Saltanat ishlarida to’rt ishni qo’llash kerak: 1) kengash; 2) mashvarat va maslahat; 3) xushyorlik va mulohazakorlik; 4) ehtiyotkorlik.
Saltanat ishlarining bir qismi sabru toqat bilan bitgay. Yana bir qismi bilib bilmaslikka, ko’rib-ko’rmaslikka solish bilan bitur.
Donishmandlar aytgan ekanlarki, o’z o’rnida qo’llanilgan tadbir bilan katta lashkarning qilichi ojizlik qilgan gar qanday mamlakat darvozasini ochib, favj-favj (to’da-to’da) askarini yengib bo’lur.
Azmi qat’iy, tadbirkor, hushyor, urush ko’rgan, mard va shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz, loqayd kishidan yaxshiroqdir.
G’anim lashkarini sindirish askarning ko’pligi bilan emas, mag’lub bo’lish esa siphoning kamligidan bo’lmaydi. Balki Ollohning madadi va bandasinign tadbiri bilan bo’ladi.
Garchi ishning qanday yakunlanishi taqdir pardasi ostida yashiringan bo’lsa ham, aqli raso va hushyor kishi mulohazakorlik, tadbir va kengashga tayanishi lozim.
Yuz ming otliq askar qilolmagan ishni bir to’g’ri tadbir bilan amalga oshirish mumkin.
Qaysi bir ishda ikki xatar mavjud bo’lsa, uni qilmas edim. Bir xatarlik ishni ixtiyor qilardim.
So’zlarida ittifoqlik bo’lgan kishilargina kengash ahli bo’la oladilar.
G’animlarimni chuchuk so’z, shirin hikoyatim bilan o’z tarafimga og’darib olmoqni va ularning vujudidagi g’azab o’tini to’g’ri tadbir suvi bilan o’chirmoqni maslahat ko’rdim.
Saltanatni egallashga da’vogarlik qilib xuruj qilgan ekansan, saltanat sha’ni va martabasiga loyiq ish tutishing lozim.
Men adolat bilan hamkorlik qilishga azmu jazm qildim.
Maslahatni shunda ko’rdimki, epchillik, uddaburonlik qilib, dushman lashkar to’plab ulgurmasdan burun, ularga zarba berib, to’zitib yubormoqni munosib ko’rdim.
Mo’g’ullar men turgan yer va lashkarim qay ahvolda ekanligini bilib kelish uchun oldimga elchi jo’natdilar. Elchini chalg’itish maqsadida lashkarimni ikki marta qayta-qayta uning oldidan o’tkazdirdim.
Men bilan ittifoqi buzilgan amirlarni birma-bir xoli joyga chaqirtirib, har qaysisi bilan alohida gaplashdim. Mol-dunyoga hirs qo’ygan ochko’z va ta’magirlariga mol-dunyo va’da qildim, mansab-martabaga va mamlakatlarni boshqarishga ko’z tikkan amalparastlarga qo’lim ostidagi mamlakat va viloyatlardan birining hokimligini berdim. Ularning hammasini umid va qo’rqinch orasida saqladim. Qolgan sipohiylarni ham yemak-ichmak va kiyim-kechak umidi, shirin so’z va ochiq chehra bilan o’zimga rom qildim. Bir xizmatini o’n barobar qilib taqdirlab, dilini xushnud etdim. Natijada, meni qo’llab-quvvatlaganlar ham, teskari bo’lgan munofiqlar ham, hammalari endi atrofimda birlashdi. Har ishda birlik – ittifoqlikni qo’ldan bermaslikka, amrimdan chiqmaslikka va’da berib, men uchun molu jonlarini ayamay, jang maydonida jonbozlik qilishga ahd qildilar.
Amir Bayon sulduznign o’g’li amir Shayx Muhammad o’zini amir, deb hisoblar edi. Uning ham ko’nglini olib, o’z tarafimga og’darib oldim va yetti qo’shinga boshliq qilib, o’zmga mute’ va mulozim qildim. Mazkur qo’shinlarning amirlaridan har qaysisiga viloyat in’om qildim.
Amir Husayn bilan oramizda qarindoshlik rishtasi bo’lganligidan unga har turli muruvvatlar ko’rsatib, u bilan murosayu-madora maqomida bo’ldim, lekin baribir, do’st bo’lmadi. Ish shu darajaga borib yetdiki, Balx va Xisori shodmon viloyatlarini mendan tortib oldi. Men esam, uning singlisi haramimda ekanligini mulohaza qilib, Amir Husaynni siquvga olmadim. U bilan murosayu-madorada bo’lishga shunchalik harakat qildimki, bu hatto uning amirlariga ham ta’sir qilib, oxiri menga bo’ysundilar. Lekin, Amir Husayn hamma vaqt meni mag’lub etish payiga tushib, firib berib keldi. Oxir-oqibat, uni qilich vositasi bilan bo’ysundirishga qaror qildim.
Amir Boyazid jaloir Xo’jand viloyatini tasarruf etgan edi. Unga do’stona nasihat bersam, qabul qilmadi. Oxir-oqibat, o’zining odamlar unga qarshi chiqishib, oldimga kishanlab olib keltirdilar. Men esam, o’tgan ishlarini yuziga solmay, unga iltifot ko’rsatdim. Buni ko’rib o’zi uyatdan sharmanda bo’ldi.
Elchi Bug’o sulduz Balxda saltanat tug’ini ko’targan edi. Bobosi Amir Qozag’onning taxti shu yerda bo’lganligi uchun Balx taxtiga da’vo qilayotgan Amir Husaynni Elchi Bug’oga qarshi qayrab soldim.
Muhammadxo’ja Aperdi nayman aymog’idan bo’lib, Shibirg’on viloyatini bosib olgandan keyin menga qarshi isyon ko’tardi. Men unga boshqa viloyat berib, uni o’zimga sodiq navkar qilib oldim.
Badaxshon viloyatiga egalik qilib turgan Badaxshon shohlari ham menga qarshi duhmanlik yo’lini tutdilar. Ularning har biri bilan gaplashib, turlicha kelishuvlar qildimki, oxir-oqibat, bir-birlari bilan urushib ketdilar va mening panohimga kelib bo’ysundilar.
Amir Kayxusrav Xuttalon viloyatini, O’ljoytu Aperdi Arhang saroy viloyatini egallab olgan edilar. Amir Kayxusravga O’ljoytu Aperdinign viloyatini bosib olishi uchun madad kuchi jo’natdim. Oqibatda, O’ljoytu Aperdi panoh izlab xizmatimga keldi.
Amir Xizr Yasavuriy o’z xalqi bo’lmish Yasavuriylarning madadi bilan Toshkand viloyatini bosib olgan edi. Amir Kayxusrav bilan O’ljoytu Aperdini bir-birlari bilan yarashtirib qo’ydim. Ularga yordamchi kuch yo’sunida bir to’da odam qo’shdim. Ikkovlari birlsahib, Yasavuriylar ustiga hujum uyushtirdilar va ularni talon-taroj qildilar. Amir Xizr Yasavuriy ojiz qolib, panohimga keldi.
Menga saltanat g’ayrati tug’yonga kelib, Qarshi qal’asini undan (Amir Husayndan) tortib olishga undadi. Ba’zi amirlarim uning ustiga yurish qilib, qal’ani jang bilan qo’lga kiritishni menga maslahat berdilar. Qal’ani olish rejasini tuza boshladim. Ular aytganday, uni urush bilan oladigan bo’lsam, xatarli tomonlari ko’pligi ko’nglimdan o’tdi. O’zimcha, “Mabodo qal’ani jang bilan olmoqchi bo’lsamu dushman lashkarinign yomon ko’zidan qo’shinimga zarar yetsa-chi?” deb o’yladim. Keyin jang qilish fikridan vaqtincha qytdim va boshqa tadbirni qo’llashga tutindim. Xuroson tarafga yuzlanib, bu bilan Qarshi beklarini xotirjam qilib qo’ymoqchi bo’ldim. Keyin yigitlarim bilan yashirincha orqaga qaytib, tunda to’satdan qal’aga hujum qilib, uni bosib olishni rejalashtirdim. Xullas, turgan yerimdan ko’chib, Xurosonga qarab yo’lga tushdim. Amudaryodan kechib o’tganimda, Xuroson tarafdan Qarshiga kelayotgan karvonga duch keldim. Karvonboshi menga sovg’a-salomlar taqdim etdi. Men undan Xuroson amirlarining hol-ahvolini surishtirdim va Xurosonga ketayotganligimni aytdim va ularning ketishlariga ijozat berdim. Ammo karvonga o’z ayg’oqchimni qo’shib yubordim va Qarshidan xabar kelgunga qadar daryo sohilida joylashib kutdim. Tez orada ayg’oqchi qaytib keldi. U olib kelgan xabarga ko’ra, karvondagilar Qarshi hokimi Amir Musoga shunday debdilar: “Amir Temurni Amudaryo yoqasida ko’rdik, Xuroson tarafga ketayotgan ekan”. Bu gap Amir Muso va Amir Husaynning lashkalariga yetgach, xursand bo’lib, o’yin-kulgi va aysh-ishratga berilibdilar. Bu xabarni eshitishim bilan lashkarlarim orasida eng ishonchli, dovyurak, urush ko’rgan bahodir yigitlardan ikki yuzu uchtasini tanlab oldim va Amudaryodan o’tib, oldinga yubordim. Shirkent deb atalgan yerga yetdim va o’sha yerda bir kecha-kunduz to’xtab, keyin yan yo’lga tushdim va Qarshidan bir farsax masofada to’xtadim. Yigitlarimga arqondan zina yasashlarini buyurdim. Shu payt amir Joku barlos tiz cho’kib: “Bir guruh bahodirlar orqada qolishdi. Ular yetib kelgunlaricha to’xtab turish kerak”, deb o’tinch qildi. Shunda xotirimga bir fikr keldi. Orqada qolgan bahodirlar yetib kelgunlaricha, qal’ani o’zim borib ko’rmoqchi bo’ldim. O’zim bilan qirq kishini olib, Qarshi qal’asiga qarab yo’l oldim. Yiroqdan qal’aning qorasi ko’ringanda, bahodirlarimni kelgan yerida to’xtatib, uyimizda tug’ilib o’sgan Mubashshir bilan Abdullolarni birga olib, bir o’zim qal’a sari jo’nadim. Shu zaylda xandaqga yetdim, qarsam, xandaq suv bilan limmo-lim ekan. Tevarak-atrofga nazar tashlab, xandaq ustidan o’tkazilgan va qal’aga suv olib boradigan tarnovga ko’zim tushdi. Otimni Mubashshirga qoldirib, o’sha tarnov orqali xandaq ustidan o’tdim v qal’aning xokreziga yetdim. Darvoza oldiga borib eshik qoqdim. Darvozabonlar qattiq uxlab qolishgan bo’lsalar kerak, ichkaridan sado chiqmadi… Qal’a devori atrofini ko’zdan kechirib, Narvon va arqon zinalarni qo’ysa bo’ladigan joyni topdim. So’ng otlanib, bahodirlarim turgan yerga bordim. Orqada qolgan lashkar favji ham narvonlarini olib yetib kelishgan ekanlar. Hammalari shaylanib, narvonlarni olishdi va qal’a sari yuzlandik. Xandaqdan tarnov orqali qal’a tarafga o’tdik. Zinalarni devorga qo’ydilar. Er yigitlardan qirqtasi devor ustiga chiqib, qal’aga kirib oldilar… Tangri taoloning qo’llashi bilan qal’ani qo’lga kiritdim.
Lashkarim besh oy davomida To’xtamishxonning orqasidan quvib yurgani sababli, ko’p vaqt och qola boshladilar. Chunonchi, bir necha kun boshbalmoq o’ti, ov go’shti, sahro qushlarining tuxumi bilan kun kechirdilar. Lashkarni bunday og’ir ahvolga tushib qolganini eshitgan To’xtamishxon fursatdan foydalanmoqchi bo’ldi; chumoli va chigirtkadan ham ko’p lashkar bilan ustimizga yopirilib keldi… Farzandlarim va nabiralarim huzurimga kelib tiz cho’kib, men uchun jon fido qilishga tayyor ekanliklarini bildirmagunlaricha, sarkardalarim va askar boshliqlari jang qilishga ro’yxushlik bermadilar. Shu payt To’xtamishxonning bayroqdori bilan til biriktirib, jangni boshlaganimda va ikki tomon lashkari yuzma-yuz kelganda, bayroqdor bayroq bayrog’ini tuban qilishi haqida u bilan kelishib oldim. Jangu jadal o’ti osmonu falakka ko’tarilganda, chodirlar tikib, taom tayyorlashni buyurdim. Xuddi shu payt To’xtamishxonnign bayrog’i tuban bo’ldi va To’xtamishxon sarosimaga tushib qoldi. U Jo’chi ulusini talon-tarojga tashlab, jang maydoniga orqa o’girib qochib qoldi.
Bag’dodni zabt etish uchun avval Sulton Ahmad jaloir huzuriga, Bag’dod lashkarining qanday ahvolda ekanligi, yurish-turishi, kuch-qudrti haqida ma’lumot olib kelish uchun elchi yubordim. Elchi Bag’doddan menga “Sulton Ahmad ikki ko’zli bir parcha go’shat ekan”, degan mazmunda xat yozib yubordi… Tez fursatda Bag’dodga yetib bordim. Sulton Ahmad jaloir qolishdan ko’ra qochishni afzal ko’rib, Karbalo tarafga qarab qochdi. Shu bilan dorussalom Bag’dod menga bo’ysundi.