BARSELONA
BARSELONA — Ispaniyaning shimoli-sharqidagi shahar va port, O’rta dengiz bo’yida. Kataloniya Muxtor viloyati va Barselona provintsiyasining ma’muriy markazi. Aholisi 1,7 million kishi (1991). Barselonaga miloddan avvalgi 3-asrda karfagenlar asos solgan. 877 — 1137 yillarda Barselona grafligining poytaxti. 13 — 15-asrlarda O’rta dengiz bo’yidagi muhim savdo shahri bo’lgan. Barselona — Ispaniyaning muhim iqtisodiy va madaniy markazi. Dengiz, temir yo’l, havo va avtomobil yo’llari tuguni. Barselona porti O’rta dengiz bo’yidagi eng yirik portlardan (yuk tashish oboroti yiliga 20 million tonna chamasida). Barselona Ispaniyaning eng katta sanoat shahri. Kataloniyadagi sanoat ishlab chiqarishning 90%i Barselonada. Asosiy sanoat tarmoqlari: to’qimachilik, elektrometallurgiya, mashinasozlik, kimyo, tsellyuloza, qog’oz, poligrafiya, elektrotexnika, tsement, oziq-ovqat, yog’ochsozlik, ko’nchilik va boshqalar. Xalqaro miqyosdagi savdo-sanoat yarmarkalari o’tkazilib turiladi. 1888 va 1929 yillarda Barselonada Butunjahon ko’rgazmasi bo’lgan, 25-Olimpiada (1992) o’yinlari bo’lib o’tgan. Shaharda metropolitan qurilgan. Universitetlar (15-asrdan) va boshqa oliy o’quv yurtlari, teatr, konservatoriya, astronomiya rasadxonasi, muzeylar, hayvonot bog’i bor. Me’moriy yodgorliklari: San-Pablo del Kampo cherkovi (10-asr), gotika uslubidagi sobor (1298 — 15-asr), Santamariya del Map cherkovi (1320 — 70), Guel saroyi (1885 — 89), Sagrada Familiya cherkovi (19-asr oxiri) va boshqalar.
BARSELONA — Venesuela shimolidagi shahar va port. Ansoategi shtatining ma’muriy markazi. Aholisi 247 ming kishi (1990, shahar atrofi bilan). To’qimachilik, ko’n-teri, oziq-ovqat sanoati korxonalari bor. Shaharga 1637 yilda asos solingan.