Amir Temur maslahatlari: Mahalliy hokimlarga quyidagi vazifalar yuklatilgan

  • Raiyyatdan mol-xiroj yig’ishda ularni og’ir ahvolga solishdan yoki mamlakatni qashshoqlikka tushirib qo’yishdan saqlanish zarur. Negaki, raiyyatni xonavayron qilish-davlat xazinasini kambag’allashtirishga olib keladi. Xazinaning g’ariblashib qolishi esa siphoning tarqalib ketishiga sabab bo’ladi. Sipohning tarqalib ketishi, o’z navbatida, saltanatning kuchsizlanishiga olib keladi.
  • Xirojni ekindan olingan hosilga va yerning unumdorligiga qarab yig’sinlar. Masalan, uzluksiz ravishda koriz, buloq yoki daryo suvi bilan sug’oriladigan ekin yerlarni hisobga olsinlar va unday yerlardan olinadigan hosilning uchdan ikki hissasini raiyyatga qoldirib, uchdan bir hissasini saltanat xazinasi uchun olsinlar. Hosil pishib yetilmasdan burun raiyyatdan moli jihot olinmasin… soliqni buyruq berish va yaxshi so’z bilan olsinlar; kaltak, arqon ishlatib, ishni urish-so’kishgacha olib bormasinlar. Ularni bog’lab, zanjir bilan kishanlamasinlar.
  • Kimki biron sahroni obod qilsa yoki koriz qursa, yo biron bog’ ko’kartirsa, yoxud biron xarob bo’lib yotgan yerni obod qilsa, birinchi yili undan hech narsa olmasinlar, ikkinchi yili raiyyat o’z roziligi bilan berganini olsinlar, uchinchi yili esa qonun-qoidaga muvofiq xiroj olsinlar.
  • Xarob bo’lib yotgan yerlar egasiz bo’lsa xolisa (davlat) tarafdan obod qilinsin. Agar egasi bo’lsa-yu, lekin uni obod qilishga qurbi yetmasa, unga kerakli sbob-uskuna va boshqa narsalarni bersinlar, toki u o’z yerini obod qilib olsin.
  • Xaroba bo’lib yotgan yerlarda korizlar qursinlar, buzilgan ko’priklarni tuzatsinlar, ariqlar va daryolar ustiga yangi ko’priklar qursinlar, yo’l ustiga har manzilga rabotlar qursinlar. Yo’llarga kuzatuvchilar va soqchilar qo’ysinlar, har bir rabotga bir nechta odamni joylashtirsinlarki, yo’llarni kuzatish va saqlash ishlari ularga tegishli bo’lsin. Yo’lovchilar mollarini taflat bosib, o’g’itlatib qo’ymasinlarining vazifasi ham o’shalarning zimmasida bo’lsin.
  • Katta-kichik har bir shahar, har bir qishloqda masjid, madrasa va xonaqohlar bino qilsinlar, faqiru miskinlarga langarxona solsinlar, bemorlar uchun shifoxona qurdirsinlar va ularda ishlash uchun tabiblar tayinlasinlar. Har bir shaharda saroy, qozixona qursinlar. Va raiyyat va ziroatni qo’riqlovchi qurchilar tayinlasinlar.
  • Yo’l ustiga kuzatuvchilar, zobitlar tayinlasinlarki, yo’llarni qo’riqlab, yo’lovchilar, savdogarlar, musofirlarni kuzatib, mol-mulki va boshqa narsalarini bir manzildan ikkinchi manzilga yetkazib qo’ysinlar. Yo’l ustida birontasining narsasi yo’qolsa, o’zi o’ldirilsa yoki boshqa kor-hol yuz bersa, bular uchun javobgarlik ularning zimmasida bo’lsin.
  • Turon va Erondagi shayxlarning mozorlari va qabrlari uchun har biriga alohida, nomma-nom nazrlar va vaqvlar ajratsinlar.
  • O’g’ri va qarorchilarni, qayerda qo’lga olinmasin, aso (qonun) asosida jazolasinlar. Agar birontasi birovnign mol-mulkini kuch ishlatib tortib olgan bo’lgan, uni olib o’z egalariga topshirsinlar. Kimdir birovning tishini urib sindirgan bo’lsa yoki quloq-burnini kesgan bo’lsa, yoki ichkilik ichgan bo’lsa, yohud fahsh ishni qilgan bo’lsa, jazo berish uchun shariat qozisi huzuriga olib borsinlar.

Добавить комментарий