BAHOIYLIK
BAHOIYLIK, bahoiyya — diniy-siyosiy oqim. 19-asr o’rtalarida Erondagi bobiylik harakatining davomi sifatida Iroqda vujudga kelgan. Asoschisi Bahoullo. U insoniyat uchun yagona din, iqtisodiyot va davlat zarur degan g’oyalarni ilgari suradi. Bahoullo fikricha, mavjud dinlarni yo’qotishning hojati yo’q, ularni qandaydir bir nuqsonsiz ta’limot asosida birlashtirish lozim. Aslida hamma dinlar yaxshi, faqat ularni ortiqcha aqida va urf-odatlardan tozalash kerak. Muhimi — Xudoni sevish kerak, chunki muhabbat taraqqiyotning sharti va koinot qonunidir. 1979 yilda Eronda Islom inqilobidan so’ng bu ta’limotning o’plab rahnamolari qatl etildi. Bahoiylar Osiyoning ba’zi mamlakatlarida ham bor. Bahoiylarning ko’pchiligi Yevropa va Amerikada, asosiy markazlari Germaniya, AQSh, Panamada. Markaziy qarorgohi Xayfa (Isroil) shahrida. O’zbekistonda bahoiylarning ro’yxatdan o’tgan 3 ta jamoasi bor (1998). Ular Toshkent, Samarqand, Navoiy shahahrlaridadir. O’z an’anaviy bayramlarini o’tkazadilar, Xanfa shahriga ziyoratga borib turadilar.