BEZAK SAN’ATI
BEZAK SAN’ATI — san’at turi; inson atrofidagi moddiy muhitni shakllantiradi, badiiy bezash uchun xizmat qiladi, unga estetik va g’oyaviy badiiy mazmun baxsh etadi. Bezak san’ati insonning xizmatidagi buyumlarga bezak bo’lib, shu bilan bir qatorda insonga estetik, g’oyaviy va badiiy ta’sir ko’rsatadi, inson moddiy muhitining kurki, nafosati sifatida namoyon bo’ladi. Asosiy sohalari: me’morlik bilan bevosita bog’liq bo’lgan monumental bezak san’ati, jamoatchilik va ayrim shaxslar ehtiyoji uchun badiiy buyumlar tayyorlash bilan bog’liq bo’lgan amaliy san’at, bayram, tomosha manzaralarini, sayrgohlarni, ekspozitsiyalarni, ko’pchilik e’tiboriga havola qilinadigan stend, vitrinalarni bezash bilan bog’liq bo’lgan bezash san’ati, badiiy loyihalashdan iborat bo’lgan dizayn. Bezak san’atining rivoji juda qadim zamonlardan boshlanib, xalq ijodining muhim sohasiga aylangan. U tasviriy san’at, badiiy hunarmandlik sohalari, badiiy sanoat, shuningdek xalq ustalari, rassomlar, haykaltaroshlar, dizayn ustalari faoliyati bilan uzviy bog’liq ravishda rivojlanadi. Inson juda qadim zamonlardan boshlab o’z moddiy muhitini bezatish ishtiyoqida nafosatga intilgan. Odamlar bo’yniga munchoq, barmog’iga uzuk, qo’liga bilaguzuk taqib o’zini bezatgan, keyinchalik kiyim-kechak, turar joylarini ko’rkamlashtirishga intilgan. Shu tarzda asrlar mobaynida Bezak san’ati. shakllangan (19-asrdan shu nom bilan atalgan). Bezak san’ati mahsulotlari, asarlari binolar, kishilar, ularning moddiy muhitini, turmushda ishlatiladigan narsalarni bezatishga, ko’rkamlashtirishga xizmat qiladi, kishilarning moddiy va ma’naviy qiziqishlarini o’zida mujassamlashtiradi, turli tarixiy davrlarda o’sha davrning badiiy yo’nalishlari, uslublari (roman uslubi, gotika, barokko, klassisizm, romantizm va boshqalar) unga o’z ta’sirini ko’rsatadi. Bezak san’ati namunalari, ayniqsa, monumental Bezak san’ati asarlari ko’pchilikning e’tiborida bo’ladi, u jamiyatniig didi shakllanishida ham muhim rol o’ynaydi. Jamoat, ma’muriy binolar, saroylar, tomosha zallari, restoran, choyxonalarda naqqoshlik, o’ymakorlikdan tashqari tasviriy san’at ko’rinishlari (devoriy rasm, mozaika, haykaltaroshlik asari, vitraj va boshqalar) bezak vazifasini o’tash bilan bir qatorda ma’lum ijtimoiy g’oyalarni qam targ’ib qiladi, ifodalaydi. Jahonning eng yirik san’at arboblari monumental Bezak san’ati bilan ham shug’ullanganlar (Leonardo da Vinchi, Rafael, Mikelanjelo jamoat binolarida, saroylarda o’lmas asarlar qoldirganlar). O’zbekiston hududida qadimdan yirik binolar (saroy va ibodatxonalar, keyinchalik masjid va madrasalar) ga bezak berish san’ati rivojlangan. Xalq ustalari (naqqosh, o’ymakor va boshqalar) Bezak san’ati bilan shug’ullangan. Tuproq qal’a, Varaxsha, Afrosiyob, Bolaliktepa va boshqa yodgorliklar, turli xildagi kulollik, kandakorlik, to’qimachilik kabi amaliy san’at turlarida ana shu san’atning nodir namunalari saqlangan. Amir Temur va Temuriylar davri, undan keyingi davrlarda ham Bezak san’atiga oid nodir yodgorliklar yaratilgan. 20-asrda O’zbekistonda Bezak san’ati yanada rivojlandi: Navoiy va Muqimiy teatrlari binolarining foye va zallari, Toshkent metropoliteni, Xalqlar do’stligi saroyi va boshqa inshootlar bezaklari va boshqalar. Ayniqsa mustaqillikdan so’ng bu san’atning yangi taraqqiyot davri boshlandi. Yangi qurilayotgan me’moriy binolar, madaniy inshootlar (ichki va tashqi tomonlari). Bezak san’atining yutuqlari bilan bunyod etilmoqda, bezak xususiyatlari bo’rttirilgan turli haykal va releflar yaratilmoqda. Ne’mat Abdullayev.