Samarqandning G’arbiy Yevropa davlatlari bilan tashqi siyosat sohasidagi aloqalari
XIV-XV asrlar o’rtasida Amir Temurning shaxsi zamondoshlarining e’tiborinigina o’ziga jalb etib qolmay, balki jahon siyosati doirasida yuz berayotgan barcha voqealarga ham ta’sir ko’rsatdi. Unda o’z davrining murakkab siyosiy vaziyatini tushunib olish uchun yetarli darajada iste’dod bor edi.
Temurning hayoti va faoliyati asosan ofitsioz xaraktrda bo’lgan Sharq manbalarida batafsil yoritilgan. Temur bilan G’arbiy Yevropa davlatlarining boshliqlari o’rtasida olib borilgan diplomatic yozishmalar ham hozirgi kunimizgacha yetib kelgan. Temur to’g’risida yozgan tarizchilarimiz bu hujjatlarni o’rganmaganlar. Bu yozishmalar Temur o’zining g’arbga “yetti yillik” yurish davri (1399-1404 yillar) deb atalgan va qudratli Usmon imperiyasiga qarshi urush boshlashga qaror qilgan XV asrning boshlariga taalluqlidir.
XV asrning oxiri Bolqon yarim oroli tarixida Turkiyaning harbiy qudrati tez o’sganligi bilan xarakterlanadi. Turklarning Yevropa xalqlari bilan birinchi katta to’qnashuvi 1389 yilda, Serbiyaning Kosovoye maydonida bo’ldi. Turklar bir qancha g’alabalarni qo’lga kiritib, Serbiya va Bolgariyani bosib oldi. Vengriyaga xavf tug’dira boshladi hamda 1396 yilda G’arbiy Yevropa va Bolgariya ritsarlarini mag’lubiyatga uchratdi. Turk sultoni Boyazid Konstantinopolni bosib olishga tayyorgarlik ko’ra boshladi. Vizantiya imperatori Manuil Paleolog Yevropadagi qirol saroylariga shaxsan borib, ulardan yordam so’rashga jazm qildi. Karl Marks “Xronologik yozishmalar”ida shu munosabat bilan bunday yozgan edi: “Manuilni hamma joyda aslzoda gadoy sifatida qabul qildi. Parijda uni quruq tantana va dabdabalar bilan kutib oldi”.
Manuil Konstantinopoldan ketayotgan paytda (1399 yil dekabr) Bolqon yarim oroli va Arxipelag orollari juda ayanchli ahvolda edi. Yevropa davlatlari xavfning oldini olish vositalarini turli yo’llar bilan qidirar, o’zlarini qutqazib qolish uchun har qanday bitimlar tuzishga tayyor edi. Birovlar o’z raqiblariga qarshi kurash olib borish uchun turklar bilan bitim tuzish maqsadida ular oldida xushomadgo’ylik qilar, boshqa birovlar turklar qarshi kurashmoq uchun papa boshchiligida koalitsiya tuzishga umid bog’lar edilar.
Tez orada xalqaro ahvol o’zgardi. Usmon imperiyasining o’zini ham xavf ostida qoldirgan voqealar ro’y berdi. Temur Boyazidning Kichik Osiyodagi eng xavfli raqibi bo’ldi. Bu yerda ikki istilochining: o’sha vaqtda o’z harbiy qudrati jihatidan eng yuksalgan Temur bilan G’arbiy Yevropaga dahshat solib turgan Boyazidning manfaatlari duch keldi.
Boyaziddan yengilib, yer-mulklaridan mahrum bo’lgan Kichik Osiyo mamlakatlarining amirlari Temurdan boshpana topdilar va uni Usmon territoriyasiga bostirib kirib, turklarni bir yoqli qilishga undadilar.
G’arbdagi xristian davlatlarining: Vizantiya regent va Genuya hokimi Galat (Konstantinopol atrofi), fransuz qirol Karl VI, Sultoniya shahrining katolik missionerlari (Shimoliy Eronda) yordam so’rab, Temurga murojaat qilganliklari, Konstantinopol va Peri (Konstantinopol atrofi) aholisining og’ir ahvoli haqida, Sharqdagi katolitsizm sobiq markazining bergan xabari Temurning Boyazidga qarshi kurash boshlashiga turtki bo’ldi. Temurning ana shu da’vatlarga quloq solmay ilojisi yo’q edi.
Temur Turkiya bilan bo’lajak to’qnashuvda o’zining quruqlikdagi operatsiyalarini italyanlar va greklarning dengizdagi harakatlari bilan muvofiqlashtirib olib borishga umid bog’lagan bo’lsa kerak. Shuning uchun ham Temurga Trapezund bilan Konstantinopol yordam berishi zarur edi, bu joylarda hali harbiy kemalar bor edi. Temurning o’sha vaqtda yirik dengiz kuchlariga ega bo’lgan Genuya bilan Venetsiyaga sovg’a va xatlar bilan elchilar yuborishi shu maqsadni nazarda tutgan bo’lishi ehtimol, lekin buning tafsiloti bizga ma’lum emas.
1402 yilning bahorida ispaniyalik va konstantinopollik elchilar Trapezund orqali Amir Temurning oldiga kelgan vaqtda, Vizantiya imperatori Manuil Yefrat daryosi qirg’oqlari bo’yida Temurga to’sqinlik qilmoqchi bo’lib, bir necha bor sust urinishlaridan keyin itoat edi va shaxsan o’zi uning oldiga keldi. Temur Trapezundga yurish boshlab, imperatorni o’z mamlakati va dengiz kuchlari bilan turklarga qarshi harbiy harakatlarda qatnashishga majbur etdi. Biz bularning hammasini Temurning imperator Manuilning Konstantinopoldagi noibi Ionai Paleologga yozgan xatidan bilib olamiz, chunki Manuilning o’zi o’sha vaqtda, yuqorida ko’rsatib o’tilganidek, G’arbiy Yevropa hokimlarining saroylariga borib, Turkiyaga qarshi kurashish uchun ulardan yordam so’rab yurgan edi. Venetsiyalik zodagon tomonidan Konstantinopoldan Venetsiyaga olib borilgan bu xat bizga asl nusxada emas, balki bir oz buzilgan italyancha tarjimada yetib kelgan. Italyan tarixchisi Marino Sanudo (XV-XVI asrlar) bu xatni o’zining “Venetsiya podsholarining hayoti” degan asarida bosib chiqargan.
Tekstiga zarur tuzatish va aniqlik kiritilgandan keyin (biz ularni qavs ichiga olganmiz) va shu noyob hujjatning rus tilidan qilingan o’zbekcha tarjimasi quyidagichadir:
“Kirmanoliya imperatorining bosh muxtor vakiliga
Aleksandr bilan birga yuborgan monax Franchesko yetib keldi va sening xatlaringni menga topshirdi. Biz ularni ko’rdik va o’qib chiqdik. Biz endi senga aytmoqchimiz: ana shu xatlarning orqali tinchlik va osoyishtalikka bo’lgan ishonchimiz ilgarigidan ham mustahkamlandi. Monax Franchesko birinchi marta kelgan (vaqt)dayoq menda yaxshi niyatlar paydo bo’lgan edi. Trapezund imperatori (Manuil III) unga (yo’lda) katta to’sqinlik ko’rsatgan, bu narsa bizni taajjubga soldi va ana shu sababga ko’ra biz olloning panohi ostida u yerga (Trapezundga) yurish uyushtirdik va men unga (Trapezund imperatoriga) suzishga yaxshi tayyorlangan 20 ta kema bo’lishi kerakligini buyurdim. Agar bizning so’zlarimiz adolatli bo’lsa (bizning buyruqlarimiz Trapezundda ijro etish uchun qabul qilingan), u holda bu yerga (bizning lagerimizga) bizning elchilarimiz kelishadi (ular Trapezundda qoldirib ketilgan edi); hozir turgan joydan biz Yildirimga qarshi kurash boshlashimiz kerak. Sening odamlaring bu yerga kelishi bilanoq, biz zarur hisoblangan masalalarni birgalikda muhokama qilamiz. Biz shuning uchun ham monax Francheskoni sening huzuringga yubormadikki, shiddatkor Boyaziddan elchi kelishini kutib turibmiz, chunki Boyaziddan shaxsiy elchining kelishi to’g’risida ishonchli xabarlar oldik va monax Franchesko o’sha (turk) elchi bilan birgadir. Monax Franchesko o’sha elchiga (Manuil noibi nomidan) quyidagilarni aytdi: “Konstantinopol bilan Perining Boyazidga to’lagan soliqlarini endilikda ulug’ senor Temurga berishni xohlayman”. Biz bunga qo’shilamiz. Mana shu sababga ko’ra men (keyinchalik) Boyazidni og’ir ahvolga solib qo’yishni istamagandim. Mana, endi zero Boyazid seni tinch qo’ymayotgan ekan, men uning yo’lini to’saman (unga qarshi chiqaman). Agar Boyazid senga aholi yashaydigan joylarni va qal’alarni qaytarib bersa, yetkazilgan ziyon va zararlarni (to’lasa), u holda men u bilan urushmayman. Shunday qilib, sen menga mulklaringni qaytarib bergan-bermaganligini yozib yuborgin. Bu xatda menga ochiq-ravshan yozib yuborgin, chunki bizning odamlarimizning Trapezundda boshidan kechirgan ko’ngilsiz voqealarni eshitdim va shaxsan o’zim Trapezund yaqiniga keldim (va uni bo’ysunishga majvur etdim), bu haqda sen hech ham shubhalanma. Shunday, sen menga aytmoqchi bo’lganlaringni aniq-ravshan yozib yuborgin, chun Trapezund imperatori va uning odamlari huzurimizga (lagerga) kelishadi, shu boisdan biz qabul qilgan shartnoma (bizning o’zaro shartnomamiz) sening uchun buzilmas va ishonchli bitim bo’lishi kerak.
Mana shu Isxoq (xatni topshiruvchi) senga aytadigan barcha gaplar va xatimning mazmuni ochiq-ravshan, xullas, sen 20 ta kemani olib, ular bilan Trapezund tomon suzishing kerak.
Biz olloning yordami bilan yuzimizga dog’ tushirmay va ishonch bilan aniq maqsadga erishish uchun qadam tashladik.
Bu xat 15 mayda yozildi va ishonchli bo’lishi uchun biz unga o’z muhrimizni bosdik”.
Xatda keltirilgan ba’zi ma’lumotlarni Konstantinopol imperatori va Peridagi genuyaliklarning Temurga xizmat qilish va unga “odamlar va kemalar bilan” yordam berish majburiyatini olganliklari to’g’risida Klavixoning kundalik daftarida qayd etilgan yozuvlar ham tasdiqlashi mumkin. Biroq Vizantiyaning bosib olinishini yarim asrga kechiktirgan Anqara jangidan keyin Genuya floti katta haq evaziga yakson qilingan turklarni Osiyodan Yevropaga tashishga rozi bo’lgan bo’lsa kerak. Trapezundlik Manuilning o’zi ham shartnomani bajarmadi va turklarga oshkora yordam berdi, Temurda esa Manuildan o’ch olish uchun kemalar yo’q edi.
Imperator Manuilning Parijda bo’lishi to’g’risida uning zamondoshi va Manuilni Parijda o’z ko’zi bilan ko’rgan Sen-Denida (Parij atrofidagi shaharcha) yashagan monaxning yozganlari ham diqqatga sazovordir. Uning xabar berishicha, Anqara jangidan keyin Tambellan (avtor Temurni shunday deb ataydi) Manuilning Konstantinopoldagi noibiga yozgan xatida Fransiyadan o’z amakisini chaqirtirib olish zarurligi haqida aytgan, buning uchun unga Boyazid bosib olgan barcha joylarni qaytarib berishni va’da qilgan.
Temur Konstantinopolga bormadi va Boyazid vaqtida bo’lganidek, Vizantiya imperatoridan boj olish va uni bilvosita bo’ysundirish bilan kifoyalanib qo’ya qoldi. Bu esa Konstantinopol noibi Ioann Paleolog bilan Temur o’rtasida olib borilgan muzokalardan ko’rinib turibdi. Bu muzokalar haqida biz yagona manba – Temurning xatidan bilamiz. Mazkur hujjatning tarixiy qimmati ham ana shundadir.
Temur Kichik Osiyoda bo’lgan vaqtida sulton Boyazid bilan diplomatic aloqa olib borishdan tashqari Trapezund va Konstantinopoldan dengizda o’ziga madad qidirdi, shu bilan birga, G’arbiy Yevropadagi ancha olis davlatlar: Valua sulolasidan bo’lgan fransuz qiroli Karl VI (1380-1422) va Angliya qiroli Genrix IV Lankasterskiy (1399-1413) bilan diplomatik yozishmalar ham olib bordi.
Yozishmalarga qaraganda, yevropaliklarning ham, Temurning ham bitta umumiy dushmani – qudratli Usmon imperiyasi bor edi.
Fransiya Vizantiya imperiyasining taqdiriga bevosita qiziqar edi. Genuyaliklar – fransuz fuqarolarning yer va mulklarini, ayniqsa ularning G’alatadagi koloniyalarini himoya qilish uchun Fransiya Temurdan madad kutar va u bilan diplomatik munosabatlar o’rnatishga urinar edi. Temur bilan Karl VI o’rtasidagi saqlanib qolgan yozishmalar xarakteriga ko’ra, Karl VI ning taklifiga rad etilmagan va fransuz qirolini Temur jiddiy qo’llab-quvvatlagan, deb aytish mumkin. Ularning bir-birlariga rasmiy elchilar yuborganliklari to’g’risida bizda ma’lumotlar yo’q, biroq Parij Milliy kutubxonasida saqlaayotgan ular o’rtasidagi diplomatik yozishmalar esa Anqara jangidan keying davrga taalluqlidir.
Temur bilan Karl VI o’rtasidagi ana shu yozishmalarni XIX asrning boshlarida yashagan taniqli fransuz sharqshunosi Silvestr de Sasi birinchi bo’lib shug’ullangan edi. Ana shundan 100 yildan ko’proq vaqt mobaynida, garchi G’arbiy Yevropa olimlari fransuz shaqshunosining asariga murojaat etib turgan bo’lsa-da, ushbu masalaga bag’ishlangan maxsus asarlar paydo bo’lmadi.
1928 yil Bombayda Eron sharshunosi Mirzo Muhammadjon Qazviniyning maqolalar to’plami nashr etildi. Ana shular orasida bitta maqola Temurning Karl VI ga yozgan xatiga bag’ishlangan edi. Muallif asosan S. de Sasining tadqiqotiga tayanib, ba’zi bir qo’shimcha sharhlarni beradi. Bu maqolaning eng muhim tomoni shundaki, muallif xatni bosib chiqardi, vaholanki, S. de Sasi esa xatni lotincha tarjimada faksimilesiz e’lon qilgan edi.
Temurning Karl VI ga yozgan fors-tojik tilidagi xatining tarjimasi quyidagicha:
“Ulug’ amir Temur Ko’ragoniyning umrlari uzoq bo’lsin.
Redifrans podshosi mazkur do’stidan yuz minglarcha salomlarni qabul etishini so’raydi va (unga) ko’p yaxshi istaklarini izhor qiladi (ya’ni baxt-saodat haqidagi istaklar).
Salomlarini topshirgach, aqlda yagona ulug’ Amirga shu narsa ma’lum bo’lsinki, bu mamlakatga qirol xatlarini olib kelgan va ulug’ Amirning shon-shuhrati, ulug’vorligi va qudrati to’g’’risida gapirib bergan monax Franchesko orqali ko’pgina narsalarni bilib oldik va juda xursand bo’ldik. U shuningdek, bizga shu narsani aytib berdiki, (amir) ko’p qo’shin bilan safarga chiqqan va olloi taoloning yordami bilan bizning ham, sizlarning ham dushmanlaringiz ustidan g’olib chiqqan va ularni yer bilan yakson qilgan.
Endi sizning huzuringizga Sultoniya yepiskopi monax Ionani yuborildi va u Sizga ro’y bergan voqealarning hammasini gapirib beradi.
Endi biz ulug’ amirdan doimo xat yuborib, o’zining sihat-salomatligi haqida yozib (bizning), ko’nglimizni tinchitib turishini istaymiz.
Bundan tashqari, ana shu (bizning) mamlakatimizga savdogarlaringizni yuborib turishingizni istar edik, biz ularni bu yerda hurmat va ehtirom bilan kutib olamiz. Bizning savdogarlarimiz ham (sizning) o’lkangizga borishlari (kerak) va ularga ham ana shunday hurmat va ehtirom ko’rsatilishiga ishonamiz. Ularga hech kim zo’rlik qilmaydi va ortiqcha haq olmaydi, chunki dunyo savdogarlar tufayligina gullab-yashnamoqda.
Biz yana nimalarni hal etishimiz kerak?
Podsholigingiz uzoq yillar baxtiyor bo’lsin. Salom bilan 805 hijriy yilning muqaddas muharram (oyi)ning birinchi kunida yozilgan”.
Bu xatning asl nusxa ekanligi shubha tug’dirmaydi, chunki uning ikki joyiga Temurning uncha katta bo’lmagan muhri bosilgan.
Parijdagi Milliy kutubxonada Temurning Karl VI ga yozgan ikkinchi xati ham saqlanmoqda. Bu xat bizning davrimizgacha lotincha tarjimada yetib kelgan. Hujjatning sarlavhasida yozuv bor, bu yozuv tarjimasi quyidagicha ma’noni bildiradi: “Bu hokim Temurbek xatning nusxasi yoki bayoni bo’lib, bu xatni u Fransiya qiroli hazrati oliylariga yuborgan. Xat fors tilidan lotin tiliga tarjima qilingan”. Xatning forscha asl nusxasi saqlanmagan bo’lsa kerak, har holda S.de Sasining ko’rsatishicha, Fransiya arxivida bu xat topilmagan. Ikkinchi xat ham o’sha kuni, ya’ni 1402 yilning 1 avgustida yozilgan. Bu xatda Temurning Boyazid ustidan qozongan g’alabasi to’g’risida gapiriladi. Demak, bu xat birinchisidan keyinroq, Anqara jangidan so’ng tayyorlagan bo’lsa kerak.
Temurning Karl VI ga yozgan xatining tarjimasi quyidagicha:
“Biz – Temur Ko’ragoniy so’zimiz.
Dunyoning mo’tabar va muzaffar hokimi, buyuk janglarda g’olib chiqqan malik va sulton, fransuzlar va boshqa ko’pgina xalqlarning qiroli, sizga salomlar yo’llayman va tinchlik tilayman.
Biz chin do’stlarga (xos) bo’lganidek, sizning hamishadagidek baxtiyor bo’lishingizni istaymiz; sizning nomingiz shunchalik mashhurki, olis-olis mamlakatlargacha ham yetib borgan va sizning shon-shuhratingiz barcha podsholar orasida kent tarqalganini biz butun Sharqning arxiyepiskopi monax Ioanidan eshitdikki, u ilgari mening huzurimga qandaydir fransuzlar tomonidan yuborilgan edi. Ochig’ini aytganda, monax Franchesko Satru tomonidan yuborilgan ekan; biz sizning hokimiyatingiz kuchi ko’pgina mamlakatlarga yoyilganligini eshitib, juda shod bo’ldik; bu haqda biz yaqinda Turkiyada bo’lganimizda eshitdik; bundan tashqari, savdogarlarning foydalari haqida ko’pgina ajoyib ishlar haqida, sizning saroyingizdagi ulug’vorlik, qudrat va tartib haqida, shuningdek, sizning turk sultoni Boyazidga dushman ekaningizni eshitib (yana ham) quvondik, qonun va dinga qaragamda, Boyazid men bilan birga bo’lishi kerak edi, biroq u men bilan va do’stlarim bilan tuzilgan shartnomaga rioya qilmadi, shuning uchun biz uni mahv etishga qaror qildik va yuqoridagi monaxlar gapini eshitib va sizning vakillaringiz tomonidan berilgan va’dalarga asosan, biz Turkiya chegaralariga o’tib, sizning ham, bizning ham dushmanimizni ham xudoi taoloning yordamida qisqa vaqt ichida Boyazidni ham, butun mamlakatini ham tor-mor qildik; va ulug’ davlatlar va do’stlar orasida bu kabi katta ishlar to’g’risida xabarlashib turish odati mavjud bo’lganligi uchun ham biz hazrati oliylari huzuriga arxiyepiskopi Ioanni yubordik. Uni biz sizning (shu bilan birga) bizning ham (kishimiz) sifatida yubordik, u bizning ahvolimizga to’g’risida, bu yerdagi mamlakatlar haqida va sizning raqibingiz to’g’risida batafsil gapirib beradi va sizga (odamlaringizga) nisbatan bo’lgan bizning muhabbatimiz va hamjihatligimizni gapirib beradi, shuningdek, ana shu kunlarda (sizning odamlaringizga) ko’pgina foyda yetkazishga sabab bo’ldik, siz va sizning (odamlaringizga) barcha hurmat va ehtiromni o’rinlatdik; Siz diniy ishlardan tashqari hamma ishda ishonchli kishi bo’lgan uning og’zidan eshiting.
Biz sizning ahvolingiz yaxshili haqida eshitishni istaymiz, bundan keyin sizning (odamlaringiz) va bizning yerlarimiz, bizning (kishilarimiz) va sizning o’lkangiz kishilari o’tgan avlodlarimiz davridagidek, borib-kelib tursalar, sizning va bizning nomimizni hamma joyda olqishlab tursalar, mamlakatimiz savdogarlari uchun foyda keltirishsa, ko’p xursand bo’lar edik. Shuni ham aytish kerakki, endilikda bizning yurtimizda savdogarlaringizning xavfsizligi ta’minlanadi, aytilishi lozim bo’lga boshqa ishlar va aloqalarning hammasi to’g’risida yuqorida nomi tilga olingan arxiyepiskop gapirib beradi. Chunki bu yerlarda uzoq vaqt bo’lib, ko’pgina narsalardan xabardor.
Sabasta (Sivas) yaqinida muharram oyining birinchi kuni, Muhammad yilining sakkiz yuz beshinchisi yozilgan”.
Ushbu xatning tahlili quyidagi xulosalarni chiqarish imkonini beradi:
- Lotin tahriridagina saqlanib qolgan Temurning ikkinchi axti o’zining shakli va mazmuni jihatidan birinchi xatning asl nusxasidan keskin farq qiladi;
- Lotincha tarjimada keltirilgan ko’pgina narsalar tojikcha originada (agar shunaqa asl nusxasi bo’lgan taqdirda) aftidan, yo’q bo’lsa kerak, chunonchi: Karl VI ga “sulton” unvonining berilishi; monax Ioann din masalasidan boshqa hamma ishlarda ishonchli odam deb aytilgan gaplar; xatning jo’natilish vaqti va joyining tarixiy haqiqatga zidligi;
- Xatning lotincha teksti muharriri, aftidan, monax Ioann bo’lsa kerak. Chunki u ushbu xatda qirolning ko’klarga ko’tarib xushomadgoýlik qilish, arxiyepiskopning obroýini mustahkamlash (chunki xatda u butun Sharqning arxiyepiskopi deb nomlanadi) va o’z zimmasiga yuklatilgan diplomatik vakolatning ahamiyatini yana oshirish uchun xatni shunday tahrir etishga harakat qilgan;
- Xatning tojikcha teksti umuman bo’lmasligi ham ehtimoldan holi emas. Xat Temur nomidan arxiyepiskop Ioann tomonidan yozilgan bo’lib, keyinchalik 1403 yilda Fransiyaga olib kelingan bo’lishi ehtimol. Xatlarning asl nusxasi bor-yo’qligi haqida Fransiya arxivlarida ma’lumot yo’q. Xatning sarlavhadagi yozuv avtori bu xat fors tilidan lotin tiliga tarjima qilingan deb qaysi ma’lumotga asoslanib gapirgani bizga ma’lum emas.
“Franklarning qilgan ishlari haqidagi davriy yozuvlar” da arxiyepiskop Ioann elchixonasining 1403 yil mayda Parijga kelganligi haqida keltirilgan ma’lumot diqqatga sazovor. Xronikada aytilishicha, Temur elchisi Parijga kelgach, tantanali vaziyatda o’zining kelish maqsadlarini bayon etgan, chunonchi: 1) Temurning Turkiya ustidan qozongan g’alabasi, sultonni asir tushirishi, Boyazid asir olgan xristianlarni ozod qilishi va Temurning boshqa xristianlarga ozodlik berishi to’g’risida (agar shunday kishilar topilsa) xabar berish, 2) Fransiya saltanatining ulug’ligini ko’rish va Temur davlatinign dabdabasi haqida gapirib berish istagidan iborat edi.
Solnomada yozilishiga ko’ra, kein elchi uning elchixonasi – xristian dini uchun foydali bo’lgan ikki jiddiy masalani taklif qilishini aytgan: birinchidan, ikki mamlakatning savdogarlari uchun erkin savdo munosabatlari olib borilishini ta’minlash va ikkinchidan, agar qirol va gertsoglar rozi bo’lsalar, bu erkin savdoni tegishli bitim yoki shartnoma bilan mustahkamlash mumkin. Ana shu xronikada yozilishicha, katolik cherkovning boshlig’i ko’pgina kishilarga Temur hayotining xususiyatlari to’g’risida gapirib bergan va Temur haqida fransuz tilida yozilgan kichik bir asarni ham tayyorlab qo’yganligini aytgan. Temur haqidagi xotiralar ana shunday paydo bo’ldi. Modomiki, Temur haqidagi bunday memuarlar, zamondoshining, ayniqsa, Temur tomonidan yuborilgan elchining asari bo’lgani uchun ham Parijda unga nisbatan qiziqish juda katta bo’lgan.
Karl VI ning Temurga yozgan lotincha xatining tarjimasi quyidagicha:
“Xudoning marhamati bilan, franklar qiroli Karl muhtaram hazrat va muzaffar podshoh Temurbekka salomlar yo’llaydi va tinchlik tilaydi.
Muhtaram hazrat va muzaffar podshoh, qirollar va muvaqqat hokimlar, hatto, ularning dini va tilidan qat’iy nazar, ular xayrixohlik asosida bir-birlari bilan hurmat hamda do’stlik aloqalarini bog’lamoqchi bo’lsalar, avvalo, buning uchun fuqarolar, din osoyishtaligi va tinchligini ko’zlab qilinadigan har bir harakatga na qonun, na din monelik qiladi. Shuning uchun ham muhtaram hazrat va muzaffar podshoh so’zlarimizga amin bo’lingki, biz butun Sharqning arxiyepiskopi monax Ioann orqali siz janobi oliylarining xatini olib o’qidik. Bu maktubda siz bizlarga sihat-salomatlik tilagansiz va bizning ishlarimiz, shuningdek, davlatning ahvoli to’g’risida xabar berishimizni iltimos qilgansiz. Shuningdek, izning Boyazid ustidan olloning inoyati bilan qozongan g’alabangiz bizni juda xursand qildi, chunki bunga yana shu narsani ilova qilish mumkinki, siz janob oliylariga manzur bo’lsa, bizning savdogarlarimiz va boshqa xristianlar savdo-sotiq qilishlari va ayni vaqtda sizning fuqarolaringiz bilan shartnoma tuzishlari hamda qarshiliksiz o’zaro savdo ishlari olib borishlari, shuningdek, bundan keyin barcha yerlarda va joylarda shonli ota-bobolarimiz davridagidek hozir ham, buning uchun biz, avvalo, siz janob oliylariga tashakkur va minnatdorchilik bildiramiz; sizning odamlaringiz bemalol bizning yerlarimizga kelishlari va savdo-sotiq qilishlariga, shuningdek, bizning odamlarimiz ham savdo-sotiq qilishlariga va ko’pgina boshqa masalalarda bajonu dil rozimiz va shunday bo’lishini istaymiz. Yuqorida nomi zikr etilgan arxiyepiskop bizning davlatimizda bu narsalarning hammasini eshitgan va ko’rish sharafiga muyassar bo’lgan. Agar sizga manzur bo’lsa, u holda arxiyepiskop hamma narsalarni sizga og’zaki gapirib beradi; siz hazrati oliylari bu ishda uning gaplariga, uning sodiqligiga ishonchimiz va keyinchalik undan iltimos qilishimiz tufayli unga ishonishingiz mumkin; u sayohati davomida o’z ko’zi bilan ko’rgan, kechirgan narsalarini gapirib beradi. Nihoyat, biz siz janobi oliylari tomonidan ko’pgina xristianlaringiz uchun sizga chin qalbdan minnatdorchilik izhor qilamiz. Biz sizning ishlaringizni, foydali takliflaringizni qabul qilamiz, imkoni bor joylarda (ularga) barobar va undan ortiqroq iltifot ko’rsatishga va’da beramiz. Parijda yozilgan, hazrati Iso payg’ambar yilning bir ming to’rt yuz uchinchisi, iyun oyining o’n beshinchi kuni”.