BELGIYA

BELGIYA, Belgiya Qirolligi (flamandga Konin Krijk Belgie. Fransuzcha Royaume de Belgique) — G’arbiy Yevropadagi davlat. Shimoliy dengiz sohilida joylashgan. Ma’muriy jihatdan 3 regionga, regionlar viloyat (provintsiya) larga, viloyatlar kommunalarga bo’lingan. Maydoni 30,528 ming kilometr kvadrat. Aholisi 10 million 113 ming kishi (1996). Poytaxti — Bryussel shahri. Davlat tuzumi. Belgiya — konstitutsiyaviy monarxiya. Amaldagi Konstitutsiya 1831 yilda qabul qilingan va o’sha paytdan beri bir necha bor (oxirgi marta 1993 yil) tuzatishlar kiritilgan. Davlat boshlig’i — qirol, uning hokimiyati cheklangan. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni qirol va parlament amalga oshiradi. Ikki palatali parlament 4 yil muddatga saylanadi. Vakillar palatasi 150 deputatdan va Senat 72 a’zodan iborat. Ijrochi hokimiyatni qirol va u tomonidan tayinlanadigan hamda parlamentga hisobot beradigan hukumat (Vazirlar kengashi) amalga oshiradi, unga bosh vazir boshchilik qiladi. Tabiati. Belgiya hududining ko’pchilik qismi pasttekislikdan iborat bo’lib, shimoli g’arbdan Janubi sharqqa tomon ko’tarila boradi. Eng baland nuqtasi — Botranj cho’qqisi (694 metr). Sohil yaqinidagi qum uyumlari va dambalar serhosil ekinzorlarni dengiz suvidan himoya qiladi. Foydali qazilmalari: toshko’mir, qurilish materiallari, jumladan marmar, kam miqdorda temir va polimetall rudalar, surma. Iqlimi — mo’tadil, dengiz iqlimi. Yanvarda o’rtacha temperatura 3°, 4°, iyulda 18°, 19°. Yillik yog’in miqdori 700 — 1500 millimetr. Yirik daryolari: Maas. Shelda. Izer; ular bir biri bilan kanallar orqali tutashtirilgan. Tuprog’i shimolda asosan qo’ng’ir o’rmon; janubda podzol va qo’ng’ir. Belgiya maydonining 18,7% ga yaqini o’rmon, ko’proq dub va Buk daraxtlari bilan qoplangan. Ardenn tog’larida milliy bog’ bor. Yovvoyi hayvonlardan bug’u. to’ng’iz, o’rmon mushugi, o’rmon suvsari, tovushqon va boshqalar yashaydi. Olmaxon, dala sichqoni kabi kemiruvchilar, qirg’ovul, kaklik, o’rmon loyxo’ragi kabi ovlanadigan qushlar bor. Aholisi milliy tarkibi jihatidan 2 asosiy guruhga: flamandlar (58%) va vallonlar (32.5%)ga bo’linadi. Belgiyada 1 millionga yaqin ajnabiylar — italyanlar, ispanlar, frantsuzlar, greklar, gollandlar, marokashliklar, turklar va boshqalar ham bor. Aholining 96,5% shaharlarda yashaydi. Rasmiy tili — frantsuz, niderland va nemis tili. Dindorlarning aksariyati katoliklar. Yirik shaharlari: Bryussel, Antverpen, Lej, Rent, Sharlerua. Tarixi. Qadim zamonlarda Belgiyada belglarning kelt qabilasi yashagan (mamlakat nomi shundap kelib chiqqan). Miloddan avvalgi 57 yilda Yuliy Tsezar mamlakatni bosib olib, Rim imperiyasi tarkibiga qo’shgan. 3-asrda Belgiyaga germanlarning Frank va Friz qabilalari bostirib keldilar. Franklar belglarning bir qismini qirib tashlab, boshqa bir qismi bilan birikib kstganlar. 5 — 9-asrlarda Belgiya Frank davlati tarkibida bo’lgan. 843 yil Frank davlati parchalanib ketgach, Verden shartnomasiga ko’ra, Belgiya 2 qismga bo’lindi: g’arbiy qismi Fransiyaga, Sharqiy qismi Lotaringiyaga qo’shib yuborildi. 13 — 14-asrlarda Belgiya Angliya bilan Frantsiya o’rtasidagi shiddatli kurash maydoni bo’ldi. 14-asr oxiri va 15-asrda Belgiya Burgundiya gersoglarining mulkiga aylandi, 1477 yildan Gabsburglar hukmronligida, 1555 yildan Ispaniya tarkibida bo’ldi. 1713 yil Utrext sulhiga binoan yana Gabsburglar imperiyasi tarkibiga kirdi. 1789 — 90 yillar burjua inqilobi natijasida avstriyaliklar hukmronligi tugatildi, 1790 yil 11 yanvarda Belgiya Qo’shma Shtatlari davlati e’lon qilindi, biroq 1791 yilda Avstriya yana mamlakatni qo’lga oldi. 1795 yilda Frantsiyaga qo’shib olindi. Napoleon I imperiyasi tugagach, 1815 yil Belgiya hududi Niderlandiya tarkibiga qo’shildi. 1830 yil inqilobi tufayli Belgiya mustaqillikka erishdi. 20-asr boshlarida Belgiya yuksak darajada rivojlangan sanoat mamlakatiga aylandi. 1 jahon urushi davrida Belgiyaning betarafligiga qaramay, Germaniya qo’shinlari uni bosib oldi. 2-jahon urushi yillarida esa gitlerchilar bosqini azobini tortdi (1940 — 44). 1944 yil sentabrda Belgiya bosqinchilardan xalos bo’ldi. Belgiya — 1945 yildan BMT, 1949 yildan NATO a’zosi (1967 yildan Belgiyada NATO qarorgohi joylashgan). O’zbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini 1992 yil martda o’rnatgan. Milliy bayramlari: 21 iyul — Qirol Leopold I ning Konstitutsiyasi sodiqligi haqida qasamyod qilgan kupi (1831) va 15 noyabr — Qirol sulolasi kupi (1866). Asosiy siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Xristian xalq partiyasi, 1969 yilda tuzilgan; Sotsialistik partiya, 1978 yilda tashkil etilgan; «Agalev» — flamand ekologlari partiyasi, 1982 yilda tuzilgan; frankofonlar demokratik partiyasi, 1964 yilda tashkil etilgan. Xristian kasaba uyushmalar konfederatsiyasi, 1912 yilda tuzilgan; Belgiya umummehnat federatsiyasi, 1945 yilda tuzilgan. Xo’jaligi. Belgiya dunyodagi eng rivojlangan mamlakatlar guruhiga kiradi. Sanoatida mahsulotning texnikaviy darajasi yuksakligi jahon bozorida uning raqobatbardoshligini ta’minlaydi. Sanoatda yangi texnologiyalarni joriy etishga, eksportni rag’batlantirishga, kichik va o’rta korxonalarni qo’llab-quvvatlashga, xorijiy sarmoyani jalb etishga alohida e’tibor beriladi. Metallsozlik, mashinasozlik, ayniqsa avtomobilsozlik (yiliga 1 milliondan ortiq avtomobil ishlab chiqariladi), kimyo, elektrotexnika, elektron, binokorlik materiallari, to’qimachilik, oziq-ovqat, yog’ochsozlik, zargarlik (olmos qirralash) eng rivojlangan sanoat tarmoqlaridir. Qishloq xo’jaligida mehnatga layoqatli aholining atigi 3% shug’ullanadi (har bir dehqon 80 kishini boqadi). O’rta va mayda fermer xo’jaliklari (90 mingta) qishloq xo’jaligining asosini tashkil etadi, bir xo’jalikning o’rtacha yer maydoni — 15 gektar. Yetakchi tarmoq — chorvachilik, u butun qishloq xo’jalik mahsulotining 70% ini beradi. Asosiy qishloq xo’jalik ekinlari — bug’doy, arpa, sabzavot. Ko’pchilik mahsulot turlari bo’yicha qishloq xo’jalik ishlab chiqarishi ichki ehtiyojni 1,5 — 2 barobar ortig’i bilan ta’minlaydi. Yetishtirilgan sabzavotning 80% i chetga chiqariladi; Romen salati dunyoning 40 mamlakatiga sotiladi. Chetga chiqariladigan qishloq xo’jalik mahsulotlari ichida g’alla va meva asosiy o’rinni oladi. Kartoshka, qand lavlagi va boshqalar ham yetishtiriladi. Transporti. Belgiya muhim savdo va aloqa yullari chorrahasida joylashgan. U temir yo’l (3479 kilometr) va avtomobil yo’llari (14421 kilometr) tarmogining zichligi jihatidan dunyoda birinchi o’rinda turadi. 1,7 ming Lokomotiv, 1,8 ming yo’lovchi tashiydigan va 27,3 ming yuk vagoni. 3,87 million yengil va 343 ming yuk avtomobili bor. Belgiya hududidan 1500 kilometr uzunlikdagi ikki daryo — Maas va Lis oqib o’tadi, ularning yarmisida kemalar qatnaydi. Dengiz savdo flotida 69 kema bor. Asosiy portlari: Antverpen (dunyoda to’rtinchi, Yevropada ikkinchi o’rinda turadi, yillik aylanmasi 95 million tonna), Bryuggezebryugge, Gent, Ostende. Ichki suv yo’llarining uzunligi 1515 kilometr. «Sabena» milliy aviakompaniyasi 70 dan ko’proq xalqaro aviayo’nalishga xizmat qiladi. Bryussel yaqinidagi «Zaventem» aeroporti to’rt qit’adagi deyarli barcha mamlakatlar poytaxtlari bilan bog’langan. Chetga avtomobil, to’qimachilik, oziq-ovqat, kimyo, metallurgiya sanoati mahsulotlari, dori-darmon, qora va rangli metallar, qimmatbaho toshlar, asosan brilliant chiqariladi. Chetdan asosan mineral mahsulotlar, neft, ruda, paxta tolasi, jun keltiriladi. Tashqi savdodagi asosiy mijozlari — Germaniya, Frantsiya, Niderlandiya, Buyuk Britaniya. Pul birligi — Belgiya franki. Maorifi, ilmiy va madaniy ma’rnfiy muassasalari. 1988 yildan maorif sohasi Belgiya federatsiyasi sub’yektlari bo’lmish jamoalar ixtiyoriga o’tkazildi. 18 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun ta’lim majburiy va bepul. Davlat va munisipal maktablaridan tashqari ko’pgina katolik va xususiy dunyoviy maktablar ham ishlab turibdi. Oliy o’quv yurtlarida o’qish pulli. Belgiyada 8 universitet bor. Eng yirik universitetlar: Antverpen, Bryussel, Lej, Gent univrsitetlari. Shuningdek, bir necha unt markazlari, institutlar, oliy texnika maktabi ishlaydi. Ilmiy muassasalari: Metallurgiya tadqiqotlari milliy markazi, yadro tadqiqotlari markazi, Qirollik observatoriyasi, 7 akademiya, jumladan Belgiya qirolligi fan, adabiyot va sanat akademiyasi. Bryusselda Milliy kutubxona. Bryussel, Gent, Lej va Lyoven untlarining kutubxonalari, Antverpen va Bryusselda Qirollik nafis san’at muzeylari mavjud. Matbuoti, radioeshittirishi, teleko’rsatuvi. Belgiyada frantsuz, niderland, nemis tillarida 2.3 million nusxada 50 ga yaqin kundalik gazeta va 6 ixtisoslashgan moliya-iqtisodiy nashrlar chiqariladi. Yirik gazetalari: «Belang van Limburg» («Limburg manfaatlari», 1897 yildan), «Gazet van Antverpen» («Antverpen gazetasi», 1891 yildan), «Gazett de Bryussel» («Bryussel gazetasi», 1984 yildan), «Liberte» («Ozodlik», 1991 yildan); jurnallar: «Bon Suare» («Xayrli oqshom», 1922 yil). Belgiya telegraf agentligi 1920 yil tashkil etilgan. Radioeshittirish va teleko’rsatuv frantsuz va niderland tillarida ishlaydi. 2 Markaziy radio va telestudiyadan tashqari 10 viloyat studiyasi bor. Qo’shni mamlakatlarning dasturlari kabel radio va televideniyesi orqali tarqatiladi. Adabiyoti. Belgiya adabiyoti asosan 2 tilda: frantsuz va flamand tillarida rivojlanib kelmoqda. Frantsuz tilidagi adabiyot. Dastlabki yozma yodgorliklar 12-asrda paydo bo’lgan. 14 — 15-asrlarda tarixiy yilnomalar, salib yurishlariga bag’ishlangan rivoyat va qo’shiqlar, qahramonlik dostonlari, roman va novellalar yaratildi. Uyg’onish davrida gumanist J. Lemer de Belj, pamfletlar muallifi F. de Markine de Sent Aldegond va boshqalar ijodi ma’lum (15 — 16-asrlar.). 17 — 18-asrlarda frantsuz muhojiri E. Bryoshe de la Krua ijod etdi. B. A. de Valef frantsuz klassisizmi ta’sirida asarlar yaratdi. 18-asrning o’rtalarida K. F. de Neli, O. B. Rene kabi adiblar adabiyotga ma’rifatparvarlik g’oyalarini olib kirdilar. 19-asr boshlarida Belgiyada f.Lebrussarning «Belgiyaliklar» (1810) poemasi, A. van Gasseltning kator she’r va dramachari, A. Sirening «Drok» (1838), «Isoning so’nggi kuni» (1838) kabi to’plamlari keng tarqaldi. Realistik tendentsiyalar 19-asr o’rtalaridan rivojlana boshladi. Sh. de Koster, E. Verxarn, J. Rodenbax realizmning tanikli namoyandalaridir. Shu davr dekadentlik oqimi bilan bog’liq bo’lgan M. Metsrlink ijodi tush kupli k ruhi bilan sug’orilgan. F. Ellens, K. Byurino, A. Eygespars, D. Shaynert kabi adiblar ilg’or goyalarni targ’ib qildilar. Gitlerchilar bosib olgan davrda shoirlardan R. Blik (konslagerda halok bo’lgan), J. Varen, Sh. Muas, D. Shaynert, I. Gassel fashizmga qarshi, vatanparvarlik ruhida she’rlar yozdilar. 50 — 60 yillardagi bir qator asarlarda 2-jahon urushi voqealari tasvirlandi (D. Jilles, D. Shaynert romanlari va boshqa asarlar). Flamand tilidagi adabiyot. Folklor, afsonalar, tarixiy rivoyatlardagina saqlanib qolgan flamand adabiyoti (18-asr boshlarigacha flamand adabiyoti niderland adabiyotining bir qismi edi) 19-asrning 40-yillarida shoir ya. F. Villems boshchiligidagi milliy demokratik harakat matnjasida qaytadan tiklandi. Bu davrda ijtimoiy mavzuda romam yaratish g’arakati avj oldi (F. van Kerkxoven. R. Siiders, A. Bergman kabilar). K. Beysse («Zo’ravonning qonuni». 1893; «Pamel oilasi», 1903). S. Stryovels («Aastodagi hayot va ulnm». 1926; «Yaite Verduur», 1944) flamand dehqonlari hayotini haqqopiy aks ettirdilar. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida dekadentlik oqimi paydo bo’ldi. Uning namoyandalari: X. Teyrlink, F. Timmermans, K. van de Vusteyne, V. Muns kabilar. 2-jahon urushidan so’ng bir guruh yozuvchilar tinchlik va demokratiya uchun kurashdilar. P. van aken «O’liklargina qutulib qola oladilar» (1947) asarida fashizmning kirdikorlarini fosh etdi. G. Valsxap «Kongodagi qo’zg’olon» (1953) romanida mustamlakachilik siyosatini, M. Geysen «Do’stim qotil» (1958) novellasi va boshqa asarlarida amerikacha hayotni tasvirladilar. Shoir B. Brat, adiblardan L. P. Bon, M Deyze ijodi tinchlik va ijtimoiy haqiqat uchun kurash g’oyalari bilan sug’orilgan. Me’morligi. Belgiya hududida o’rta asrlar me’moriy yodgorliklari saqlangan. 11 — 12-asrlarda roman (Lej va Turndagi cherkovlar, Flandriya graflarining Gentdagi qo’rg’onlari), 13 — 14-asrlarda gotika uslubi (Gent, Bryussel va Aitverpendagi soborlar) rivojlandi. 15-asr oxiri — 16-asr boshlarida dunyoviy ruxdagi me’morlik qaror topdi (Bryussel, Kortreyk, Gent, Lyoven ratushalari). Uyg’onish davrsha Belgiya me’morlik san’ati markazlaridan biriga aylandi. 18-asr barokko an’analari qisman saqlansa ham (V. O. Yansens, P. Y. Verxagen) unga Frantsiya va Avstriya orqali klassisizm printsiplari ta’sir etdi (me’morlar: Ya. P. Baursxeydt, L. B. Devez; haykaltaroshlar L. Delvo, J. L. Godsharl, rassom A. Lsns va boshqalar). 19-asrda Belgiyaning milliy me’morligi shakllandi. 19-asr oxirida Belgiya me’morlikdagi «Modern» uslubining vatani bo’lib qoldi. 20-asr boshlaridagi me’morlar hashamdorlikdan voz kechib, qulay va oqilona yechimlarni izladilar. 2-jahon urushidan keyin sanoat va jamoat binolari, ma’muriy imoratlar, yangi uy-joylar zamonaviy talablarga moslab qurildi (X. van Kyoyk, R. Bram, L. Steynsn va b. me’morlar). Tasvnriy san’ati. Belgiyada 11 — 12-asrlarda amaliy bezak san’ati (bronza quymalar, zargarlik), 13 — 14-asrlarda devoriy rassomlik, dastgoh san’ati, haykaltaroshlik va miniatyura rivojlandi. 16-asrda dastgoh rassomligi keng yoyildi (Ya. van EYK, P. Breygel). 17 asrda Belgiyada mustaqil rassomlik maktabi vujudga keldi va 18-asrgacha u flamand maktabi deb ataldi. Uning eng atoqli namoyandalari: P. P. Rubens, A. van Deyk, Ya. Yordane, F. Sneyders, D. Tenirs va boshqalar. 19-asrda portretchi F. J. Navez, manzarachi T. Furmua, grafik va rangtasvirchi F. Rops, J. Enzor, haykaltarosh K. Mene va boshqalar. 20-asrda Belgiyada A. Savereys, R. Magrit, K. Psrmeke, F. Mazerel, P. Polyus kabi rassomlar ijod qildilar. Amaliy bezak san’ati: yog’och o’ymakorligi va miskarlik, kashtachilik va shu kabilar rivojlangan. Musiqasi. Frantsuz, flamand, niderland xalqlarining milliy musiqa an’analari zaminida shakllangan. Niderland maktabining 15 — 16-asrlardagi belgiyalik yirik namoyandalari Ya. Obrext, A. Villart, Josken Depre, Orlando Lasso ko’p ovozli diniy va dunyoviy asarlarning eng yaxshi namunalarini yaratib, Yevropa kompozitorlari ijodiga ta’sir ko’rsatishgan. 17-asrga kelib Belgiya musiqasi o’z peshqadamligini yo’qotdi. 1700 yilda Bryusselda asos solingan «De la Monne» teatrida 18-asr boshlaridan J. B. Lyulli, A. Dstush singari frantsuz kompozitorlarining opera va baletlari, 18-asr oxiridan Belgiya kompozitorlarining operalari qo’yildi. 1830 yilda mustaqil Belgiya davlati barpo bo’lgach, Belgiya musiqasining milliy xususiyati ko’rindi. Flamand shoxobchasinmng Antverpen maktabi tashkil topdi. Uni opera, kantata va simfoniya muallifi P. Benua boshqardi. 19-asrda Sh. Berio, A. Vyotan, E. Izai kabi skripkachi kompozitorlar maydonga chiqdilar. Belgiyada kompozitorlardan J. Absil, R. Defosse, F. Kins, dirijyorlardan F. Andre, D. Defo, skripkachilardan A. Gryumo, K. van Nestelar mashhur. Bryussel, Antverpen, Gentda opera teatrlari, Bryussel, Lej, Gent, Antverpen, Mopeda konservatoriyalar, Bryusselda kontsert jamiyatlari, simfonik orkestrlar, Monsda musiqashunoslik instituti bor. Teatri. Belgiya hududida teatr madaniyati o’rta asrlarda vujudga kelgan. 13 — 15-asrlarda liturgiya, moralite va misteriya (diniy mazmundagi va nasihatgo’ylik) dramalari sahnaga qo’yilardi. 1650 yil Bryusselda yog’och teatr qurildi, u yerda xorijiy truppalar tomosha ko’rsatishardi. «De la Monne» teatri operalardan tashqari dramalarni ham sahnalashtirdi. 1782 yilda qurilgan va keyinchalik «Dyu Park» deb atalgan teatr tsirk tomoshalarini va 1870 yildan dramatik spektakllarni namoyish qildi. 19-asrning 30-yillaridan Belgiya dramaturgiyasi rivojlana boshladi. Gent, Antverpen va boshqa shaharlarda teatrlar ochildi. 1880 — 1900 yillarda Belgiya teatrlariga Sh. Van Lerberg, M. Meterlink, J. Rodenbax, M. Dyuterm kabi dramaturglar katta ta’sir ko’rsatdilar. 20-asrning birinchi yarmida Belgiya teatrlarida G. Van Zip, Sh. Spaak, F. Krommellink, X. Teyrlink, G. Martene kabi dramaturglarling asarlari qo’yildi. Belgiyada «Dyu Park», «De Galeri», «Le rido», «De la Burs», «Qirollik milliy teatri», «Niderlandiya kamer teatri» kabi teatrlar ishlaydi. Qirollik konservatoriyasi huzurida dramatik san’at maktabi bor. Kinosi. 1908 yilda Xarrevelda birinchi kinostudiya tashkil qilindi. 1919 y. «Belgiya kinokompaniyasi». 1922 yil «Belgiya film» kinostudiyasi vujudga keldi. 20-yillarda chet el rejissyorlari boshchiligida 20 ga yaqin film ishlab chiqarildi. Belgiya kinosining «Baliqchi qushlar gavanda jon beradilar» (postanovkachi rejissyorlar R. Ksypers, I. Mixils, R. Verxavert, 1955), «Poyezd soat sayin jo’naydi» (rejissyor A. Kavan, 1962). «Vidolashuv» (rejissyor R. Verxavert, 1966), «Izhori dil» (1968, rejissyor E. Dejelen), «Bredagi uchrashuv» (1971, rejissyor A.Delvo) kabi filmlari diqqatga sazovor. Belgiyaning hujjatli va ilmiy ommabop filmlari badiiy puxtaligi bilan ajralib turadi. O’zbekiston — Belgiya munosabatlari. 1993 yil Belgiya poytaxti Bryussel shahrida uzr elchixonasi ochilgach, ikkala mamlakat o’rtasidagi rasmiy munosabatlar amaliy asosga o’tkazildi. 1996 yil iyunda Belgiya delegatsiyasi O’zbekistonda bo’ldi. Delegatsiya a’zolarining O’zbekiston rahbarlari bilan uchrashuvlari vaqtida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. O’zbekiston va Belgiya ishbilarmonlari vakillarining biznes seminari ham bo’lib o’tdi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimovning 1996 yil 12-14 noyabrda Belgiya qirolligiga qilgan rasmiy tashrifidan so’ng ikkala mamlakat o’rtasidagi munosabatlar yangi pog’onaga ko’tarildi. Tashrif davomida O’zbekiston tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan Belgiyaning «Jeneral» banki o’rtasida kredit bitami imzolandi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan Belgiya bosh vaziri o’rtasida imzolangan qo’shma siyosiy Deklaratsiyada ikkala davlat o’rtasidagi o’zaro manfaatli hamkorlik uchun huquqiy negiz yaratildi. O’zbekiston bilan Belgiya qirolligi o’rtasidagi muzokaralar yakunida ikkiyoqlama soliq to’lamaslik va daromad hamda sarmoyalarga soliq tulashdan bosh tortishning oldini olish to’g’risida Konventsiya, shuningdek havo yo’li to’fisida bitim imzolandi. Mana shular natijasida ikki mamlakat o’rtasida iqtisodiy munosabatlar rivojlana boshladi. Toshkentda Belgiya uch firmasining vakolatxonalari ochildi. Belgiyalik tadbirkorlar bilan birgalikda tuzilgan «Vita», «Assekan LTD», «Tsellyuloza interprayz» qo’shma korxonalari binokorlik materiallari, xalq iste’mol mollari ishlab chiqarish, qishloq xo’jalik xom ashyosini qayta ishlash bilan shug’ullanmoqda. 1996 yildan ikki mamlakat urtasidagi tovar aylanmasi kupaya boshladi. O’zbekiston bilan Belgiya o’rtasida to’qimachilik sanoati, qishloq xo’jalik, qurilish, sayyohlik, bank tarmog’i. yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash kabi sohalarda hamkorlik qilish istiqbollari ochilmoqda. 1994 yilda O’zbekiston delegatsiyasi (uning tarkibida viloyatlar va tumanlarning hokimlari bor edi) Belgiyada bo’ldi. Tashrif chog’ida yengil sanoat sohasida Belgiyaning yuksak texnika va texnologiyaga ega bo’lgan yirik firmalari b-ilan hamkorlik o’rnatish masalalari muhokama qilindi va aniq tadbirlar kelishib olindi. 1997 yil may oyida Belgiya universiteti huzuridagi Yevropa siyosati institutining direktori Lyuven Ketlin Melfli Toshkentga kelganida Uzr Adliya vazirligida mamlakatimiz huquqiy ta’lim muassasalarining faoliyatini yaxshilash maqsadida Yevropadagi bir qancha mamlakatlar hukuqshunos olimlari bilan hamkorlik qilish haqida kelishib olindi.