Amir Temur sulolasi. Amir Temurning oilaviy hayoti

Temurbekning balog’at davri haqida tarixiy manbalarda mufassil ma’lumotlar berilmagan. Davlatshoh Samarqandiy o’zining “Tazkirat ush-shuaro” nomli asarida, Amir Tarag’ayning “Hamma vaqt Sohibqironni zebu ziynat bilan tarbiya qilganligini” aytib o’tadi. Ota-onaning o’z o’g’illariga qanchalik mehr qo’yganligini, uning munosib voris bo’lishini o’ylab ishni tutganliklarini tasavvur etish qiyin emas. Amir Tarag’ay Temurbekni esini tanigandan boshlab, yaxshi saboq olishiga, ulug’lar suhbatida bo’lishiga alohida e’tibor qaratadi. Pirlar anjumanlariga, taniqli kishilar, qarindosh-urug’larnikiga borish-kelishlarga Temurbek ham jalb etiladi. Davlatshoh Samarqandiy shunday naql qiladi: “Deydilarki, Sohibqiron yetti yoshligida otasi bilan bir qarindoshinikiga boradi. Ul kishi badavlat, nufuzli kishi edi va farovonlik bilan kun kechiradi. Uning yetmishta turk va hind quli bor ediki, uning mollari ko’pligini shundan ham bilsa bo’lardi. O’sha kuni Sohibqironning otasiga shikoyat qildi: “Xudo menga ko’p molu davlat berdi, lekin uni saqlashga tamoman ojizman. Qullarimiz sabru toqatli emaslar, farzandlarim esa salohiyatsiz. Shu sababdan molu dunyomga nuqson yetmasa, deb qo’rqaman”.

Shunda, yosh Temurbek gapga aralashadi va, “Ey ota, farzandlaringizga mollaringdan bo’lib bering va, undan so’ng, ularni o’z molu mulkiga dohil qilingkim, ular o’zi bilan o’zi ovora bo’lsin. So’ng turk qullarni hind qullarning tepasiga qo’yingki, hindlarni o’z amri farmoniga bo’ysundirsinlar. Keyin har uch qulni ulardan aqlliroq bir qulning ixtiyoriga topshiring. So’ng, ularning har birini yettitadan qulingizning amir qiling. Keyin yetmish qulga bosh bo’lgan ana shu yettita qulni bir-birining ta’zim va tashrifiga buyuring. Ularni ko’zdan qochirmang, chunki bir-birlari bilan ko’p suhbatlashadilar”, — deydi. Bu so’zlarni eshitgan uy sohibi hayratini yashira olmay, darhol Amir Tarag’ayga: “Sizning bu farzandingiz jahonga podshoh bo’ladi, chunki buni uning shu gaplasridan fahmlab turibman…”, — deydi. So’ng, siyohdon, qalam hozirlab, o’sha gurungda Temurbekdan xat yozdirib oladi. Bunda, “Uning davlat qushi iqbol maydonini o’z qanoti ostiga olgach, biror kishi o’sha kishi, uning farzandlari, zurriyoti na yaqinlaridan xiroj olmasin, ularning gunohlaridan o’tsinlar, uning qavmi tarxon qilinsin,” deb yozilgan bo’ladi. Ul qavm to shu zamongacha Turkiston diyorida tarxondirlar”. Davlatshoh Samarqandiy keltirgan bu naqlning Temurbekdagi tug’ma qobiliyat, favqulodda fenomenni anglab yetishda ahamiyati beqiyosdir.

“Malfuzoti Temuriy”da zikr etilgan bir voqea ham otasi singari, onasining ham Temurbek kelajagi uchun qayg’urganligini dalola etadi. Amir Tarag’ayning piri Shamsiddin Kulol Temurbekka bir kuni yettita non va uch yuz yetmish dona yong’oq tuhfa qiladi. Bular ramziy bo’lib, keyinchalik Temurbekning yetti iqlimni musaxxar etishi va saltanatining uch yuz yil bardavom bo’lishini, avlodidan yetmish kishining saltanat taxtida hukm surishini anglatardi. “Malfuzot” da “To o’shal non bila javz (yong’oq) uyimizda erdi, kun-kundin barokat ortiq, taraqqiylar zohir bo’lur erdi. Va chun bu voqeani onamga arz etdim, onam ham mening boshimni ikki qo’llari bila tutib, duo qildilar. Va so’nggi kun onamga arz etdim, onam ham mening boshimni ikki qo’llari bila tutib, duo qildilar. Va so’nggi kun onam Amir Kulolning xonaqohiga bordilar. Amir Kulol, tavajjuh ko’rguzub, dedilarkim: “Ey xotin, ushbu o’g’lingning avlod va ahfodining davlat va saltanati uch yuz yil davomat bo’lg’ay va aning avlodidan yetmish kishi saltanat martabasiga yetushg’aylar… Chun Amir Kulol so’zin onam manga eshitdurdi”, deyiladi.

Temurbek yetti yoshga to’lganida, otasi Amir Tarag’ay qo’lidan tutib, maktabxonaga eltadi. Unga mullo Aliyak saboq bera boshlaydi. O’n ikki yoshida ko’p do’stlar orttiradi, ular orasida to’rttasi bilan juda yaqin, sirdoshi bo’ladi. Temurbek o’n to’rt yoshida sadoqat va xiyonat nimaligini o’zining beg’ubor hayotiy tajribasida tushunib yetadi: “O’n besh yosh marhalasig’a qadam qo’ydim, — deyiladi. “Malfuzot” da – ot minmak va shikor etmakka mashg’ul bo’ldum”.

Bolalik, o’spirinlik yillari to’g’risidagi shu hildagi ma’lumotlar Temurbekning yoshlik davri bobida ozmi-ko’pmi tasavvur beradi. Otasi bilan birgalikda bo’lgan yurishlar, qarindosh-urug’lar xonadonlarida kechgan suhbatlar, yarim harbiy hayot tarxi Temurbekning chayir, kuchli, matonatli yigit bo’lib ulg’ayishida muhim omillar bo’ladi. Uning yetti yoshlik paytida boy qarindoshiga mol-holni boshqarish yuzasidan bergan yo’rig’i favqulodda aqllilik va ziyraklik namunasi bo’lib qolmasdan, u mansub bo’lgan oilada hokimiyat ishlariga qiziqish merosiy bo’lib kelganligini ham ko’rsatadi.

1352 yilga kelib, Amir Tarag’ay keksayib qolganligi bois, “ofiyat go’shasini” ixtiyor etganligi, ya’ni rasman davlat yumushlaridan ketib, zimmasidagi barcha ishlarni o’g’li, o’n olti yoshli Temurbekka bag’ishlaganligi ma’lum bo’ladi. Temurbek fe’lidagi bir jihatni alohida qayd etish o’rinlidir. U, yoshligidan tartib-intizomni, boshqarish oyinini chuqur o’rgangan. Otasi xo’jalik yuritish, saltanat bilan borliq ishlarga aralashish vakolatini topshirgach, o’z ta’biga, bilimiga amal qiladi, otasining “mol va manoli (boyligi) zabtig’a” mashg’ul bo’ladi va uni idora etishda xos tuzuk – qoidalar ishlab chiqadi. Boy qarindoshiga yetti yoshida bergan maslahatiga o’zi ham amal qila boshlaydi: “Har falonchi qo’ylarni bir suruk qilib, sho’bonlarga topshurdim va nar-madasini aralashtirmay, har qayusin boshqa-boshqa suruk qildim va bu tariqa har yigirma otga bir tavila (otxona) alohida qilib, narlarini boshqa yilqi va modiyonlarini boshqa yilqi qildim va har o’n tug’maga (xizmatkorga) bir tug’mani amir etdim”. Bu so’zlardan Temurbekning oilaviy udumlarni yaxshi o’zlashtiribgina qolmay, xo’jalik yuritishning o’ziga xos yangi qirralarini ham ishga solganligini anglash mushkul emas. Bu jihatlari bilan u bobokaloni Qarochor no’yonga tortgan edi, desak yanglishmaymiz. Vaqtida Qarochor no’yon ham Chingizxon lashkarida qattiq tartibga asoslangan kichikdan kattalashib boradigan harbiy guruh va tizilmalarga asos slogan edi. Aftidan, yosh Temurbek bobosining harbiy islohotlarini yaxshi o’rgangan va uni oilaviy mol-mulk boshqaruvciga ham tatbiq etgan.

Mollarni jinsiga qarab boqish, xizmat qiluvchilarning ichki, o’zaro nazoratini kuchaytirish faqat tartibgina emas, iqtisodiy manfaat keltirishni keskin oshirishni ham ko’zda tutar edi. Amir Tarag’ay xo’jaligi anchayin katta edi, qo’ylar, mollar, otlar, shunga yarasha xizmat qiluvchilar. “Malfuzot”da aytilishicha, Temurbek tug’ilgan yillarda otasi yashab turgan mavzesini “o’z ostig’a obod qilganligi” aytiladi. Qalqamadagi bu mavze hozirgi kunda ham Tarag’ay nomi bilan ataladi. Xo’jalik yuritishda muvaffaqiyatlarga erisha boshlagan Temurbek, o’z atrofiga hamfikrlar to’plashga harakat qiladi. U o’n sakkiz yoshga kirgan paytida yonida qirq yigiti bor edi. Lashkar jam qilish katta sarmoya bilan bog’liq bo’lgan. Temurbek iqtisodiy o’nglanish ishlariga qiziqib, bu paytlarda uylanishni ortga surib turgan ko’rinadi.

XIV asrning 50-yillari boshlariga kelib, Turkistonda boshboshdoqlik kuchaygan, istalgan qavm boshlig’i qo’shin yig’ib, mulkgirlik qilishi mumkin edi. Qozonxondan hokimiyatni tortib olishda Amir Qazag’onga ko’mak bergan amirlar ko’p o’tmay, o’z boshiga hukm surish yo’liga o’tgan edilar. Amirlarning har biri Amir Qazag’onni ag’darish, uning o’rniga o’zi bo’lish payiga tushgan edi. Temurbekning amakisi, Kesh hokimi Amir Hoji Barlos ham shularning biri edi. Hokimiyat ilinjidan yosh bekzodalar ham mustasno emas, Temurbek ham ularning biri, balki, yetakchilaridan edi. Temurbek lashkar to’plab, hujum tadorigini ko’rayotgan bir vaqtda, ayni o’n sakkiz yoshga kirgan paytida – 1354 yilda onasi Tegina begim Moh olamdan o’tadi, Yuz bergan musibat yosh Temurbek rejasining amalga oshishiga halal beradi.

Aftidan, Tegina begim Moh yilning boshlarida vafot etadi. “Malfuzot”da, ul yilkim onam azasidan chiqdim”, deyiladi. Yilning oxirlarida ona marakasi o’tkaziladi va Amir Tarag’ay Temurbekni o’z qarindoshlari bo’lgan Qarochor no’yon shajarasidan yana bir tarmoq – Amir Joku Barlosning qiziga unashtiradi. Amir Joku Temurbekka yaqin qarindosh, ota tarmog’i bo’yicha amaki hisoblanadi. Uning shajarasi ham Qarochor no’yondan boshlanadi: Amir Joku ibn Muborak bin Tug’on bin Qodon bin Shirg’a bin Qarochor no’yon, boshqacha aytganda, Amir Tarag’ay Qarochor no’yonning o’g’li Eyjil urug’idan bo’lsa, Amir Joku Qarochor no’yonning yana bir o’g’li Shirg’a to’poridan edi. Amir Joku Barlos avlodi Qashqa vohasining quyi qismida joylashgan. U Amir Tarag’ay bilan tengqur bo’lgan. Amir Temur tajrimai holiga bag’ishlangan “Malfuzoti Temuriy”da Sohibqiron o’z tilidan, onasining yillik marakasi o’tgach, otasi “Amir Jokuyi Barlosning qizini manga nomzod qildi”, deydi. Amakisining qizi bilan bo’lgan turmush uzoqqa bormagan. Shu asarda qayd etilishicha, “ul ham olamdan rixlat qildi”, ya’ni vafot etganligi aytiladi. Amir Temurning ko’z ochib ko’rgani – birinchi ayoli, Amir Joku Barlosning qizi ismi sharifi, taassufki, tarixiy manbalarda tilga olinmaydi. Tadqiqotchilar bu xususda turlicha taxminlarni o’rtaga qoyadilar. 1360 yilga qadar Temurbekning Muhammad Jahongir Mirzo va Umarshayx Mirzo ismli ikki farzandi bo’lgan. Har ikkalasi ham bir yilda – 1356 yilda tavallud topganligi manbalarda zikr etiladi.

Amir Temurning oilaviy hayoti ibtidosi tarixida Jahongir va Umarshayx mirzolarning tavallud vaqtini aniqlashning amaliy ahamiyati katta. Mavjud manbalarda birontasida na Jahongir va na Umarshayx mirzolarning birontasi to’ng’ich farzand sifatida ajratib ko’rsatilmaydi. Muhammad Jahongir Mirzoning Sohibqiron o’g’illari orasida valiahd qilinishi, yoyinki avval vafot etishi, ahtimol, keyingi asrlarga oid tadqiqotlarda uning to’ng’ich o’g’li sifatida talqin etilishiga sabab bo’lgandir. Amir Temur tarixiga bag’ishlangan asarlar orasida Sharafiddin Ali Yazdiyning 1425 yilda yozilgan “Zafarnoma”si eng ishonchli manbalardan biri sanaladi. Bu asarda mazkur muammoga aniqlik kiritadigan dalil mavjud. Vaqtida bunga akademik V.V.Bartold e’tibor qaratgan bo’lsa-da, negadir, keyingi tadqiqotchilar buni inobatga olmaganlar. Shu sababli, hozirga qadar nashr etilgan ilmiy, tarixiymi yoxud badiiymi kitoblarda Muhammad Jahongir Mirzo Sohibqiron Amir Temurning katta o’g’li sifatida e’tirof etib kelinadi.

1376 yilda Amir Temur mo’g’ullarga qarshi to’rtinchi marta yurishga otlanadi. Mo’g’ul xoni Qamariddinga qarshi kurashda Sohibqiron ikki yuz kishilik lashkari bilan dushmanning to’rt miing kishilik qo’shinini tor-mor etadi. G’alaba quchilgan kuni kechasi Sohibqiron tush ko’radi, deb hikoya qiladi Sharafiddin Ali Yazdiy, — u tushida Shayx Burhoniddin Qilich bilan muloqot qiladi. Burhoniddin Qilich mo’g’ullar tajovuzi davrida yashagan mashhur ruhoniy Sayfiddin Boharziyning o’g’li edi. U ham o’z davrining yetakchi din peshvolaridan bo’lgan. Tush suhbatida Amir Temur Burhoniddin Qilichdan najot istab shunday deydi: “O’g’lim Jahongirni Samarqandda xastaligi sababli qoldirib kelgan edim, uning sog’ayishi uchun duo qilsangiz. Shayx o’ylovga tolib, bir og’iz, “Alloh rahmdil” deydi va boshqa so’z aytmadi. Sohibqiron uyqudan uyg’onib, o’g’lining ahvoli og’irligini mushohada etadi, ko’ngli buziladi. Yuragida g’ulg’ula paydo bo’lgan ota o’zini qo’yarga joy topa olmay, Samarqandga ishonchli kishisi – Yo’l Qutlug’ni jo’natadi. Chopar jo’nab ketgandan so’ng, kechasi Sohibqiron yanada chigal tush ko’radi. Dard-alamni ichiga sig’dirolmay, beklarni huzuriga chorlaydi va “o’g’limdan ayrilib qolmasam, deb qo’rqayapman”, deydi.

Yuragiga qil sig’magan Amir Temur Samarqandga qaytadi. Samarqand ostonasida shaharnign ulug’ kishilari, ulamolar Sohibqironni qarshi olishga chiqadilar. Hammalari qora libosda, yig’lagan ko’yi bosh egadilar. Amir Temur ko’rgan tushlarining o’ngi sodir bo’lganini anglaydi. Shu damda Sohibqiron qayg’usining cheki yo’q edi. Muhammad Jahongir Mirzoni Keshda dafn etadilar. Muarrix Sharafiddin Ali Yazdiy, “Shahzoda yigirma yoshga kirgan edi. Undan ikki o’g’il – Xonzodadan tug’ilgan Muhammad Sulton Mirzo va Ilyos Yasuriyning qizi Baxt Malik Og’odan tavallud topgan Pir Muhammad Mirzolar qoldi”, deydi. Bu voqea Samarqandda, 1376 yil yozida (ilon yili edi) ro’y beradi. Muhammad Jahongir Mirzo, ma’lum bo’ldiki, hijriy 758, milodiy 1356 yilda tavallud topgan. Shubhasiz, Jahongir Mirzoning tug’ilgan joyi Shahrisabz edi. Endi, Umarshayx Mirzo halokati bilan bog’liq tafsilotga o’taylik.

“Zafarnoma”ning 1394 yilda Bog’dod yaqinidagi Harmatu qal’asini olish paytida shahzoda Umarshayx Mirzoning halok bo’lganligini yozib qoldiradi. Muhimi, Sharafiddin Ali Yazdiy Umarshayx Mirzo qirq yil umr ko’rganligini alohida ta’kidlab aytadi. Shunga ko’ra, Umarshayx Mirzo 1354 yilda tug’ilgan bo’lib chiqadi. Akademik V.V.Bartold o’zining “Ulug’bek va uning davri” degan asarida “1360 yilga qadar Temurning 1376 yilda yigirma yoshida vafot etgan Jahongir va 1394 yilda yilning yanvarida Qurd qal’asini qamal qilish paytida o’ldirilgan Umarshayx ismli ikki o’g’li bor edi. “Zafarnoma”da uning 40 yoshda bo’lganligi aytiladi. Bundan shunday xulosa chiqarish mumkinki, Temurning to’ng’ich o’g’li Umarshayx bo’lib, u Jahongirdan katta edi. Lekin, nimagadir qariyb barcha manbalarda Temurning katta o’g’li sifatida Jahongir tilga olinadi”, degan fikrni aytadi.

Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”si Shohruh hukm surgan davrda yozilganligi, saroyda saqlanib kelinayotgan hujjatlarga asoslanganligi va o’sha davrda Temuriylarga maqbul kitob bo’lganligini hisobga olib, unda Umarshayx va Jahongir mirzolar tug’ilgan yillar to’g’risidagi ma’lumotlarni bundan-buyon asos sifatida qabul qilish joiz ko’rinadi. Shohruh Mirzo va boshqa temuriyzodalar nazaridan o’tgan asar dalillariga shubha bo’lishi uchun ishonchli asoslar kerak. Bunday asoslar esa mavjud emas.

Umarshayx Mirzoning onasi haqida manbalarda ma’lumotlar berilmaydi. Jahongir Mirzoning onasi ismi sharifasi Xondamr tomonidan qayd etilgan bo’lib, qo’lyozma nusxalarida u Nurmush Og’o (Eron), Burmish Og’o (Bombey) tarzida ko’rsatiladi. “Malfuzot”da ham ko’rdikki, Temurbekning ko’z ochib ko’rgan xotini amakisi Amir Joku Barlosning qizi bo’lgan. Amir Joku Barlosning qizi ismi sharifasi esa biror manbada tilga olinmaydi. Turg’un Fayziyev “Temuriylar shajarasi” degan asarida Nurmish Og’o ismini Turmush Og’o deydi va uni Amir Joku Barlosning qizi deb ko’rsatadi. Shunday bo’lganda, Jahongir Mirzo 1354 yilda tug’ilgan bo’lib chiqadi. Holbuki, Jahongir Mirzo O’ljoy Turkon Og’odan tug’ilgan, degan qarashlar juda inobatli ekanligini ta’kidlash joiz. Unda, Amir Joku Barlosning qizi, Temurbekning birinchi ayoli nomi qanday bo’lgan, bu savolga faqat faraziy tarzda javob qaytarish mumkin. Shu kunga qadar tadqiqotchilar e’tiborni qaratmagan bir manba mavjud. Bu Abu Tohirxoja ibn Abu Sa’dxojaning “Samariya” (1844-1848 yillar) degan asaridir. Unda ifoda etilishicha, Samarqandda, Shohi Zinda xilxonasida Sohibqironning opasi, singlisi, ayollari qabrlari haqida ma’lumotlar berilib, “Kunchiqar tomondan Qutlug’ Og’oning dahmasi mavjud, u Tumon Og’o maqbarasi yaqinida. Qutlug’ Og’o ham Amir Temurning muhtaram xotinlaridan biridir”, deyiladi. Bu birinchi farazimiz. Ikkinchi faraz Jahongir Mirzoning onasi sifatida talqin etilgan Nurmish (Turmush) Og’o aslida Amir Joku Barlosning qizi bo’lib, Umarshayx Mirxo undan tug’ilgan bo’lishi mumkin. Nima bo’lganda ham, Umarshayx Mirzo Jahongir Mirzodan oldin tug’ilgan, binobarin, Temurbekning birinchi xotini Amir Joku Barlosning qizi bo’lgan. Nurmish Og’o farzand ko’riboq, olamdan o’tgan bo’lishi ehtimolga juda yaqin.”Malfuzot”da, “Chun ul ham olamdan rixlat qildi”, deyilishi shunday xulosaga undaydi. Go’dakning tarbiyasi o’gay ona Qadoq Xotn zimmasida qolganki, keyinchalik Amir Temur uni o’z onasiday yaxshi ko’rganligi shu sabab bilan bog’liqdir.

Amir Tarag’ay birinchi kelinni olganda, ular ro’zg’orni alohida qilmagan. Anglashiladiki, Temurbek Amir Joku Barlos qiziga uylanganida 17 yosh ustiga bo’lgan. Bu nikohning tafsiloti tarixiy asarlarda naql etilmagan. Musibat xonadon uchun og’ir kechgan. Amir Tarag’ay dunyo ishlaridan bezib, barcha ishlarni Temurbek zimmasiga yuklaydi. Amir Qazag’on yig’inlariga endi Temurbek ishtirok eta boshlaydi. So’nggi Chig’atoy hukmdori Qozonxondan hokimiyatni tortib olgan Amir Qazag’on saltanatinign oxirgi yillariga unga qarshi fitnalar avj ola boshlagandi. Amir Qazag’on Temurbek shaxsida oqil va zehnli, harb ishlaridan xabardor ittifoqchini ko’rib, uni o’ziga yaqinlashtirmoqchi bo’ladi. “Malfuzot”da aytilganidek, “Ersa javobim anga xush kelib, meni o’ziga farzand etib, o’z nabirasin manga nomzod qildi”. Amir Qazag’onning nabirasi O’ljoy Turkon Og’o edi. Bu voqea Temurbekning o’n sakkiz-o’n to’qqiz yoshlarida, 1354-1355 yillar oralig’ida yuz beradi. Temurbek, “O’n to’qqiz yoshga qadam qo’ydim, o’zimni oqil va bolig’ topdim va bu yil otam Tarag’ay mani o’zidan boshqa etib, manga olachuq va qo’y va teva va tug’ma va xayl va xasham berdi”, deydi. O’ljoy Turkon Og’o bilan turmush qurganidan bir yilcha o’tib, Amir Tarag’ay Temurbekning ro’zg’orini bo’lak qilib, unga uy-joy, mol-hol, xizmatkorlar beradi.

Amir Qazag’on, oxir-oqibat, fitna qurboni bo’ladi. U 1357 yil oxirlarida, 1358 yil boshlarida o’ldiriladi. Turkiy amirlar, shu jumladan, Amir Hoji Barlos ham otasi o’rniga taxtga chiqqan Abdullohni hokimiyatdan ag’daradilar. Amir Qazag’on avlodi parokanda bo’ladi. 1365 yilda Samarqandda sarbadorlar mamlakatni mo’g’ullardan saqlab qolgandan so’ng, turkiy amirlar, birinchi galda Amir Temur insof oyiniga ko’ra, Chingizxon avlodidan hokimiyatni tortib olgan. Turkistonda ozodlik yalovini ko’targan Amir Qazag’onning nabirasi Amir Husaynni taxtga siporish etadi. Bunday ko’mak zamirida Amir Husaynning singlisi, o’zining suyukli xotini O’ljoy Turkon Og’oga bo’lgan mehrning, o’rtada sarson-sargardonlik yillarida vujudga kelgan do’stlikning ham ma;lum ta’siri bor edi.

O’ljoy Turkon Og’o 1359 yildan boshlangan ta’qiblarda, hayot va mamot oralig’i bir qadam bo’lgan qochuvlarda, mashaqqatli safarlarda Temurbek va akasi Amir Husayn bilan birga bo’ladi. Amir Husaynning xotini Dilshod Og’o bilan turkmanlar boshga solgan zahmatlarni birga tortadi. Dilshod Og’o reining oti o’ldirilganda, unga o’zi piyoda yurib, otini beradi.

Temurbek bilan O’ljoy Turkon Og’o o’mn yil nari-berisida birga hayot kechirganlar. Ko’pgina manbalarda O’ljoy Turkon Og’o Temurbekka bir qiz – Sultonbaxt begimni tuhfa qilgan, deb kelinar edi. “Zafarnoma” ning 2008 yilgi ruscha nashriga berilgan 298-izohda, muarrix Ashraf Ahmedov, “Jahongir Mirzoning onasi O’ljoy Turkon, tog’asi Amir Huasyn, turkiylar odati bo’yicha Amir Husayn jiyani Jahongir Mirzoning bek atkasi (Otaliq begi, tarbiyachi) bo’lgan. Shu sababli Jahongir Mirzo Balxda, Amir Husayn huzurida yashagan”, degan fikrni aytadi.

Jahongir Mirzoning Balxda, Amir Husayn xonadonida hayot kechirganligini yana bir manba – Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”si ham tasdiq etadi. Amir Temur yurishlarida birga bo’lgan Nizomiddin Shomiy o’zining “Zafarnoma” asarida dastlabki paytlarda Amir Husayn bilan Temurbeknign munosabatlari do’stona va mustahkam bo’lganligi to’g’risida so’zlaydi: “Amir Husaynning singlisi uning nikohida bo’lib, u bilan qavm-qarindoshlik va do’stlik aloqasi har tomonlama mustahkam edi”. Balxda turib, hokimiyatni idora qilayotgan Amir Husaynning ko’nglida Temurbekka nisbatan dushmanlik bor edi va u borgan sari kuchaymoqda edi. Shu orada Shirinbeka Og’oning eri Amir Muayyad mastlikda Bovurchi degan kishining o’g’li bilan janjallashib, uni o’ldirib qo’yadi. Bu voqeadan foydalangan Amir Husayn bir yo’la Amir Temur xonadonini va unga yaqin kishilarni tarqatib yuborishga, kuchsizlantirishga, oxir-oqibatda, hech kim daxl qila olmaydigan hokimiyat barpo etishga intiladi. Nizomiddin Shomiy, “Amir Husayn Amir Sohibqironning singlisi Shirinbeka Og’oni Balxga ko’chirib kelish (badarg’a qilish) uchun kishi yubordi. Yana amirzoda Jahongirni yuborib, u orqali Amir Sohibqironga: “Amir Musoni o’z eli bilan ko’chirib mening oldimga yubor, o’zing esa viloyat zabtig’a mashg’ul bo’lib, u joyda tur”, deb xabar berdi. Shu xiyla bilan Amir Sohibqironni xotirjam qilmoqchi bo’ldi”, deydi. Bu iqtibosdan aniq bo’ladiki, Jahongir Mirzo Balxda, Amir Husayn saroyida yashab turgan va qaltis paytda otasi Amir Temur huzuriga, Keshga yuborilgan. Bu ham manbalarda tilga olingan dalilning – Jahongir Mirzoning Amir Husaynning singlisi O’ljoy Turkon Og’odan tavallud topganligini dalolat etadi. Yana bitta dalil. 1370 yilga kelib, Amir Temur va barcha turkiy amirlar Amir Husaynga qarshi qattiq kurash olib boradilar. Balxning Hinduvon qal’asiga berkinib olgan Amir Husaynni yengishga Umarshayx Mirzo, ayniqsa, jasorat ko’rsatadi. U bu vaqtli 16 yoshda bo’lganligini Sharafddin Ali Yazdiy eslatib o’tadi. 1370 yilda Umarshayx Mirzoning 16 yoshdaligi uning tug’ilgan yili 1354 ekanligini yana bir marta tasdiq etdai. Lekin gap hozir bu haqda emas. Amir Husaynga qarshi janglarda Jahongir Mirzo ishtirok etmagan. Sohibqiron jiyanlik nuqtai nazaridan o’g’li Jahongir Mirzoni o’z tog’asiga qarshi kurashga jalb etmagan.

Turkiston mamlakati taqdirini hal qilgan Balx jangiga qadar, aytilganidek, ikki amir o’rtasidagi aloqalar uzilib, Amir Husayn aybi bilan u dushmanlik darajasiga yetgan edi. Ayniqsa, 1366 yilning yozida O’ljoy Turkon Og’oning o’limidan keyin ikki amirni qarindoshlik rishtalari bilan bog’lagan aloqalar tamoman barham topadi.

O’ljoy Turkon Og’o Amir Temurning Saroy Mulk Xonimga qadar (1370 yil) bo’lgan xotinlari ichida eng sevimlisi, og’ir va azobli kunlarni birgalikda baham ko’rgan rafiqasi edi. 1362 yilda Amir Temur va O’ljoy Turkon Og’oning akasi Amir Husayn boshlariga mushkul ishlar tushib, mo’g’ullardan qochib jon saqlashga majbur bo’lgan kezlarida, turkmanlar qo’liga asir tushib 62 kun tutqunlik sitamini tortadilar. O’joy Turkon Og’o Amir Temur boshdan o’tkazgan barcha qiyinchiliklarga sherik bo’ladi. O’sha davr ayollarining sadoqatiga, mulohaza etiladigan bo’lsa, bugungi kunda ham tan bermay bo’lmaydi. Ta’qib safarlarida Amir Husayn yonida uning xotini Dilshod Og’o ham birga bo’lgan. Jangda Amir Husaynning oti o’ldirilib, piyoda qolgach, ayoli Dilshod Og’o o’z otini eriga beradi. Unign sha’nini himoya qiladi. Bu ikki ayolning mardligi, vafodorligi, qiyinchiliklarga, sipohigarchilik mashaqqatlaridan qo’rqmaganligiga qoyil qolmay bo’lmaydi. Turkmanlar bilan bo’lgan jangda ikki amir navkarlaridan 7 kishi omon qoladi. Bu ikki ayol ham jangda ishtirok etadi.

O’ljoy Turkon Og’o shu yillarda benihoya zo’r qiyinchiliklarda chidaydi. Uning umri juda erta zavol topishida tutqunlik vas afar qiyinchiliklari ham ta’sir ko’rsatganlar. Jayhunda o’tib-qaytishlar necha bor takrorlangan va ularning hammasi katta xavf ostida amalga oshgan. Suyukli eri mo’g’ullar egallab turgan o’z viloyatiga yashirincha qadam qo’yganda, unign qaytishini jon hovuchlab kutib turgan ayolning ahvolini bir ko’z o’ngimizga keltiraylik. O’sha paytlarda, yaxshiyamki, turkiy amirlar oilalarida bolalarga, shu jumladan, qizaloqlarga ham sipohiylik hayoti, ot minish mahorati, harbiychasiga qattiq hayot ko’nikmalari o’rgatilib, ular chiniqtirib borilgan.

O’n yildan ortiq davom etgan birgalikdagi hayot intihosi O’ljoy Turkon Og’oning bevaqt vafoti bilan xotima topadi. Bu uchinchi farzand – Amironshoh Mirzo tug’ilishi bilan bog’liq asoratlar bilan bog’liq bo’lgan, deyish o’rinli tuyuladi. Amironshoh Mirzo onasi o’limidan sal avval, 1366 yilda tavallud topadi. Biroq, Turg’un Fayziyev Amironshoh Mirzoning onasini Menglibeka Og’oyi Jon Qurboniy deb ko’rsatadi.

1370 yilga qadar Sohibqiron Amir Temurning xotinlari Amir Joku Barlosning qizi Nurmush (Turmush, Burmish shakllari ham bor) Og’o, Amir Musallabning qizi, Amir Husaynning singlisi, Amir Qazag’onnign nabirasi O’ljoy Turkon Og’o va Mengli beka Og’olar bo’lgan. Oldingi ikki xotinidan tug’ilgan farzandlar – Umarshayx Mirzo, Jahongir Mirzo va Sultonbaxt begim, Amirshoh Mirzolar tavallud topgan joy Sohibqiron Amir Temurning ota vatani Kesh – Shahrisabz bo’lgan. 1370 yildan e’tiboran Amir Temur Turkison mamlakati hukmdori bo’lgach, uning oilaviy hayotida tubdan burilish vujudga keladi. Hukmdor sifatida xos harami shakllanadi.

Добавить комментарий