Amir Temur sulolasi. Malikalar

1370 yil aprelida Amir Temur, ma’zul etilgan Amir Husayn haramidan to’rt ayolni o’z nikohiga kiritganligi haqida gapirdim. Saroy Mulk Xonimdan keyin, shu to’rt xotinning biri Boyon Sulduzning qizi Ulus Og’o edi. Boyon Sulduz turkiy sulduzlar qavmining boshlig’i bo’lgan. Sulduz qavmlari Termizning sharqiy tarafida. Amudaryoning ikki qirg’og’i bo’ylab joylashgan edi. Amir Qazag’on davrida Boyon Sulduz, Muhammad Xoja Apardi, Sotilmish, Uljoytu Apardi kabi ulus beklari mavqei baland bo’lib, katta yurishlarni birgalikda amalga oshirganlar. Amir Qazag’on halokatidan keyin hokimiyatga kelgan nabirasi Abdulloh soxta xon Boyonqulini o’z haramiga ko’z olaytirishga shubha qilib, o’ldirtiradi. Amir Abdullohdan norozi bo’lgan ulus beklari, jumladan, Boyon Sulduz ham Kofirnihon daryosining yuqori oqimida joylashgan ikki qal’a – Hisori Shodmondan qo’shin jamlab, Samarqandga yurish boshlaydi. U Keshga yetib kelganida, Xoji Barlos ham qo’shiladi va ikkalasi Amir Abdullohni mag’lub etib, uning birodarlarini quvib yuboradilar.

Sharafiddin Ali Yazdiy dalolatiga ko’ra, o’sha paytlar Boyon Sulduz va Hoji Barlosdan obro’liroq beklar bo’lmagan. Abdullohdan keyin hokimiyatni ular qo’lga oladilar. Boyon Sulduz ko’ngli bo’sh va beozor kishi sifatida tanilgan. Muarrix uning bir nuqsonini – muntazam mayxo’rlik qilishini, ichishga mukkadan ketganligini, kayf qilolmay turolmasligini, shu sababli, yuzlari lola yanglig’ qizil tus olganligini aytadi. Yil – o’n ikki oy ichida biror hafta bo’lsin hushyor vaqti bo’lmas ekan. Hokimiyat tizgini qo’lida bo’lgan kishining holi shu bo’lgach, mamlakatning har bir puchmog’ida boshboshdoqlik boshlanadi, bo’ysunmaslik kuchayadi. Beklar o’z boshiga hokimiyat talashishga kirishib ketadilar. Kesh ulusida Hoji Barlos mustaqillik yalovini ko’taradi. Xo’jand viloyatini Boyazid Jaloyir egallardi. Amir Qazag’onning katta o’g’li Musalloning o’g’li Husayn esa, Amudaryo janubidagi mulklarni qo’lga olib, Kobulda turardi. U bobosi Amir Qazag’on o’limidan keyin, unga tobe bo’lga hamma hududlarga da’vogarlik qilardi. Xullas, mo’g’ullardan tortib olingan mustaqillik xavf ostida qolgan, turkiy amirlarda bo’linish, ajralish, bir-biriga tish qayrash kuchayib, kuchlar bo’linib qolgan edi.

Mo’g’ulistonda Chig’atoy avlodi Turkistonda kechayotgan voqealarni sergaklik bilan kuzatib borardi. Turkiy amirlarning o’zaro nizolari, hokimiyat talashlari ularga qo’l keladi. Tug’luq Temurxon 1360 yilning fevral-mart oylarida Movarounnahr sari yurish boshlaydi. Tug’luq Temurxon Chig’atoy urug’idan bo’lgan Duvaxonning o’g’li bo’lib, Jetaning podshohi hisoblanardi. Jeta – Chimkent bilan talas vodiysidan to Lobnor ko’liga qadar bo’lgan hudud bo’lib, bu joylar ham Mo’g’uliston deb atalgan. Jeta (Jete) so’zining ma’nosini turlicha izohlash hollari ma’lum. Haqiqatga yaqinrog’i Yetti (jete) bo’lib, Jetesuv, Yettisuv hududlarini ko’zda tutadi. O’sha paytlarga kelib, Chig’atoy avlodidan Tug’luq Temurxondan kuchliroq xon qolmagan edi.

Yovning katta qo’shin bilan bostirib kelishi turkiy amirlarni tahlikaga solib qo’yadi. Boyon Sulduzdan hokimiyatni tortib olish fikrida yurgan Amir Husayn unga qarshi kurashda Temurbekdan, Boyazid Jaloyir va Hizr Yasuriydan ko’mak so’raydi. Mo’g’ullarning hujum niyatida kelayotganligi bu rejaning oxiriga yetishiga imkon bermaydi. Vahima, amirlar ko’ngliga birlashish maqsadini emas, o’z jonlarni qutqarish qutqusini solidi. Tug’luq Temur 1361 yilning mart oyida Xo’jandda to’xtab turganida Boyazid Jaloyir uning etagini o’pish uchun yetib boradi. Tug’luq Temurxon Movarounnahrda keyingi o’n-o’n besh yil ichida kechgan voqealardan yaxshi xabardor bo’lganligi, turkiy amirlar Amir Qazag’on boshchiligida o’z avlodi davomchisi Qozonxonni taxtdan ag’darganligini, bu ishda Boyazid Jaloyir, Boyon Sulduz, Hoji Barloslarning qo’li bo’lganligi sababli, ularga qattiq kek saqlardi. Xon ostonasiga kelgan Boyazid Jaloyir darhol qatl etiladi. Boyon Sulduz ham, Hoji Barlos ham Tug’luq Temur xizmatiga borishga qaror qiladilar. Boyazid Jaloyirning qatl etilishi hoji Barlos fikrini o’zgartiradi va u kuch – ko’rovi bilan Amudaryodan nariga ketadi. Tug’luq Temurxon shu yili kuzida Samarqand ustiga yurish boshlaydi va yo’lda taxt rahnaragi sifatida Boyon Sulduzni ham o’limga buyuradi.

Qozonxondan vaqtida hokimiyatni bir yoqadan bosh chiqarib, Amir Qazag’onga olib bergan, tug’ilgan yurti mustaqilligi uchun kurashgan, bu kurashga katta hissa qo’shgan amirlar qismati shunday yakun topadi. Birlashmaslik, hokimiyatparaslik g’olib kelgani bois yov ularni osonlikcha, hatto ixtiyoriy ravishda mahv etadi. Amir Husayn voqealarning keyingi rivojida, Amir Temurning qo’llab-quvvatlashi orqali Movarounnahr hukmdori bo’lgach, Boyon Sulduzning qizi Ulus Og’oga uylanadi. Boyon Sulduzning Shayx Muhammad ismli o’g’li ham bo’lgan. Shayx Muhammad boshdan Temurbekka rag’batlash kishi bo’lsa-da, Amir Husayn tarafida turib ish tutishga majburiyat sezadi. Bu o’rtada bog’langan quda-andachilik bilan bog’liq bo’lganligini tushunish mumkin.

1370 yil boshlarida hokimiyat Amir Temur qo’liga o’tgandan keyin Shayx Muhammad fe’lida g’alati o’zgarishlarni kuzatishga to’g’ri keladi. Balxdagi g’alabadan sal avval Shayx Muhammad o’z qo’shini bilan Amir Temur tomoniga o’tadi va Amir Husaynga qarshi kurashga bosh qo’shadi. Balx g’alabasidan keyin Chig’atoy ulusining barcha beklari qatori Shayx Muhammad ham Sohibqironni taxtga o’tqazish marosimida ishtirok etadi.

Amir Husayn haramidan tanlangan to’rt xotinning biri bo’lgan Ulug Og’oning malikalik maqomi uning akasi Shayx Muhammadni Sohibqironga yaqinlashtiradi. Amir Temur ham hokimiyatni idora qilishga kirishar ekan, Shayx Muhammad singari katta qavm va harbiy kuchga ega bo’lgan amirzodalar ko’magiga ehtiyoj sezardi. Ulus Og’oning haramga kiritilishi sabablaridan biri sifatida bunday taxminni e’tibordan soqit etib bo’lmaydi. Shayx Muhammad Sohibqiron yonida bo’lib, unga maslahatlar berib turganligini “Zafarnoma”dagi bir voqea yaqqol dalolatlaydi.

1372 yilda Xorazmni idora qilib kelayotgan Husayn So’figa qarshi yurishda, Sohibqironning harbiy qudratini his etgan Xorazmshoh, qal’aga bekinib olib, Amir Temur huzuriga xos odamini yo’llab, sulh va murosa so’raydi. Amir Temur kelishuvga rozi bo’ladi. Biroq, Sohibqironga qarshi ich-ichidan qarshi bo’lgan, qora yurak Kayxusrav Xuttoloniy Husayn So’giga yashirincha odam yuborib, “Amir Temurning va’dasiga ishonma, qo’shiningni shay qilib, shahar ortiga chiq, men o’z lashkarim bilan senga qo’shilaman”, deydi.

Husayn So’fi uning gaplariga bovar qilib, qo’shinini tayyor holga keltiradi va jangovar kayfiyatda nog’oralar qoqib, shahardan ikki yog’ochlik masofadagi Kovun anhori bo’yiga keladi. O’rtadagi sulhga binoan, Sohibqiron qo’shinlari har tomonga tarqalgan edi. Husayn So’fi qaroridati o’zgarish – sulh so’rab, unga amal qilmaslik, qilichlarni yalang’ochlashga olib keladi. Anhor bo’yida jang boshlanadi. Amir Temur sarkardalaridan Shayx Ali bahodir, Muayyad bek, Xitoyi bahodir, Oq Temur bahodirlar ot bilan anhorni kechib o’tib, Husayn So’fi odamlarini tum-taraqay qiladi. Amir Temurning o’zi ham anhorga ot solib, uni kechib o’tmoqchi bo’ladi. Sohibqironni bunday qilishga Shayx Muhammad Boyon Sulduz o’g’li yo’l qo’ymaydi, u “shohlarning ishi suv kechish emas, boshqarish”, deydi Shu gapni aytib, o’zi anhorni kechib o’tadi va kurashda jonbozlik ko’rsatadi. Kayxusrav tomonidan aldangan Husayn So’fi qilmishidan qattiq pushaymon bo’ladi va tez orada hayotdan ko’z yumadi.

1375 yil boshlariga qadar Shayx Muhammad Sohibqironning eng yaqin kishilaridan bo’ladi. Jetaga (Mo’g’uliston) qarshi yurishlarda u Jahongir Mirzo bilan birga bo’ladi. Shu yili SHayx Muhammad yurish-turishida keskin o’zgarish sodir bo’lganligining sabablarini izohlash qiyin. Bu haqda muarrixlar jim o’tishni afzal bilganliklarini anglash mumkin. Gap shundaki, Shayx Muhammad Amir Temurga qarshi suiqasdga qo’l uradi. Sohibqiron mo’g’ul podshohi Qamariddinga qarshi qo’shin tortgan paytga, safar chog’ida uni o’ldirish rejasi tuziladi. Bu ishning boshida Ulug Og’oning akasi, Boyon Sulduzning o’g’li Shayx Muhammad turardi. Bu fitnaga Boyazid Jaloyirning o’g’li Odil Shox va Turkon Orlotlar ham bosh qo’shadi. Fitna amalga oshmaydi. Rahnagarlar qochadi. Amir Temur shu yili Qarshiga yaqin bo’lgan Zanjirsaroyda qishlayotgan paytida Odil Shoh uning oldiga bosh egib keladi va bo’lgan voqeani aytib, bir qoshiq qonidan kechishni so’raydi. Shayx Muhammad qo’lga olinadi va taftish qilinadi. Teshlamishiy – so’roq jarayonida uning aybi tasdig’ini topadi. Shayx Muhammad jazo uchun Miri Malik degan kishiga topshiriladi. Shayx Muhammad bir paytlar uning ukasini o’ldirib yuborgan edi. Miri Malik xun evaziga Shayx Muhammadni qatl etadi. Fitna qatnashchilari orasida Boyazid Jaloyirning Ali Darvesh va Muhammad Darvesh degan o’g’illari ham bo’lgan, ular ham qatl etiladi. Odil Shohga esa, tavbasi uchun omonlik beriladi.

Shayx Muhamamd nega bunday qabih ishga qo’l urgan? 1375-1376 yillarda Sohibqiron mo’g’ullar ustiga ketma-ket yurishlar qilib, mavqeini mustahkamlab olayotgan bir paytda, nega uni yo’q qilish kerak bo’lib qolgan?

Buning asosiy sababi, fikrimcha, Amir Temurga qarshi hali mamlakat ichkarisida qarshi kuchlar bo’lganligi va, masalaning bir jihati yana oilaviy hayot bilan bog’lanishidadur. Ulug Og’o to’g’risida mavjud manbalardan 1370 yilda uning Amir Temur haramiga – xotinlari safiga kiritilganidan bo’lak biror ma’lumotni uchratmadim. Faqatgina uning akasi Shayx Muhammadning dastlabki paytlar Sohibqiron yonida bo’lganligiga, sodiqligini ko’rsatish uchun tirishganligiga, o’zini o’tga ham, cho’g’ga ham urganligiga qarab, fikr qilinganda, bu yillarda Ulus Og’oning Sohibqiron o’rdasida hurmati joyiga qo’yilganligini tasavvur etsa bo’ladi. 1375 yil oxirlaridan Shayx Muhammad tabiatidagi hayot-mamot o’zgarishi, singlisi Ulus Og’oning maqomi bilan bog’lanmasligi mumkin emasdi. Amir Temur xotinlaridan birortasi behurmat qilinmagan, har qaysining o’ziga tegishli mulki, imtiyozli bo’lgan. Amir Temurning raqibi Ibn Arabshoh birgina Cho’lpon Mulk Xonimning o’limi qanday yuz bergan, manbalarda biror so’z yo’q. Sohibqiron bu ayolni juda qadrlagan, yurishlarida birga olib yurgan… O’ylashimcha, Ulus Og’o 1374-1375 yillar oralig’ida olamdan ko’z yumgan bo’lsa kerak. Sohibqiron bilan bog’langan rishtalar uzilganligi (bu ayoldan farzand ko’rmaslik) ehtimoli Shayx Muhammadni yomon yo’lga boshlagan sabab bo’lsa kerak.

Amir Temur ayollar bilan bog’langan – oilaviy qarindoshlik rishtalari orqali davlatni mustahkamlashga, qavmlar birligiga, umumiy jipslikka intilgan bo’lsa-da, bu kutilgan natijalarni bermagan. Saroy Mulk Xonimning tog’asi Amir Muso fitnagarchiliklari, suiqasdlari orqasidan Ulus Og’oning akasi Shayx Muhammadning qilmishlari qatorlashib kelganligi kishini ajablantirmay qolmaydi. Bularning ortida hokimiyat ta’masi, o’zimbo’laychilik, kaltabinlik va manfaat qutqusi yotganligini sezmaslik mumkin emas. Afsuski, bu badbin silsila shular bilan tugab qolmagan.

Sohibqiron Amir Temur haramidagi to’rt malikaning uchinchisi Islom Og’o edi. Islom Og’oning otasi Hizr Yasuriy (Yasovuriy) bo’lib, u ham vaqtida Amir Qazag’on safdoshlaridan bo’lgan, Samarqand yaqinida, Urgutga borish yo’lida o’rnashgan qavm – yasuriylar boshlig’i edi. Hizr Yasuriy 1360-1362 yillar davomida Amir Temur bilan ittifoq bo’lgan, u bilan birlashib, hokimiyat talabida Amudaryodan o’tib kelgan hoji Barlosga qarshi kurashgan edi. Lekin ular o’rtasiga nifoq tushadi, bunga Hizr Yasuriyning badgumonligi sababchi bo’ladi. Shahrisabz lashkari Amir Temur itoatidan bo’yin tovlab, Hoji Barlosga borib qo’shilganda, Xizr Yasuriy shubha qilib, “Bu Temurning ishi bo’lsa kerak, u amakisi hoji Barlos bilan til biriktirib, meni o’ldirmoqchi”, degan qarorga keladi-da, Amir Temurni oradan ko’tarmoqchi bo’ladi. Uni mehmonga chorlab, ziyofat asnosida yo’q qilishni rejalashtiradi. Sohibqiron Xiz Yasuriyning ko’nglidan kechgan shunlikni payqab, bazm ayni qizigan chog’da dastro’mol bilan ushlab, otilib eshikka chiqadi va oti turgan yerga yetib oladi. Ot ayili bo’shatilib qo’yilgan bo’lishiga qaramay, uni ot ustida bog’lab, halokatli davradan qutulib keradi. Xizr Yasuriyning shundan keyingi taqdiri ma’lum emas. Uning o’rniga keyingi voqealarga o’g’li Isxoq aralasha boshlaydi. Har holda, Xizr Yasuriy 1370 yilda Balxda, Sohibqironning taxtga chiqish marosimida ishtirok etmaganligiga qaraganda, uning bu yillarda hayot bo’lmaganligini taxminlashga asos beradi.

Xizr Yasuriyning o’g’li Abu Isxoq 1371 yilda Amir Temur mo’g’ullarga qarshi ikkinchi marotaba qo’shin tortib, O’tror atrofidagi Adun Kezi degan mavxega yetishganda bir guruh fitnachilarga qo’shiladi. Amir Muso, Zinda Chashm, Xonzoda Abul Ma’oliy Termiziy va Shayx Abu Lays Samarqandiylar til biriktirib, Sohibqiron Qora Somon degan yaylovda ov qilganida, uni o’ldirishga qasam ichadilar. Bu suiqasd rejasiga Abu Isxoq ham qo’shiladi. Sohibqironga dushmanlarining qora niyatlari ma’lum bo’lib, ular arkoni davlat huzurida so’roq qilinadi va suiqasd isbotini topadi.

Sohibqiron Amir Temur siyosat maydonida ot sura boshlagan davrdan boshlab uning ayrilmas, eng qadrdon do’stlaridan, safdoshlaridan biri Amir Sayfiddin edi. Qiyinchiliklar, mashaqqatlar bilan birga muvaffaqiyatlar, zafarlar ham birgalikda totib ko’rilgan, ikki o’rtada sadoqat yillar sinovidan o’tgan edi. Amir Sayfiddin vaqtida Xizr Yasuriyning qiziga uylangan bo’lib, Abu Isxoq shu ayolning kenja ukasi edi. Fitnagarchiliklarga jazolar tayin qilinayotganda, Amir Sayfiddin tiz bukib, qaynog’asining bir qoshiq qonini tilaydi. Amir Temur shunda juda ulug’ bag’rikenglik ko’rsatadi, suiqasd ishtirokchilaridan birgina tavba qilmagan Zinda Chashm zanjirband qilinadi. Abu Isxoq va qolganlarning gunohidan o’tiladi.

XIV asrning 70-yillari boshlarida Sohibqiron garchi Mo’g’ulistonga qarshi bir-ikki bor lashkar tortgan bo’lsa-da, ko’p uzoq ketishga uning ichki dushmanlari xavfi yo’l qo’ymagan. Ikkinchi safar chog’ida ham Amir Temur qo’shinlari hozirgi Taroz shahridan sakkiz og’och (50 km) nariga o’tib, qaytganlar. Buning sabablari, ya’ni Talas vodiysi va hozirgi Qozog’istonning Taroz viloyatidan uzoq ketolmaslik – 1371 yil yozida, garchand Movarounnahr hokimiyati egallangan bo’lsa-da, hali kuchli va qudratli qo’shin tuzishga ulgurilmaganligi bilan bog’liq edi. Qolaversa, mamlakat ichkarisiga ta’siri va mavqei zo’r bo’lgan amirlar orasida Sohibqiron dushmanlari ham yetarli edi. Shu sababli ham, mamlakatni tashlab, olis ketish va unda bir qancha vaqt bo’lmaslik hali imkondan xoli edi.

1370 yilda vujudga kelgan xaramning to’rtinchi malikasi Tog’ay Turkon Xotun edi. Tog’ay Turkon Xotun haqida uning Sohibqiron xotinlari safiga kiritilganidan bo’lak ma’lumot tarixiy manbalarda berilmaydi. Uning kimning qizi ekanligi ham, aqalli eslatilmaydi. “Temuriylar shajarasi” kitobining muallifi Turg’un Fayziyev Amir Temurning kenja o’g’li Shoxrux Mirzo haqida so’z yuritganda shunday deydi: “Onasi Tog’ay Turkon Og’odir… Tarixchi Xondamirning bergan ma’lumotiga qaraganda, Shohruh Mirzoning onasi Tog’ay Turkon Og’o bo’lib, Sohibqiron Amir Temurning xos kanizaklaridan bo’lgan. Keyinchalik o’z nikohiga kiritgan”. Xondamir mazkur ma’lumotni, “Shohrux Mirzoning o’zi tuzdirgan “Nasabnoma”dan olganligiga ishora qiladi”, degan fikrni aytadi. Bunday nasabnomaning bor yoki yo’qligini inkor qilish uchun asoslar bo’lishi kerak. Nega, endi ishora qilinadi? To’g’ridan-to’g’ri “Nasabnoma”dan olindi, deyilishi mumkin edi-ku?! Xondamirni va “Nasabnoma”ni o’qimay turib, bu haqda hukm gapni aytish joiz emas. Biroq, meni qiziqtirgan bir jihat bor. Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”da Amir Husaynning Sohibqiron xaramiga kiritilgan to’rt xotinidan birining ismi sharifasi “Tog’ay Turkon Xotun” tariqasida zikr etiladi. Fikr tug’iladi: avvalo, Xondamir aytgan Tog’ay Turkon Og’o bilan Yazdiy tilga olgan To’gay Turkon Xotun bir ayolmi? Nega birida “Og’o” ikkinchisida, “Xotun”? Yana, Tog’ay Turkon Og’o (Xotun) dastlab kanizak bo’lgan, keyinchalik Sohibqiron nikohiga kiritilib, qonuniy umr yo’ldoshi maqomiga erishtirilgan. Bu savollarga qayerdan javob izlash kerak? Shohruh Mirzo 1377 yilda tavallud topgan. Tog’ay Turkon Xotun oradan olti yil kechib, Amir Temurdan farzand ko’rishi mumkinmidi? Inkor etish mushkul. Asilzodalar, podshohlar xonadonlarida qizlar ismiga “Turkon”ni qo’shish azaliy udumlardan bo’lib kelgan. Movarounnahrda taniqli ayollar ismi sharifasi yana “Og’o” nisbasi bilan ziynatlangan. Xorazmda esa “Xotun” rutbasi xotin-qizlarning podshohlar oilasidan ekanligini ko’rsatib turgan. Jumladan, Muhammad Xorazmshohning onasi ismi ham Turkon Xotun bo’lganligini yaxshi bilamiz.

O’quvchining yodida bo’lsa kerak, 1365 yil voqealari to’g’risida so’z yuritganimda, Amir Husaynning Xorazmshoh Husayn So’fining qiziga uylanajagi borasida to’xtalgandim. U katta qalin va boylik evaziga bu niyatiga yetishni maqsad qilgan. Amir Temurdan mol-dunyo yig’ib berishni so’ragan edi. 1370 yilda Amir Husayn haramidan to’rt ayol saylanganda, Husayn So’fining qizi bu mundarijada bo’lmaganligini ham taxmin qilgandim. Voqeani chuqurroq o’ylab ko’rsam, bu savollarga salbiy emas, ijobiy javob berish o’rinli va jo’yali ko’rindi. Tog’ay Turkon Xotun Husayn So’fining qizi bo’lishi mumkin, degan fikr xayolimdan o’tdi. Amir Temur o’sha yili Amir Husayn talab qilgan molu dunyoni uning ortidan jo’natgan, chunki u va’dani bajarmaydigan, ikkilik qiladigan kishilardan emasdi. Amir Husayn ham Movarounnahr hukmdori sifatida, Husayn So’fining qiziga uylanish matlabini amalga oshirgan, bu qizning ismi sharifasi Tog’ay Turkon bo’lishi mumkin edi.

1374 yildan keyin Xorazm bilan munosabatlar yaxshilangach, Xorazmshohlar xonadonidan Xonzoda Begim bilan Jahongir Mirzoning nikoh to’ylar amalga oshgach, Sohibqiron Tog’ay Turkon Xotunga iltifot ko’rsat bo’lishi, keyinchalik “kanizakning nikohga kiritililishi” haqidagi naqlga zamin bo’lgandir.

Sohibqiron Amir Temurning o’g’illari va qizlari soni yigirmadan oshadi, deyilsa, mubolag’a bo’lmaydi. Ayrim manbalarda 9 o’g’il va 13 qiz tug’ilganligi to’g’risida fikrlar aytiladi. 1375 yildan boshlab, Sohibqiron hayotida yangi uylanishlar amalga oshadi. 1383 yil so’nglarida, Sharafiddin Ali Yazdiy e’tiroficha, Amir Temurning beshinchi o’g’li bir necha kun yashab, go’dakligida hayotdan ko’z yumadi. Bunday hollar ko’p bo’lgan. Shu sababli, “falon malika farzand ko’rmagan”, deyish nisbiy ekanligini qayd etib qo’yish lozim. Bu borada tarixiy asarlarda ham yanglish aytilgan xulosalar istaganicha topiladi. Shohruh Mirzoning onasi sifatida Saroy Mulk Xonim ko’rsatilgan manbalar ham yo’q emas. Sohibqiron Amir Temur Movarounnahr hokimiyatiga kelganining beshinchi yilidan boshlab, harami tarkibini yangi-yangi maliklar bilan to’ldira boshlaydi. Oilaviy hayot doirasi kengayib boradi. Bu nikohlarning ahamiyati nimalar bilan izohlanadi.

Добавить комментарий