BELFLYOR
BELFLYOR — kechpishar olma navi. AQShdan keltirilgan. O’zbekistonda 19-asrning oxirlaridan keng tarqala boshlagan. Daraxti o’rtacha o’sadi, keng shox shabbali (18 yillik Belflyorning bo’yi 5 — 7 metr, eni 7,5 — 11 metrga yetadi), odatda, shoxlari yerga osilib tushadi. Guli yirik, oq, erta bahorda gullaydi (aprel boshlari). Mevasi yirik (o’rtacha 150 gramm), chiroyli, shirin. Po’sti yaltiroq, silliq, ko’kish sariq yoki sariq rangda. Ko’plab qoramtir nuqtachalari Belflyorga o’ziga xos ko’rinish bsrib turadi. Eti och sariq, muloyim, sersuv. Tarkibida 14,4% qand, 0,5% kislota, 0,2% kul moddalar bor. Tuprog’i unumdor yerlarda yaxshi o’sadi. Ko’chati ekilganidan keyin 4 yili hosilga kiradi. Belflyor 12 — 35 yoshida uzluksiz va yaxshi hosil beradi, keyinchalik hosildorligi kamayadi. O’zbekistonning tog’li va tog’ oldi rayonlarida (Namangan viloyatida) ko’p ekiladi. Sentabrda terilgan olmalari Fevralgacha yaxshi saqlanadi.