asrda yozilgan “Xudud al-olam” geografik asari noma’lum muallifining yozishicha, “Qo’rg’oshin arig’i” – Jui Arziz Samarqand shahridagi bozor yuqorisidan o’tgan. Bu nomning o’ziyoq shundan dalolat beradiki, qadimiy Samarqandning suv inshooti usti qo’rg’oshin bilan qoplangan nova ravoqlar ustiga o’rnatilgan va Jui Arziz kanalining suvi shaharga shu nova orqali kirgan. Bu noyob gidrotexnika inshooti, X asrda yashagan arab geograflari yozganidek, toshdan emas, balki kul aralash ohak qorishmasi bilan g’ishtdan ishlangan. Arxeologik Hazrati Xizr masjidi yonidan topgan yirik pishiq g’ishtlar ana shundan dalolat beradi. To’g’ri burchakli g’ishtlarning kattaligi 53x40x9 sm, 42x20x9 sm; kvadrat g’ishtlarning 42x42x9 sm va ponasimon g’ishtlarning asosi 28 va 36 sm, balandligi 48,5-49 sm, qalinligi esa 8.5-9 sm dir. Bu inshootning aniq qurilgan vaqti hozircha aniqlangani yo’q, X asrda yashagan geograf Istaxriyning so’zlariga qaraganda, bu qurilish Afrosiyob shahar devorlarining qad ko’tarishi bilan bog’liq bo’lgan. “Gap shundaki, — deb yozadi Istaxriy, — shahar atrofida chuqur xandaq bor, uning tuprog’i shahar devorlarini qurish uchun ishlatilgan, shahar atrofida katta xandaq shu tariqa paydo bo’lgan va shaharga suv o’tqazish uchun uchun shu xandaq ustiga inshoot qurish zarur bo’lgan”. Arxeologlar Afrosiyobning tashqi devoir VIII asrning o’rtalarida va IX asrning birinchi yarmida qurilgan, deb hisoblaydi.

Jui Arziz kanalining bosh inshooti ilk o’rta asrda Samarqandni suv bilan ta’minlashda g’oyat muhim rol o’ynaganligi sababli mahalliy hokimlar bu kanalga alohida e’tibor berganlar. X asrda Jui Arziz qirg’oqlarlarining Saritoq degan joyidagi yer uchastkasidan olingan daromad qo’rg’oshin novasini tuzatish uchun sarflangan. Shahar ma’muriyatining alohida topshirig’iga asosan ana shu irrigatsiya inshootini tuzatishdagi hashar ishlari samarqandlik otashparastlar zimmasiga yuklatilgan edi. Ular ana shuning uchun jon boshidan olinadigan soliqdan ozod qilingan edilar. Istaxriyning so’zlariga qaraganda, nazoratchilar inshootni butun yil davomida qarab turishlari lozim edi.

Afrosiyobni suv bilan ta’minlab turgan qadimiy sistemaning qurib qolgan o’zanlarida o’tkazilgan arxeologik qazishmalar natijasida shu narsa aniqlandiki, ilk o’rta asr davrida shahar xarobasi territoriyasida yangi kanal qazilgan bo’lib, qadimiy o’zan ustidan o’tkazilgan. Shuning uchun o’rta asrdagi kanal qadimiy kanal singari asosan uch asosiy tarmoqqa; markaziy, g’arbiy va sharqiy tarmoqlarga bo’lingan. Markaziy o’zan o’rnida olib borilgan qazishma ishlari shuni ko’rsatadiki, o’rta asrdagi kanal qadimiy kanalning o’ng qismida o’tkazilgan. Shuning uchun ham qadimiy kanalning sharqiy qirg’og’i yangi kanalning o’ng qirg’og’i bo’lib qolgan. O’rta asrdagi kanal qazilgan vaqtda qadimgi o’zanning g’arbiy qismi tuproq bilan to’ldirilgan va uning ustidan kengligi 4 metrgacha keladigan yo’l solingan.

VIII asrda So’g’dda arab istilosi va xalq qo’zg’olonlari bo’lib turgan davrda kanal juda sayozlashib qolgan. Uning tagi loyqa bilan to’lib ko’tarilgan bo’lib mumkin, chunki bu davrda irrigatsiya sistemasiga yetarli e’tibor berilmagan. Yangi kanalning dastlabki kengligi 3 metr, chuqurligi 1,5 metrga yetgan, keyinchalik esa kanalning eni torayib 2 metrgacha, tubining eni 80 sm gacha kelib qolgan. Shu bilan bir, o’zanni tozalash natijasida to’plangan madaniy-irrigatsiya cho’kindilari hisobiga boshda chap qirg’oq bilan bir tekisda bo’lgan uning o’ng qirg’og’i 1 metrgacha ko’tarilgan. Bu tabiiy bir hol edi, chunki kanalning g’arbiy qirg’og’idan yo’l o’tar va uni to’sib qo’ymaslik uchun kanalni tozalagan vaqtda loyqa faqat sharqiy qirg’oqqa tashlanar edi. Sharqiy qirg’oqni suv yuvib ketishining oldini olish va qirg’oqdagi tuproqning nurab tushishiga yo’l qo’ymaslik uchun bo’lsa kerak, o’rta asrdagi kanalning chap qirg’og’i Cho’ponotadan olingan slanets, pishiq g’isht va qalin sopol bilan qoplangan. Shunday qilib, Afrosiyobning o’rta asrdagi shahar kanali ikki davrni boshidan kechirgan va 1220 yilda Chingizxonning bosib olishi natijasida shaharni suv bilan ta’minlovchi Jui Arziz bosh inshooti vayron qilinganiga qadar ishlab turgan.

O’rta asrdagi kanalning asosiy o’zanlaridan suv oqib turgan butun davr davomida ulardan bir necha mayrda ariqlar chiqazilganligi, ayrimlaridan sopol quvurlar yordamida suv deyarli xonadonlargacha va o’rta asr Samarqandining hunarmandchilik ustaxonalariga kirgan. Bunday quvurlar qazishmalar vaqtida yuqori qatlamlardan topilib turadi. Ibn Havqalning quyidagi so’zlari ana shundan dalolat beradi: Samarqandda “oqar suv kirmagan biror ko’cha va biror hovli deyarli yo’q edi, faqat ba’zi uylargina bog’siz edi”. Afrosiyobning baland joylariga suv chig’irlar yordamida chiqarilgan. Shahar tarmog’ining janubiy o’zanida, Shohizinda ansamblidan taxminan 150 m g’arbda topilgan chig’ir xandag’i ana shundan dalolat beradi. Chig’ir xandag’ining chetlariga tosh terilgan.

Aholi oqar suvdan tashqari, quduqlarning suvidan ham foydalangan. Afrosiyob territoriyasida bir necha qadimgi quduq o’rni topildi. Bu quduqlarning og’zi tosh plitalar bilan yopilgan, ularning ichi 2-2,5 metr chuqurlikdagi qismi ohak qorishmasi bilan pishiq g’ishtdan mustahkam ishlab chiqilgan. V.L.Vyatkinning tasvirlashicha, ana shunday quduqlardan birining qurilishi juda original bo’lib, “Quduq 35 gradus qiyalikda pastga tushgan yo’lakdan iborat bo’lib, — deb yozadi V.L.Vyatkin, — u yarim gumbaz shaklida, balandligi odam bo’yi va eni bir metrdan sal kamroqdir, bu yerda odam ko’za ko’tarib bemalol yurishi mumkin. Yo’lak 42 metr chuqurlikda gumbazli o’tovsimon xona shaklida tugardi, uning yeri o’rtasida buloq suvi to’lib turgan hovuzcha bor. Yo’lakda zinalar qilingan, devorlarida esa dam olish uchun o’tirg’ichlari bo’lgan tokchalar ham bor. Tokchalarning devorlari sham yoki qora chiroqning kuyasi bilan qoplangan”. Ana shu suv inshooti o’z konstruksiyasi jihatidan karvon yo’llarida ko’p uchraydigan va Osiyoda “sardoba”lar, Ozarbayjonda esa “Avdon” deb atalgan gumbazsimon inshootlarni eslatadi.

Darg’om kanalining bosh qismida, Varqsar degan yerda joylashgan to’g’on Samarqandni va uning tevarak-atrofidagi yerlarni suv bilan ta’minlash va sug’orishda alohida rol o’ynagan. X asrda Varqsar to’g’onini nazorat qilish Varqsar aholisiga yuklangan hashar majburiyati bo’lib, ular buning evaziga xiroj to’lashdan ozod qilingan. “Qandiya” asarida keltirilgan ma’lumotlarga qaraganda, Varqsar aholisi qirq ming kishidan iborat bo’lgan.

To’g’on strategik jihatdan katta ahamiyatga ega bo’lgan, chunki uni egallab olib, Samarqandni suvdan mahrum qilish mumkin edi. Shuning uchun ham Varqsar ilk o’rta asrdayoq qo’sh devor bilan o’rab olingan mustahkam qal’aga aylantirilgan. Ana shu devorning qoldiqlari qisman hozirgacha saqlanib qolgan. Qal’aning uzunligi taxminan 600 m, kengligi 300 m bo’lgan. Bu qal’a muhim ahamiyatga ega bo’lib, birinchidan, kuzatuv punkti vazifasini o’tagan. Bu yerdan Zarafshon toshgan paytlarida Darg’om to’g’onining holati doimo kuzatib turilgan. Ikkinchidan, bu qal’adan to’g’onni ajnabiy bosqinchilar hujumidan saqlab turadigan mudofaa punkti sifatida foydalanilgan. So’g’dning qadimgi hokimlari qal’ada ko’plab harbiy kuchlarni doimo saqlab turishgan. Nasafiyning ma’lumotiga qaraganda, Varqsarda to’rt ming otliq va o’n ming piyoda jangchi – “g’oziy”lardan iborat kuchli qo’shin turgan.

Ajnabiy bosqinchilar va mahalliy feodallar g’arazli maqsadlarni ko’zlab, Varqsar to’g’onini buzishga bir necha bor urinib ko’rganlar.

Chunonchi, Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir at-Tabariyning ma’lumotiga qaraganda, 721 yilda, so’g’dliklar xalifalikka qarshi qo’zg’olon ko’targan paytda Xuroson noibi Said Husayn (720-721) Samarqand va uning atrofidagi joylarning aholisini suvdan mahrum qilish maqsadida Darg’om kanalining Varqsardagi “boshini” to’sishga urinib ko’rdi. Biroq so’g’dliklar Varqsarni qattiq turib himoya qildilar, Xurosonning boshqa bir noibi Asad ibn Abdulla (735-739) umoviylarga qarshi Movarounnahrda boshlangan harakatni bostirish maqsadida 736 yilda Samarqand ustiga yurish qilib, uni bosib ololmaganidan keyin, Varqsarda to’g’onida suv boshini to’sib shahar aholisini suvdan mahrum etishga ahd qilgan. Tabariyning yozishicha, ana shu ishlarda Asadning o’zi shaxsan qatnashgan. Biroq xalifalikning xurosonlik noibi bus afar ham so’g’dliklarni suvdan mahrum qilolmagan va Samarqandni bosib ololmagan.

Shunday qilib, o’rta asrlarda Chingizxon Samarqandni vayron qilgunga qadar shahar va uning tevarak-atrofidagi joylar Zarafshon suvi bilan Darg’om sug’orish sistemasi orqali sug’orib kelingan. Mo’g’ullar istilosidan keyin Afrosiyobda hayotning qayta tiklanmaganligi sabablaridan biri ham bu yerdagi qo’rg’oshindan qilingan osma quvurning buzilganligi bo’lsa kerak. Chunki bu inshootni qayta tiklashga xarob qilingan va talab ketilgan Samarqandning qurbi yetmas edi.

Добавить комментарий