O’ZLASHTIRISH

O’ZLASHTIRISH (pedagogikada) — o’quvchi yoki talabalar egallagan bilim, ko’nikma va malakalarning to’laligi, chuqurligi, ongliligi hamda mustahkamligi darajasini anglatuvchi pedagogik tushuncha. O’zbekistonda O’zlashtirishning daraja va ko’rsatkichlari o’quvchi yoki talabalarga ta’lim davlat Standartlari va o’quv dasturlarida belgilab qo’yilgan talablardan kelib chiqib, Reyting ballari hamda besh balli baho tarzida belgilanadi. Umumta’lim maktablarida O’zlashtirish choraklik, yarim yillik va yillik tarzida farklanadi. Oliy o’quv yurtlarida O’zlashtirish o’quv semestrlari miqyosida aniqlanadi. O’zlashtirishning ko’tarilganligi yoki pasayganligini aniqlashda oraliq muddat, muayyan vaziyatdan kelib chiqib, erkin belgilanishi mumkin. Bunday hollarda bir yoki bir necha o’quvchining, muayyan sinfdagi o’quvchilarning, maktab, tuman yoki viloyat maktablaridagi barcha o’quvchilarning belgilangan ixtiyoriy bir davriy oraliq (bir chorak, bir o’quv yili, bir necha o’quv yili)dagi O’zlashtirishi aniqlanishi mumkin. O’quvchilarning O’zlashtirishini bir o’quv fani bo’yicha aniqlash mumkin bo’lganidek, bir necha yoxud respublika talaba tanlov markazida qilinayotgani kabi barcha o’quv fanlari bo’yicha ham aniqlash mumkin. Yuqori O’zlashtirishga erishish milliy pedagogik amaliyot oldida turgan eng muhim vazifalardandir. Chunki o’quvchi va talabalarning intellektual rivojlanishi hamda kasbiy tayyorgarligi ularning O’zlashtirish darajalariga bevosita bog’liq. O’zlashtirishni yuksaltirish uchun ta’lim jarayonini o’quvchi hamda talabalarning yosh va psixologik xususiyatlariga muvofiq uyushtirish, ilg’or pedagogik texnologiyalardan keng foydalanish, ilm-fanning so’nggi yutuqlarini qo’llash, o’quvchi yoki talabalarni o’qitish jarayonining faol ishtirokchisiga aylantirish, ularni eng zamonaviy didaktik vositalar bilan ta’minlash lozim bo’ladi.