BERIBERI
BERIBERI (Singalcha beri — darmonsizlik), V, avitaminoz, alimentar polinevrit — ovqatda V, vitamin (tiamin) yetishmasligi va uning organizmda o’zlashtirilishi buzilishidan paydo bo’ladigan kasallik. 1910-30 yillarda O’rta Osiyoda, jumladan O’zbekistonda ham qayd qilingan. Bunga nuqul oqlangan (kepaksiz) guruch yeyish sabab bo’lgan. Kasallik sababini Yava orolida ishlab turgan gollandiyalik vrach Eykman 1897 yilda aniqlagan. U tovuqlarni suvda pishirilgan toza oqshoq bilan boqqanda shu kasallik ro’y bergan. Ularni guruch kepagi bilan boqqanda esa tuzalgan. Keyinchalik guruch kepagida V, vitamin borligi aniqlandi. Kasallik asosan Janub, Janubiy Sharqiy va Sharqiy Osiyo mamlakatlarida uchraydi. Bunda kuproq periferik nervlar zararlanib (polinevrit), yurak-tomir sistemasi va ovqat hazmi buziladi. muskullar (ayniqsa oyoq, boldir muskullari) atrofiyasi, shishi kuzatiladi; oyoq muskullari qattiq og’riganligi va shishib ketganligi tufayli bemor tovonini ayab, barmoqlariga va oyoq panjasining tashqi chekkasiga tayanib yuradi. Kasallikning oldini olish uchun kepakli javdar va bug’doy noni, suli yormasidan pishirilgan ovqatlar buyuryladi. Bemorlar V, vitamin preparatlari, achitqi, undirilgan bug’doy va boshqalar bilan davolanadi.