BEZNOITIOZ
BEZNOITIOZ— asosan qoramollar orasida uchraydigan surunkali kechuvchi invazion kasallik. Besnoitia avlodiga mansub sodda jonivorlar qo’zg’atadi. Ko’pincha 6 oylik va undan katta bo’lgan yosh mollar kasallanadi. Kasallik bo’kalar orqali tarqaladi. Teri elastikligi yo’qolib qalinlashadi, juni to’qiladi, terida qontalash yoriqlar paydo bo’ladi, ko’z sklerasining yallig’lanishi, keratit, ko’rish qobiliyatining yo’qolishi kuzatiladi. Klinik belgilarga, gistologik, parazitologik va serologik tekshirish natijalariga ko’ra diagnoz qo’yiladi. Davosi ishlab chiqilmagan. Oldini olish va qarshi kurash: kasallangan hayvonlarni alohida ajratish va yaroqsizga chiqarish, insektisidlar bilan Beznoitioz qo’zg’atuvchisini yo’q qilish, go’ngni biotermik zararsizlantirish, chorvachilik binolarini dezinvaziya qilish. So’yilgan hayvonlar go’shti va boshqa mahsulotlarida Beznoitioz parazitlarining tsistalari topilganda go’sht ozuqa uni tayyorlash uchun ishlatiladi.