Amir Temur sulolasi. Ikkinchi valiahd

1405 yilga kelib, Sohibqiron Amir Temur vafot etgan paytda, Muhammad Jahongir Mirzo avlodi o’n bir kishi edi. Bu vaqtda uning o’g’li Pir Muhammad hayot bo’lib, akasi Muhammad Sultondan uch o’g’li, bir qiz qolgan edi. Pir Muhammadning oilasi katta edi – uning yetti o’g’il farzandi bor edi.

Jahongir Mirzoning to’ng’ich o’g’li Muhammad Sultonning tug’ilish sanasi, fikrimcha, mushohadaga muhtoj. Hozirgi davr tarixshunosligi soatdek aniq ishlaydi – vaqt juda to’g’ri ko’rsatiladi. Yil, oy va kun bexato zikr etiladi. O’rta asrlarda yozilgan tarixiy asarlrda bu masalada loqaydlik juda sezilarli ekanligini uqtirishga hojat yo’q. Uni Muhammad Sulton tavalludiga oid raqamlarning turlanishi misolida ham ko’rish mumkin. Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”sida Muhammad Sultonning vafot etgan vaqti 1403 yilning 13 marti, deb ko’rsatiladi. Muarrix, shahzoda vafot etganda 29 yoshda bo’lganligini ham aytadi. Shunday bo’lsa, Muhammad Sulton 1374 yilda dunyoga kelgan bo’ladi. Shu kitobda “Shahzoda Jahongirning Xonzoda Xonimga uylanishi haqida” degan lavhasida bu to’y 1374 yilning may oyi oxirlari – iyun oyi boshlarida bo’lganligi qayd etiladi. Ota-onaning to’yi 1374 yilda bo’lsa-yu, Muhammad Sulton shu, 1374 yilda tug’ilgan bo’lsa?! Shubhasiz, bu yerda ishtixobga o’rin bor. Yazdiy “Zafarnoma”sining Muhammad Ali Darvesh tomonidan qilingan turkiycha tarjimasining 2008 yilda rus tiliga o’girilgan nusxasi nashrga tayyorlagan taniqli olim Ashraf Ahmedov kitob oxirida berilgan 363-izohda otasi Muhammad Jahongir vafot etganda, o’g’li Muhamamd Sulton bir yoshli chaqaloq edi, deb yozadi. Bundan, Muhammad Sulton 1375 yilda tug’ilgan, degan xulosaga kelish mumkin. Unda, akademik Yahyo G’ulomovning Pir Muhammad ham Jahongir Mirzo bilan Xonzoda Begimdan tug’ilgan, degan gapini qanday sharhlash kerak bo’ladi?

“Zafarnoma”ni diqqat bilan mutolaa qilgan kishi, muarrix Muhammad Sulton bilan Pir Muhammadni bir ota-onadan tug’ilgan kishilar sifatida talqin etilganligiga ishonch hosil qiladi. Ashraf Ahmedov ham Yahyo G’ulomov fikrini tasdiq etib, yuqorida aytganim ruscha nashrda berilgan 585- izohda, “Muhammad Sulton va Pir Muhammad Xonzoda va Jahongir Mirzodan tug’ilgan o’g’illar”, deb yozadi. Shunday ekan, Muhammad Sulton bilan Pir Muhammad Mirzo tug’ilishi orasida ma’lum muddat bo’lishi tabiiy hol. Pir Muhammad Mirzo, tarixlarda qayd etilganidek, otasi vafotidan 40 kun keyin tug’ilgan, demak, 1376 yil bo’lishi haqidagi ma’lumotni qanday tushunish kerak? Bu savolga javobni Fasih Xavofiyning “Mujmali Fasihiy” degan asaridan topish mumkin bo’ladi. Fasih Xavofiy o’z yilnomasida voqea-hodisalarni nisbatan aniqlik bilan aks ettiradi. Kitobda, hijriy 775 yil voqea-hodisalari to’g’risida ma’lumotlar keltirilar ekan, shu 775 hijriyda 1373-1374 yilda Jahongir Mirzo bilan Xonzoda Begimning to’yi bo’lganligini keltirib o’tadi. Shunga ko’ra, xulosa qilish mumkinki, Jahongir Mirzo bilan Xonzoda Begim nikohi 1373 yilda amala oshgan bo’lsa, Muhammad Sultonning 1374 yil oxirlarida Pir Muhammad Mirzoning 1376 yilda, otasi o’limidan 40 kun keyin tug’ilganligi ayni haqiqat bo’lib chiqadi.

Muhammad Sulton Mirzo tarbiyasi bilan Sohibqiron haramining ulug’ malikalari mashg’ul bo’lgan Shahzoda olti-yetti yoshga to’lgan chog’larida bobosi xohishi bilan davlat ishlariga, aniqrog’i, bobosining davlatlararo munosabatlariga aralasha boshlaydi. Hijriy 781 yili (1380) Sohibqiron Hirotda qishlagan paytida uning huzuriga Alibek ibn Arg’unshoh Joniqurboniy tiz bukib keladi. Bu o’sha, bir vaqtlar Temurbek va Amir Husaynni bandi qilib, Moxonda tutqunda saqlagan Turkman qavmi boshlig’i edi. Uning otasi Arg’unshoh XIV asr o’rtlarida Xurosonning shimoli sharqida mustaqil hokimiyat qurgan hukmdor bo’lgan. Sohibqiron itoat va xizmat uchun bosh egib kelgan Alibek Jonuqurboniyni eski qilmishlari uchun ayblab o’tirmaydi. O’tgan voqealar eslanmaydi, aksincha, unga hurmat va iltifot ko’rsatiladi. Shu gurungda Amir Temur Alibek Joniqurboniyning qizini Muhammad Sulton Mirzoga unashtirish taklifini qiladi. Bu paytda Muhammad Sulton juda yosh, 6-7 yosh nari-berisi edi. Taklif qabul etiladi va to’y bor necha kunga cho’ziladi. Alibek Joniqurboniyga zarrin to’nlar kiydiriladi, otlar tuhfa etiladi.

Alibek Joniqurboniy Sohibqiron bilan qarindoshlik rishtalarini bog’laganiga qaramay, baribir, uning dushmani bo’lib qolaveradi. To’y vaqtidaerishilgan kelishuvga muvofiq, Xurosonga birlashib yurish qilish muddati kelganda, lafzidan qaytadi. Hirotni tobe etgan Amir Temur Kalotga – Alibekning qarorgohiga tomon yuzlanadi. Sohibqiron kelayotganini eshitgan beburd quda iloj topolmay, uning oldiga peshvoz chiqadi va bus afar ham kechiriladi.

Amir Temur Eronzaminga ikkinchi marta qo’shin tortganda Kalotga ham keladi. Alibek Joniqurboniy o’z kishilari, xotinlari, mol-hollari bilan qal’aga kirib, yog’iylik yo’liga qadam qo’yadi. Sohibqiron o’rtadagi qarindoshlik tufayli unga qarashli mulklarni chopqun qildirmaydi va unga kishi yuborib, “Nega mendan qo’rqib, qal’aga berkinib olding? Endi paysalga solib, o’tirmay huzurimga kel va yo’l qo’ygan xatoingni tuzat. Agar kelmaydigan bo’lsang, nimaiki sodir bo’lsa, sening aybing bilan bo’ladi?”, degan so’zlarni yetkazdiradi. Bu so’zlar unga kor qilmaydi. Kalot qal’asining mustahkamligiga ishonib, qal’adan chiqishni istamaydi. Sohibqiron shu yerda to’lg’ama qiladi: Mazondaronga ketdik, deb ovoza tarqatadi-da, Kalot tomonga pinhona yurish boshlaydi. Harbiy hiylaga laqqa tushgan Alibek qal’ada bir necha kundan buyon qamalib yotgan qo’ylar, otlar va tuyalarni tashqariga olib chiqadi va yaylovga qo’yib yuboradi. Sohibqiron lashkari lo’ttiboz Alibekning bor mol-holini oladi. Amir Temur Kalot darvozasi oldida shohona chodir tikdiradi, uning oldida rang-barang bayroqlar hilpirab turadi. Alibek Joniqurboniy qal’a atrofida joylashgan va son-sanoqsiz sipohiylarni ko’rib qo’rqib ketadi va shosha-pisha elchi jo’natib, “Ahmoqona ishlarimdan pushaymonman va uyatdaman. Hukmdor inoyat ko’rsatib, darvoza oldiga kelsa, oyog’ini o’pb, ko’zlarimga surtardim”, degan iltijoli so’zlarni aytdiradi. Amir Temur bu gapdan ko’ngli yumshab beshta sipohiy bilan qal’a darvozasi oldiga yaqinlashib keladi. Qal’a darvozasi nihoyatda tor, uzun va tig’iz edi. Alibek Joniqurboniy Sohibqironning kam sonli odamlar bilan kelayotganini ko’rib, yana shayton yo’liga kiradi va ayyorlik ishlatmoqchi bo’ladi. Bir guruh qurolli odamlarni panaga joylashtirib, o’ng’ay kelgan paytda hujum qilishga shaylab qo’yadi. O’zi esa, va’dasidan qaytib, darvozaga kelmaydi. Sohibqiron uni bir muddat kutib, Alibekning qabihligini anglab ortga qaytadi. Qizig’i shundaki, Alibek qo’ygan pistirmadagi qurolli sipohlar xuddi sehrlangan kabi joyidan qimirlay olmay qoladi. Shundan so’ng, yashin tezligida hujum boshlanadi. Alibek yana o’rtaga odam soladi, yana yalinadi, qulingman, deb yolvoradi.

Alibek ertasiga Sohibqironning oyoqlarini o’pib, qilgan ishidan pushaymonlik izhor etadi. Amir Temur uni bus afar ham kechiradi. Alibek esa yana dushmanlik yo’liga kiradi. Qachonki, Amir Temur Mazondaronni zabt etganidan so’ng unga dushmanlik maqomida bo’lgan Alibek Joniqurboniyni Shayx Ali Bahodur Sohibqiron oldiga olib keladi. Odatga muvofiq, mag’lub bo’ynida qilich, ustida kafan bo’ladi. Shu holda, Shayx Ali Bahodurning Alibekning bir qoshiq qonidan kechishni so’rashi uning taqdirini hal etadi. Shayx Ali Bahodur Amir Temurning taniqli sarkardalaridan edi. Alibek bu ham ham kechiriladi va unga Radkan mavzesi beriladi. Alibekning keyingi taqdiri nima bo’lgan, bu haqda tarixlarda gap yo’q. Lekin uning ukasi Hojibek Joniqurboniy qo’shin yig’ib Amir Temurga itoat etmaslik yo’lini tutadi. Amironshoh Mirzo uni mag’lub etib, qochganida Xazarigira sayidlari uni tutib beradilar; u qatlga yetkaziladi. Ehtimol, bu voqea ustida Amir Temur bo’lganida edi, ukasi ham Alibek singari kechirilgan bo’larmidi? Nabirasi Muhammad Sulton Mirzoga qizini olib bergan Alibek Joniqurboniy qissasi shunday. E’tibor berilsa, Sohibqiron qudachilikni juda yuqori qo’yganligi, qadrlagani ma’lum bo’ladi. U, bu ishga juda katta mas’uliyat bilan yondashgan, hech qachon jazolashga, orani buzishga intilmagan. Amir Temurning shu fazilatini ifoda qilish uchun bu haqda mufassalroq gapirishimga to’g’ri keldi. Bu birinchi va oxirgi misollar emas.

Sohibqiron Amir Temur Xorazmga qilingan beshinchi yurishdan qaytib, Samarqandda katta to’y boshlaydi. To’y shodiyonasi poytaxtni cho’lg’ab oladi. Shahar xalqi bir jonu bir tan bo’lib, ko’chalarni bayram liboslariga burkaydi. Bog’i Behishtda shohona chodirlar, oq o’tonlar tiklanadi. Anvoyi gilamlar baland osilib, rango-rang matolar, bayroqlar, chodirlar, o’tovlar ustida hilpiray boshlaydi. Chodirlar va oq uylar ichlari qimmatbaho toshlar va gavharlar bilan bezatiladi. Bu voqea 790 hijriyda – 1388 yilda bo’lib o’tadi. Shu ulug’vor to’yda Sohibqiron kenja o’g’li Shohruh Mirzoni, Jahongir Mirzoning o’g’illari, aka-uka Muhammad Sulton va Pir Muhammad Mirzolarni g’uriylar avlodidan bo’lgan qizlarga uylantiradi. Bog’i Behishtda o’tkazilgan to’y tantanalari bir necha kun davom etadi.

Muhammad Sulton Mirzo otasi singari dovyurak, harb ishlarida mohir yigit bo’lib ulg’ayadi. Sohibqiron 1391 yilning may oyida Dashti Qipchoqqa qo’shin tortganida uning ilg’or qismi Shahzodaga ishonib topshiriladi. To’xtamishxon nihoyatda ayyor dushman bo’lib, uchi quyrug’i yo’q sahro va o’rmonzorlarda unign haqida ma’lumot to’plash qiyin kechadi. Muhammad Sulton Mirzo jo’mardlik qilib, To’xtamish lashkaridan “til” tutib keltiradi va undan yovning qo’shini, ularning joylashuvi to’g’risida ma’lumotlar olinadi.

Muhammad Sulton va Pir Muhammad yosh bo’lishlariga qaramay, Iroq va Fors mamlakatlariga qilingan yurishlarda mardlik va jasorat ko’rsatadilar, qo’shinning oldingi saflarini boshqaradilar. Muhammad Sulton bobosi singari bag’rikeng, saxovatli bo’lganligini muarrixlar qayd etadilar. Boshi Xotun qal’asini olishda shu yerlik yo’l ko’rsatuvchiga Shahzodaga zar halli to’n, oltin kamar va dastsi tillo qilich tuhfa qiladi.

1395 yilda To’xtamishxonni ta’qib qilayotgan Sohibqiron Amir Temur lashkari Moskvaga qadar borganligi to’g’risida Sharafiddin Ali Yazdiy xabar beradi. Lekin bir qator rus tarixchilari Yazdiy Moskva bilan Ryazanni adashtirgan. Amir Temur Yeletsdan nariga o’tmagan, degan fikrni aytadilar. Amir Temur shaxsan Moskva fathiga kirishmagan bo’lsa-da, bu shaharga uning nabirasi Muhammad Sulton Mirzo o’zining 10 ming kishilik qo’shini bilan kirganligi haqiqatdir.

Amir Temur 5 yillik safardan qaytganidan keyin Samarqandda, Ko’k saroyda qishni o’tkazadi. Shu yili – 1396 yilda Muhammad Sulton Mirzoning o’g’li dunyoga keladi. U bu paytda 23 yoshda edi. Chaqaloqqa bobosi Muhammad Jahongir ismini beradilar. O’g’il nabira sharafiga xursandchiliklar qilinadi. Ko’p o’tmay, Muhammad Sulton Fors safariga jo’natiladi. G’alaba yuz bergach, Sohibqiron ham, nabira ham Samarqandga qaytadilar. Muhammad Sulton onasi Xonzoda Begim bilan ko’rishish sharafiga noil bo’ladi. Istiqboliga yukinib chiqqan Shahzodani ko’rib, malika kelinning sevinchi olamga sig’may ketdi, deydi muarrix.

1398 yilning mart oyida Muhammad Sulton Mo’g’uliston chegaralariga jo’natiladi va Ashparada qal’a qurishni tayin etiladi. Shahzoda Yildirim Boyazid bilan bo’lgan janglarda o’zini ko’rsatadi. 1403 yilning 9 martida Yildirim Boyazid nafas siquvi va qon bosimi oshuvidan vafot etadi. Sharafiddin Ali Yazdiy, Sohibqiron Amir Temur mag’lub podshohning o’limidan qattiq qayg’urganligini aytib, uning ko’nglida Rum mamlakatini zabt etganidan keyin toju taxtni yana Yildirim Boyazidga berish maqsadi bo’lganligini yozadi.

Amir Temur Turkiyaning Oqshahariga turganida yana bir noxush xabar keladi. Muhammad Sulton qarorgohidan Dono Hoja yetishib, shahzodaning xastaligini, muolajalar kor qilmayotganligini aytadi. O’z davrinign taniqli hakimlardan bo’lgan Mavlono Faraj tabib Muhammad Sultonni davolayotgani, biroq berilgan dorilarning ta’siri bo’lmayotganligi Sohibqironni qattiq o’ylovga solib qo’yadi. Amir Temur, Dono Hojani qaytarib yuborar ekan, zarur ko’rsatmalarni berib, yana tabiblar ham jo’natib, “Shahzoda ahvolidan bizni tezroq xabardor qilib tur”, deb tayinlaydi.

1403 yilning 11 martida Dono Hoja kelib ketganidan bir kun o’tib, Sohibqiron o’rdasiga Davlat Hojai Elchi Bug’o bir olam anduh bilan yetib keladi va Shahzodaning kasalligi zo’rayganligini, uning tildan qolganligini yukinib so’zlab beradi. Bu xabarni eshitgan hukmdorda toqat qolmaydi, zudlik bilan Muhammad Sulton sariga ot jilovini buradi. Amir Temur sevimli nabirasi, valiahdi Muhammad Sulton yotgan chodirga kirib, uning yostig’ining yonida o’tiradi. Shahzodaning ahvoli choparlar aytganidan ham og’irroq bo’lgan. Sohibqiron ko’radiki, ish o’nglanmaydigan holga kelgan. Muhammad Sultonni avaylab taxtiravonga soladilar va yo’lga tushadilar. Qorahisordan uch manzil o’tib, bir joyda to’xtaydilar. Muhammad Sulton shu yerda hayot bilan vidolashadi. Bu voqea hijriy 805 yilning sha’bon oyi 18-kunida, dushanba kechasi yuz beradi. Muarrix Yazdiy, Muhammad Sulton olam bilan xayrlashganda 29 yoshda edi, deydi. U, Muhammad Sultonning kasalligi haqida so’zlaganida, Shahzodaning miyasi qattiq shamollaganligini, u juda kuchayib ketib, quturish alomatlari sodir bo’lganligini yozadi.

Amir Temur Muhammad Sulton o’limidan qattiq qayg’uradi, saltanat taxtidan tushib, motam liboslarini kiyib, ko’zyoshlarini tiya olmaydi. Butun arkoni davlat motam tutadi. Lashkar ahli qora kiyimlarga cho’lg’anadi, o’sha kunlari ulug’ sarkardalar ham ot minmay, yetaklab, piyoda yurganlar. Shahzodaning jasadi vaqtincha Sultoniya shahrida dafn etiladi.

Ikkinchi valiahd qismati shunday kechadi. Undan Muhammad Jahongir (9 yoshda), Sa’d Vaqqos (6 yoshda) va Yaho (5 yoshda) ismli uchta o’g’il va Og’o Begi ismli bir qiz qoladi. Muhammad Sulton farzandlari ham siyosiy voqelikka erta aralasha boshlaydi. Valiahd shahzodaning O’ga Begi ismli qizi, keyinchalik Ulug’bek Mirzoning jufti haloli bo’ladi.

To’ng’ich o’g’il Muhammad Jahongir Mirzo otasi vafot etganda, aytilgani kabi, 9 yoshda edi. Oradan ikki yil o’tib, Sohibqiron Amir Temur ham hayot bilan vidolashadi. Muhammad Sultonning saltanatda nufuzi juda katta edi. Uning farzandlari ham katta imtiyozlarga ega bo’lishgan. Sohibqironning o’limi esa saltanat uchun ham, sulola uchun ham og’ir yo’qotish bo’lib, uning o’rnini bosadigan shaxsning maydonga chiqishi osonlikcha kechmaydi. Amir Temur qonunlariga bosh burmay amal qiladigan Temuriyzodalar bo’lgani kabi, qattiqqo’l bobo ketib, erkin nafas olish shavqida o’zini tutolmagan nabiralar, evaralri ham kam emasdi. Sohibqiron taxtini egallash, uning davlatini xomtalash qilib bo’lib olish qariyb besh-olti yil davom etadi. Qachonki, Shohruh Mirzo saltanat jilovini qo’lga olgach, amaki va amakizodalar o’rtasidagi g’arazlar birqadar bosilganday bo’ladi. Shohruh Mirzo ulkan oila sha’nining xaloskori va homiysi sifatida maydonga chiqadi.

Abdurazzoq Samarqandiy Amir Temur vafotidan keyin yuz bergan jangu jadallar to’g’risida hikoya qilar ekan, 1408-1409 yillar oralig’ida Mirzo Xalil Sultonning Amir Xudoydod bilan kurashganligini, yengilib uning qo’liga tushganligini aytadi. Bu paytda 15 yoshda bo’lgan Muhammad Sultonning katta o’g’li Muhammad Jahongir ham, aftidan, Xalil Sulton bilan Samarqand tegrasida bo’lgan. Xudoydod unign navkarini Shohruh Mirzo huzuriga jo’natadi. Xalil Sultonni asir qilgan Xudoydod Shoh Mirzoning Hirotdan Movarounnahr sari kelayotganini eshitib, qochishga tushadi. Shohruh Mirzo 1409 yilning may oyi boshlarida yetib kelganda, Samarqandda uni kutib oluvchilar orasida Muhammad Jahongir Mirzo ham bor edi. Shunga qarab fikr yuritilganda, Muhammad Jahongi ham otasiga tegishli bo’lgan sipohiylarga bosh bo’lgan va shu yillarda kechayotgan voqealar ishtirokchisi bo’lgan. Shohruh Mirzo Movarounnahr mulklarini o’g’li Ulug’bek Mirzo ixtiyoriga topshirganidan keyin, Abdurazzoq Samarqandiy ta’kidlaganidek, “Hisori Shodmon viloyatini Mirzo Muhammad Jahongir ibn Mirzo Muhammad Sultonga suyurg’ol tariqasida ato qildi va u viloyatning hosilini uning ixtiyoriga topshirdi hamda otalarcha pand-nasihat eshiklarini ochib… o’z yetuk siyosati va farosati bilan ham bir zo’rlik qiluvchini ranju alam ostida qoldirmasin”, deb buyurdi. Shu haqda o’z yilnomasida xabar bergan Fasih Xavofiy esa Shohruh Mirzo Muhammad Jahongir Mirzoga Toxariston mulklari berganligini yozadi. 15 yoshli shahzodaning Amir Temurning o’g’li, uning davlatiga egalik qilgan Shohruh Mirzo nazariga tushishi bejiz bo’lmagan.

Sohibqiron vafotidan keyin hokimiyat ta’magirlaridan biri Shayx Nuriddin Samarqandga bir necha marotaba bosqinlar uyushtiradi. Shayx Nurddin Samarqandni qo’lga kiritish va hukm surish uchun bir hiyla o’ylaydi. “Matlai sa’dayn va majmai bahrayn” da bu haqda, “Shayx Nuriddinning quvvati butunlay zaiflashdi va u Termizga keldi. Bu yerda u Hisor (Hisori Shodmon) viloyatida turgan Mirzo Muhammad Jahongir ibn Mirzo Muhammad Sultonni har xil hiyla va tadbirlar bilan o’z huzuriga keltirdi”, deyiladi. “Zubtat ut-tavorixi Boysung’uriy” asarida Shayx Nuriddinning hiylasi mohiyati ochib beriladi. Shayx Nuriddin Muhammad Jahongir Mirzo oldiga odam yuborib, “Men bu mamlakatni sen uchun oldim, sen uchun shamshir urmoqdaman, Amir Sohibqiron mamlakatni sening nomingga vasiyat qilgan”, deb Mirzo Muhammad Jahongirni ta’malantirib, o’z huzuriga chaqirtiradi. Ulug’ amirzoda bunga e’tibor bermadi. Shayx Nuriddin uning otasi Muhammad Sultonning eski navkarlaridan ba’zilari, masalan, Amir Mubashshir, Amir Junayd Ayon, Hamza Sulduz va boshqalarga, sizlar nega amirzodani olib kelmaysizlar, men Samarqandda turmoqchi emasman, o’z viloyatimga qaytib ketaman, agar sizlar uni mening huzurimga keltirsangizlar, u Samarqandga amiru hokim, sizlar esa har biringiz bir mo’tbar amir bo’lasiz, deydi. Ular bu so’zga uchib, Amirzoda Muhammad Jahongirni o’z ixtiyoriga qo’ymay, shayx Amir Nuriddinning huzuriga olib keladilar”, deydilar.

Hokimiyattalablar asl maqsadlarini, qora niyatlarini pardalash uchun shunday yo’l tutishlari tarix uchun yangilik emas. Shayx Nuriddin ham necha yillar Amir Temur saltanatida vazirlik maqomida bo’lib, toju taxtning ta’mini yanada kattaroq totib ko’rish uchun yo’ldan ozadi. Toju taxt poygasidan chetda turgan Muhammad Jahongirni o’z g’arazli niyati yo’lida qurbon qilishga intiladi. Shayx Nuriddin Muhammad Jahongirni bir sira sulton deb e’lon qiladi ham. Fasih Xavofiy 1410-1411 yil voqealari silsilasida aynan shuni tarixga raqam etgan. Siyosat g’arazli va shaxsiy maqsadlar yo’lida ishlaganida, begunohlarning qoni to’kilishi hech gap bo’lmay qoladi.

Muhammad Jahongirni, shu tariqa, garovga ushlab, Shayx Nurddin Samarqanga jo’naydi. Samarqand aholisi uni noxush qarshi oladi va jangda mag’lub etadi. Bu orada Shohruh Mirzoning Movarounnahrga kelayotgani xabari yetishadi, qo’rquvga tushgan Shayx Nuriddin Muhammad Jahongirni aldab olib kelgan Amir Mubashshirni qatl etadi. Mag’lub bo’lgan Shayx Nuriddin shahzodaning vositasida kun ko’rmoq uchun uning viloyati Hisori Shodmonga yo’l oladi.

Bu yillarda ulug’ xonadon og’ir sinovlar bo’hronida qolgan edi. Oila sha’ni Sohibqiron hayotligi davrida muqaddas tutilgan, unga og’ishmay amal qilinib kelinardi. Muhammad Jahongir yosh bo’lsa ham bobosi asoslagan oilaviy udumlarga sodiq ruhda tarbiyalangan edi. Shayx Nuriddinning makriga uchmaganligi, bu ishga majbur erilganligi ayon bo’lganligi uchun (Amir Mubashshirning sirni ochib qo’ymasligi uchun o’ldirilishi) u Shohruh Mirzoni nazariga tushadi. Shohruh Mirzo Muhammad Jahongir Mirzoni uylantirishga qaror qiladi. Abdurazzoq Samarqandiy bu to’y 816 hijriyning 14-jumod al-oxirda (11 sentabr, 1413) Hirot shahrining Bog’i Zog’on degan mashhur mavzesida o’tganligini hikoya qiladi. Sohibqiron davrida to’ylar Samarqandda, Konigilda o’tardi. Endi esa Shohruh Mirzo saltanatining poytaxti Hirot to’ylar urfga kiradi. To’y tafsilotlari asarda shunday bayon etiladi: “Davlat arboblari va hazrat xoqoni sa’idining (Shohruh Mirzoning) a’yonlari sochqilar keltirilib, zarlar sochdilar… Majlis osmon yanglig’ yulduzlar nuri bilan bezatildi. Mohir munajjimlar vaqt toleini tanladilar va sayyidlar, qozilar, akobirlar ham ashraflar Bog’i Zog’onga keltirilib, saltanat sadafida parvarish topgan bir durni davlat burjining duri bo’lmish Mirzo Muhammad Jahongir nikohiga kiritildi”.

Fasih Xavofiy ham o’z yilnomasida Muhammad Jahongirning uylanish to’yi haqida ma’lumot beradi. Abdurazzoq Samarqandiy nima sababdandir kelinning ismi sharifasini aytmagan. Bu esa juda ahamiyatli. Gap shundaki, Shohruh Mirzo o’z qizi Maryam Sulton Begimni Muhammad Jahongirga nikohlab beradi. Fasih Xavofiy to’y kunini ham aniq aytadi – 816 yilning jumod al-oxir oyining payshanba kuni (29 avgust – 27 sentabr, 1413 yil) to’y bo’lib o’tadi. Muhammad Jahongir bu vaqtda 19 yoshga kirgan edi. Kechagina Shayx Nuriddin domiga tushib, undan eson-omon qutulgan shahzoda uchun bu mislsiz inoyat edi.

Muhammad Jahongir Mirzo bir muddat Xorazmda bo’lganligini 1417 yil voqealari mundarijasidan bilish mumkin. 1417 yilning may oyida Mirzo Ulug’bek Samarqanddan Hirotga keladi. Uni kutib olishga onasi Gavharshod Og’o, Boysung’ur Mirzo, Muhammad Jahongir Mirzo, Muhammad Jo’tiy Mirzo va boshqa shahzodalar va ulug’ amirlar peshvoz chiqdilar. “Matlai sa’dayn va majmai bahrayn”da aytilishicha, shu tashrif chog’ida, Mirzo Ulug’bek 1417 yilning 18 mayida “Xorazmdan kelgan Mirzo Muhammad Jahongir va Amir Shohmaliklar sharafiga katta to’y berdi va qolgan amirlarga shohona kiyimlar, yaxshi otlar bilan diljo’ylik ko’rsatadi”.

Muhammad Jahongir Mirzo Shohruh Mirzoning qizi Maryam Begim bilan baxtli hayot kechirgan. Zikr etilayotgan kitobda 1423 yil voqealari naql etilar ekan, shunday satrlarni o’qib, ko’ngil taskin topadi: “Amirzoda Muhammad Jahongir ibn Amirzoda Muhammad Sulton hazrat xoqoni sa’idga (Shohruh Mirzoga) kuyovlik izzati bilan sarafroz bo’lgan edi, bu shahzoda uchun Onhazratning naslidan kelajagi qutli bo’lgur bir o’g’il – Amirzoda Muhammad Sulton vujudga keldi: o’n ikkinchi ramazonda (19 avgust, 1423) uning baxtiyor qadami sharofati jahon oroyish topdi va shavkatli bir to’y tashkil qilinib, olam podshohona iltifotlarga g’arq bo’ldi”.

Amir Temur hayotligida bu sulola xonadonlarida urfga kira boshlagan bir jihatni sezmaslik mumkin emas. Bu – ota-bobolarning ismi shariflarini tug’ilajak farzandlarga qayta qo’yish bo’lib, ulug’ bobokalonlardan Iyjil ismi Sohibqiron farzandlari bolalariga berilgan bo’lsa, otanng nomi bolaga o’tishi ham kuzatiladi. Muhammad Jahongir vafot etgach, Muhammad Sulton o’z o’g’liga otasi ismini beradi. Muhammad Jahongir farzand ko’rganida otasi Muhammad Sulton nomini o’g’liga ism qilib tanlaydi. Bu xonadon chirogíni o’chirmaslik yo’lida qilinayotgan sa’y-harakatlar edi. Ikkinchi, e’tiborni tortadigan tomon, Sohibqiron hayotligi davrida shakllangan, uning vafotidan keyin kuchli davom etgan ichki nikohlar edi, deyish mumkin. Amir Temur davrida farzandlar va nabiralar nikohiga xonlar, amirlar, podshohlar qizlarini kiritish keng amalda bo’lgan bo’lsa, Sohibqiron davlati kuchayib, hokimiyati mustahkamlangan XIV asrning 80-90-yillaridan e’tiboran safdoshlar, ulug’ amirlar xonadonlari bilan qudalashish kuzatilgani singari, aka bilan ukalarning qiz berib, o’g’il uylantirishlari ko’paya beradi. Yuqorida shuni misol sifatida Muhammad Jahongir Mirzo Maryam Sulton Begim to’yi va ularning o’g’il farzan ko’rishlari to’g’risida tarix shahodatini hikoya qildim.

Muhammad Sulton Mirzoning o’g’illari Sa’d Vaqqos va Yahyo Mirzolar haqida manbalarda ma’lumotlar yo’q darajada. Otasi vafot etganda ular 5-6 yoshli bolalar edi. Qizi Og’o Begi (Uga Begi) haqida ham kam narsalar bilamiz. Muhamamd Jahongirdan keyin o’g’il Sa’d Vaqqos bo’lib, u 1397 yilda tug’ilgan. Fasix Xavofiy 1414-1415 yil voqealari haqida gapirganda, Shohruh Mirzoning Qum viloyati va unga tegishli mulklar boshqaruvini Sa’d Vaqqosga in’om etganligini yozadi. Bu paytda Sa’d Vaqqos 17 yoshda bo’lgan. Abdurazzoq Samarqandiy ham shu haqida so’zlar ekan, “Shohruh hazratlari boshqa mulklarni sarishta qilish va qolgan ishlarni tartibga solishga kirishib, Qum mamlakatini shahzoda Sa’d Vaqqosga topshirdi. Bu viloyatdan olinadigan daromadni uning devoni harajati uchun tayin qildi ham otalarcha nasihat eshiklarini uning baxt-saodatli yuziga ochdi”, deydi. Bu so’zlardan oldinroqda aytganim – Shohruh Mirzoning Sohibqirondan keyin ulug’ xonadon sha’ni qo’riqchisi va himoyachisi sifatida faoliyat ko’rsatganini anglash mumkin bo’ladi. Sa’d Vaqqos yosh bo’lgani bois, siyosiy o’yinlarda to’g’ri yo’l topolmay adashadi. Amir Qora Yusuf Shohruh davlatidan Sultoniya qal’asini olish ta’masida yurardi. Buni, hatto Shohruh Mirzodan so’ragan ham edi. Qora Yusuf qal’ani kuch bilan olishga urinadi va bu joyga keladi. Qal’a qutlovi Amir Bistom Jogir u kelishi bilan, o’rniga o’g’lini qo’yib o’zi Qumga, Sa’d Vaqqos oldiga yordam uchun madad so’rab boradi. Amirzoda Sa’d Vaqqos Bistomni qamoqqa oladi va bu haqda Shohruh Mirzoga xabar beradi.

Shohruh Mirzo bu ishdan norozi bo’lib, Ardasher tavochini Qumga yuboradi. Sa’d Vaqqos saroyda qilmishi noxush qarshi olingani sababli, ishlarni endi o’nglay olmayman, degan o’yga boradi-da, Qora Yusuf oldiga Bistomni ha birga olib ketadi. Qora Yusuf shahzodaning o’zidan panoh istab kelganidan g’ururlanib, Amir Bistomni banddan ozod qiladi va Sa’d Vaqqosning navkarlariga Bistomning o’g’li Axiy Farajni qo’shib, Qum shahriga, Sa’d Vaqqosning mol-mulkini olib kelishga yuboradi.

Sa’d Vaqqosning xotini Og’o Begim xuddi ammasi Sulton Baxt Begim singari shijoatli, oqila va o’ktam ayol bo’lib, Amironshoh Mirzoning qizi edi. Qora Yusuf 1408 yilning 21 aprelida Amironshoh Mirzoni Tabriz yaqinida bo’lgan jangda o’ldirgan edi. Temuriylarning azaliy dushmani Qora Yusufning kimligini Og’o Begim yaxshi bilardi. Shuning uchun ham, Qumni tashlab, Qora Yusufdan panoh istagan erining qilmishidan u o’yga botadi va undan ko’ra aqlliroq ekanligini ko’rsatadi. “Nega men otamning qotili huzuriga borishim kerak ekan?” degan qarorga keladi va o’z navkarlarini tayyor holga keltirib qo’yadi. Sa’d Vaqqosning odamlari yetib kelganda, ularning hammasini qo’lga olib, oyoq-qo’llarini bog’lab tashlaydilar. Sa’d Vaqqosni yo’ldan urgan, Qora Yusuf oldiga yetaklab borgan Temur Shayx, Qutlug’ Hoja, Shayx Xasan Zinda va Shayx Ali Zindalarning qatl qildiradi. Ularning boshlarini o’z navkari Sherzod orqali Hirotga, Shohruh Mirzoga yuboradi.

Abdurazzoq Samarqandiy bu voqea tafsilotini yanada chuqurroq keltiradi. “Matlai sa’dayn va majmai bahrayn”da shu xususda shunday deydi: “Bir guruh mufsidlar Mirzo Sa’d Vaqqosga: sen Bistamdek bir peshkashni qo’lingda tutib turibsan, uni olib amir Qora Yusufning dargohiga borishing lozim, u bir umrga sendan mamnun bo’ladi”, dedilar. Soddadil shahzoda yo’ldan ozdiruvchi qavmning so’ziga uchib, Qutlug’hojani Qumda ug’ruq tepasida qoldirdi va Bistamni olib, uch yuzta suvoriy bilan birga isyonkorlik biyoboni-yu xatolik cho’lida gumroh bo’lib, amir Yusuf tomon yuzlandi… Mirzo Sa’d Vaqqos shu yerda yashashga mayl qilib, Amir Qaro Yusuf amir Bistomning o’g’li Ahiy Farajni Qumni borishga tayin qildi. Ahiy Faraj shahzoda Vaqqosning haramini Ozarbayjonga olib kelishi uchun yo’lga chiqib, Qumga yaqinlashdi. Mirzo Sa’d Vaqqosning muhtaram harami Og’o Begi Mirzo Amironshohning qizi bo’lib, oqila va oliy himmat bir xotin edi. Mazkur ahvolni ko’rib, u o’z-o’ziga: “Sa’d Vaqqos xato ish qildi, agar biz u begona mamlakatga tushib qolsak, endi har lahzada unga qasd qilsalar kerak. Shunday bo’lgach, turkmanlar ichida bizning holimiz qanday kechadi? – deb aytdi. U tadbirli, chuqur fikrli va makr-hiylali ayol bo’lganligi tufayli, o’z navkarlarini qurollantirib qo’ydi va, turkmanlar yetib kelgach, ularning hammasini asir qilib oldi-da, Sa’d Vaqqosni dushman tarafiga o’tishga rag’batlantiruvchilardan bo’lgan Temur Shayx, Qutlug’xoja va Shayx Ali Zindalar bilan qo’shib qatlga yetkazdi va u sher xotin u nomardlarning kallasini o’z navkarini Sherzod orqali hazrat xoqoni sa’id (Shohruh Mirzo) huzuriga yuborib, bo’lib o’tgan voqea sharhidan ogoh qildi. Onhazrat uning bu mardonaligi uchun ko’pdan ko’p tahsinlar aytdi. Xoqoni sa’id Sherzodga mehribonchilik ko’rsatdi va Mirzo Rustamning navkari Sher Alini unga hamroh qilib, bir yupanchnoma bilan Qumga jo’natdi”.

Mirzo Sa’d Vaqqos, Abdurazzod Samarqandiy uqtirganidek, “turkmanlarga qo’shilganidek keyin Qum va Koshon mamlakati Hamadongacha fitna-yu tashvish o’chog’iga aylanadi”. Haqiqatda, Rustam, Iskandar Mirzo kabi shahzodalar Sa’d Vaqqosning ketishidan foydalanib, uning turkmanlar bilan bosib ketishidan foydalanib, uning turkmanlar bilan bosib kelishi xavfini vajh qilib, mulkgirlik fitnalarini avj oldiradilar. Ma’lum bo’ladiki, Sa’d Vaqqos qilgan noma’qulchiligidan qaytib Shohruh ostonalariga yaqinlasha olmagan. Shu voqeadan keyin, oradan bir yildan sal ko’proq o’tgach, Sa’d Vaqqos Ozarbayjonda olamdan o’tadi. U 1399 yilda tug’ilgan bo’lib, 18-19 yoshida o’lib ketadi. Siyosiy o’yinlar girdobiga tushgan shahzoda aql langarini qo’lda tutmaganligi tufayli jonini qurbon qiladi. U, oila sha’nini o’ylaganida, ulug’ amakisi va qaynotasi Amironshoh Mirzoning hurmatini qilganida, o’z rafiqasi Og’o Begimning sadoqatini hisobga olgani edi, sulolaning dushmani Qaro Yusuf huzuriga bormagan bo’lardi. Va’s Vaqqos fojiasi buyuk Sohibqiron Amir Temur asoslagan ulug’ saltanatdan darslar ketib, oila sha’nida ham puturga yo’l qo’yila boshlaganidan bird arak edi.

Muhammad Jahongir Mirzo avlodlari, xonadoni, xotinlari, o’g’il-qizlari ekanman, tarixiy asarlarni sinchiklab, bir-biriga qiyoslab o’qishning xosiyati boshqacha ekanligiga yana bir karra amin bo’ldim. Muhammad Jahongir Mirzoning Kayxusrav Xuttaloniyning qizi Ruqiya Xonikaga juda erta uylanganligini, bu to’y ramziyroq tusda bo’lganmi, degan andishaga borganligimni esga olar ekanman, Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlai sa’dayi va majmai bahrayn” kitobida 1405-1406 yil voqealari tafsilotida, “Mahdi ulyo Ruqiya Xonikaning Samarqanddami yoki Keshda yashab turganligi (Movarounnahr) tilga olinganligi e’tiborimdan chetda qolganligidan hijil bo’ldim. Muhammad Jahongir Mirzo vafotidan keyin ham Ruqiya Xonika Temuriylar saroyida, kelin sifatida obro’-e’tiborda yashagan. U Muhammad Sultonning qizi, nabirasi Og’o Begini (Uga Begi) tarbiya qiladi. Ruqiya Xonika 1406 yilda Shohruh Mirzo huzuriga Og’o Begini olib keladi. Og’o Begi Shohruh Mirzoning o’g’li Ulug’bek Mirzoga uzatiladi. Og’o Begidan Xonzoda Begim degan qiz tug’iladi.

Muhamamd Sultonning kenja o’g’li, 1400 yilda tug’ilgan Yahyo Mirzo haqida tarixlardan biror ishora uchratmadim. Muhammad Jahongir Mirzo 1433 yilning 25 iyunida vafot etadi. Maryam Sulton Beka esa 1441 yilning 14 iyunida hayot bilan vidolashadi. Muhammad Sultonning qizi Og’o Begim (Ulug’bek Mirzoning xotini) 1419 yil 3 fevralda olamdan ko’z yumadi. Hayot ravishi shunday edi. Sohibqiron Amir Temurning farzandi Muhamamd Jahongir Mirzo tarmog’i oilaviy hayoti lavhalari kishini vefarq qoldirmaydi. Hokimiyat, kurashlar, farzandlar, kutilmagan o’limlar… Hayot, sen qanday maqomda bo’lma, shiddat bilan davom etadi, bir soniya to’xtab qolmaydi. 1434 yilda Jahongir Mirzo oilaviy shoxobchisidan evra Muhammad Sultonning Shohruh Mirzoning Ruqiya Sulton degan qiziga uylanish to’yi bo’lib o’tadi. Sohibqiron davlati poydor ekan, oila sha’ni, udumlari, an’analari bardavom bo’ladi.

Добавить комментарий